Italiyalik taniqli mutaxassis hozirda teleekspert sifatida ishlayotgan sobiq futbolchi Jeymi Karrager bilan Yurgen Klopp, angliyalik murabbiylar va nima uchun vatandoshlari uni to‘g‘ri tushuna olmasliklari xususida suhbatlashdi.
- Men Italiya qishloqlarining birida, Lambrusko sharbatidan tatigan holda, Arrigo Sakki bilan futbol haqida gaplashib o‘tiribman. Sakki o‘z villasida zukko donishmand rolini ado etmoqda. Dunyoning turli burchaklaridagi murabbiylar undan maslahat olish maqsadida kelib turishadi. 25 yil avval Arsen Venger yo‘qlab kelgandi, ikki hafta muqaddam Tomas Tuxel tashrif buyurdi, - deydi Karrager.
- Suhbatga berilib, vaqt o‘tganini sezmay qolibmiz. Unga nuqta qo‘yganimizda, tun yarmidan o‘tgandi, - deydi Sakki. - Yurgen Klopp tashrifini pandemiya tufayli kechiktirishga to‘g‘ri keldi. Navbatdagi «uik-end»da Sakkining qishlog‘i Fuzinyanoda tashkil etiladigan ko‘rgazmaga Marchello Lippi, Alberto Zakkeroni va Antonio Konte kabi allomalar taklif etilgan.
Men suyukli jamoam «Liverpul» Sakkini o‘zining eng buyuk ustozi sifatida e’tirof etguvchi murabbiyning «MYU»si ustidan ajoyib g‘alabaga erishganidan keyin donishmand huzuriga oshiqdim. Uning bu boradagi fikrini bilish ishtiyoqi menga tinchlik bermay qo‘ygandi:
- Kechagi uchrashuvni («MYU» - «Liverpul» (0:5) bahsi nazarda tutilmoqda) ko‘rdingizmi, Arrigo?
- Bu «Liverpul» - noyob san’at durdonasi. Tarkibida birorta superyulduzi bo‘lmagan fantastik jamoa. Asl jamoa. Unda har bir futbolchi 11 nafar o‘yinchi uchun to‘p suradi. Boshqa jamoalarda hamma o‘zi uchun o‘ynaydi.
- «MYU» xususida qanday fikrdasiz?
- 2014 yilgi JCHda Braziliya telekanallaridan birining vakili o‘z terma jamoasi haqida so‘ragandi. Men jamoani ko‘rmaganligim, shunchaki, maydonda 11 kishilik guruhni kuzatganimni aytdim.
Intervyu paytida hayajonlanib ketaman. Futbol buyuk murabbiylar davrasida shakllanib, rivojlangan. Biroq faqat sanoqli kishilargagina unda abadiy o‘zgarishlarni amalga oshirish nasib etgan. Arrigo Sakki uchun afsonaviy murabbiy maqomining o‘zi kamlik qiladi. U zamonaviy futbolning eng ilg‘or me’morlaridan biri. Ehtimol, so‘nggi 40 yil ichidagi eng nufuzli mutaxassisdir. Yevropa futboliga nazar tashlasangiz, yuksak pressing, ixcham, uyushqoq va yuqori himoya chizig‘iga, Sakkining andozalari bo‘yicha ish yuritadigan murabbiylarga duch kelasiz. Arrigoning 80-yillardagi «Milani» bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
- Futbolda jamoaviy aql-idrok muhim ahamiyatga ega, - deya yakunladi Sakki o‘z g‘oyalarini.
Men esa o‘yin uslubida inqilobni amalga oshirish, Italiya futbolida hukmron bo‘lgan libero pozisiyasidan voz kechib, himoyaviy omillarni takomillashtirish, to‘p uchun kurashni oldingi chiziqda boshlash evaziga uni hujum quroliga aylantirish g‘oyasi qayerdan paydo bo‘lganini tezroq bilishni istardim. O‘z javoblarida Sakki shogirdlarining ustun jihatlariga, jamoa uchun shaxsiy manfaatlardan voz kechishga tayyorliklariga, shuningdek, uning ko‘rsatmalariga to‘liq rioya qilishga intilishlariga urg‘u bergandi. Italiya terma jamoasidagi 5 yillik faoliyatida Sakki 120 nafar futbolchi orasidan ruhiy va jismoniy jihatdan uning talablariga javob beradigan 22 nafarini tanlab olgandi.
- Men doimo futbolchilardan 4 xislatni izlardim: aql, kamtarlik, vazminlik va ishtiyoq. «Milan»ga kelgan paytimda rejamga kirmagan bir o‘yinchi bor edi. Chunki u tun bo‘yi daydib, mashg‘ulot bazasida uyquni urardi. Berluskoni savol berdi: «Xo‘sh, kimni xarid qilishimiz kerak? Men hech kim kerak emasligini, uning o‘rinbosaridan foydalanishimizni aytdim. U o‘ta kamtarin va bilimga chanqoq yigitcha edi. Alessandro Kostakurtaning aytishicha, bir paytlar meni bir oydan keyin murabbiylikdan chetlatishadi, deb o‘ylagan ekan. O‘yinchining ta’rif-tavsifi va ruhiyati men uchun muhim ahamiyatga ega edi. Daniele Massaro ajoyib texnika sohibi bo‘lsada, avvaliga ishtiyoqi pastroq edi. Shu sababli o‘qishga majbur bo‘ldi. Ruud Gullit nafaqat texnika bobida, balki insoniy fazilati bilan kuchli ta’sir ko‘rsatgandi. Uning tabiati mahorati kabi juda muhim edi. Barcha muvaffaqiyatlarga mashaqqatli mehnat va samarali o‘yin uslubi evaziga erishdik, - deydi Sakki.
Rinus Mixels jamoalari uslubini qunt bilan o‘rgangan italiyalik mutaxassis ularga to‘p bilan va to‘psiz harakatlanish qoidalarini qo‘shish orqali o‘z g‘oyalarini ro‘yobga chiqardi.
- Zamonaviy futbolda bir-biridan 20 yil uzoqda bo‘lgan 3ta buyuk jamoa mavjud: Mixelsning «Ayaksi», mening «Milanim» va Pepning «Barselonasi». «Ayaks» o‘zining total futboli bilan ulkan ta’sir o‘tkazdi. Bolalik davrimda Di Stefano, Pushkash va Xentoning «Reali» shaydosi edim. Futbol men uchun doimo shou, tomosha maqomida bo‘lgan. Uning asosiy vazifasi - muxlislar ko‘nglini xushlash, - deydi Sakki.
Sakkining «Milan» bilan erishgan muvaffaqiyati o‘tgan haftada nashrdan chiqqan «Umri boqiylar» kitobi bilan tasdiqlangan. Uning g‘oyalariga futbolchilar va ish beruvchilarning ishonchsizlik bilan qaraganliklari hozir ajablanarli tuyuladi. Futbolchilik faoliyati jarohat tufayli barvaqt nihoyasiga yetgach, Arrigo o‘z qishlog‘ida bolalar jamoasiga ustozlik qila boshladi. Keyin 26 yoshida mahalliy klub murabbiyligini o‘z zimmasiga oldi. Shundan beri murabbiy Italiya futbolidagi noto‘g‘ri qarashlarga qarshi kurashishga intildi.
- Men an’analari, uslubi va o‘zligiga ega jamoa har qanday futbolchidan ustun, degan nuqtai nazarni ilgari surdim. O‘sha davrda hammasi o‘zgacha edi - shaxslar daho maqomida ulug‘lanardi. Futbol doimo mamlakat madaniyati va tarixi ko‘zgusi bo‘lgan. Italiyaning Rim imperiyasidan keyingi tarixi buyuk emasdi - hammaga oyoqosti bo‘ladigan va hammadan qochadigan. Men bitta gol urib olib, keyin minimal g‘alabani ushlab qolishga intiladigan jamoani emas, birinchi raqam ostida va ajoyib uslubda o‘ynaydigan jamoani shakllantirish mumkin, deb hisoblardim. Ruhiyat doimo muhim bo‘lgan.
Men hujum qila olmasligimizga ishonmasdim va himoyalanishdan ko‘ra, hujum qilish afzalroq ekanligiga amin edim. To‘pga egalik qilish orqali hamma narsaga erishish mumkin. To‘pni raqib darvozasiga qanchalik yaqin hududda tortib olsangiz, gol urish imkoniyatingiz shunchalik ko‘proq bo‘ladi. Avvalida g‘oyalarimga ishonchim komil bo‘lmasada, ishlashda davom etdim. Doimo aqlli kishilar bilan ishlashga intilardim. Chunki ularni g‘oya bilan tanishtirsam, o‘zlari rivojlantira olardilar. Keyin jarayon ishboshisiga aylanishardi.
«Milan» boshqaruviga kelganimda (1987 yil), Italiyaning yetakchi gazetalaridan biri shunday yozgandi: «Ertaga «Milan»ni «janob hech kim» qabul qiladi». Ular 14 yillik mehnatimni nazar-pisand qilmadilar. Men sovrinlarni qo‘lga kiritdim, biror marta bo‘lsada, iste’foga chiqarilmadim. Franko Barezi davrida o‘yinchilar o‘zgarishlarga yomon munosabatda bo‘lishmadi, ammo shubha-gumondan xoli emasdilar. Bu muammo butun faoliyatimda meni ta’qib etdi. 4-divizionda avval «A» seriyada o‘ynagan tengdoshim to‘p surardi. Bir kuni men kiyinish xonasidan chiqib, uning jamoadoshlariga aytgan gapini eshitib qoldim: «Bu yigit yo daho yoki telba».
Hatto debyut mavsumidagi chempionlikdan keyin ham, Sakkining haq ekanligini tan olishga ko‘pchilik tayyor emasdi.
- Bir kuni rafiqam bilan restoranda kechki tamaddi uchun o‘tirgandik. Ertasiga «Napoli»ga qarshi o‘yin bor edi. Qo‘shni stolda o‘tirgan italiyalik taniqli jurnalist Janni Brera menga yuzlanib, Maradonaga qarshi kimni tushirishimni so‘radi. Futbolga qiziqmaydigan, o‘yinlarni tomosha qilmaydigan rafiqam savol berdi: «Nima, siz hududiy himoyadan foydalanmaysizmi?» Men ayolimga javob qaytardim: «Yoki biz bu ishni noto‘g‘ri qilyapmiz yoki bu yigit hech narsani tushunmaydi».
1988 yilda «Milan» YECHK g‘olibligi sari otlanganida, «San-Siro» murabbiylarning keyingi avlodi uchun ilg‘or futbol maktabi maqomini olgandi.
- Bunga qadar jamoaning o‘sha o‘yinchilaridan birortasi hatto chorak finalga ham chiqa olmagandi. Biz yarim finalda «Bavariya» bilan kuch sinashib, uyda 1:0 hisobida zafar quchdik. Javob uchrashuviga Gullit, Donadoni va Anchelottilarsiz yo‘l olgan bo‘lsakda, tanaffusga qadar 11ta aniq zarba yo‘lladik. «Bavariya» esa bor-yo‘g‘i bitta. O‘sha o‘yinda hujum qilish himoyalanishdan afzal va yuqori pressing dahshatli qurol ekanligini hamma tushunib yetdi, deb o‘ylayman.
Shundan keyin italiyalik murabbiy uslubiga qiziqish kuchayib, uni turli mamlakatlarga taklif eta boshladilar.
- Bir paytlari Angliya futbol assosiasiyasi meni tumanli o‘lkaga taklif etib, «Milan»dagi faoliyatimga oid savollarga ko‘mib tashlagandi. Keyinchalik jamoamiz mashg‘ulotiga fransiyalik murabbiylar - Jerar UlYE, Luis Fernandes va Arsen Vengerlar tashrif buyurdilar. Ular shu paytgacha bunchalik ko‘p ishlaydigan jamoani ko‘rmaganliklarini aytishgandi.
- Sizning metodlaringiz qayerda yaxshiroq tatbiq etilmoqda?
- Eng yaxshi murabbiylar hozir Angliyada ishlamoqdalar. Pep va Klopp - futbolni olg‘a eltayotgan buyuklar. Shunaqa mutaxassislar bo‘lmasa, futbol halok bo‘ladi. «Liverpul»ning «Barselona» bilan o‘yinini tomosha qilib, ehtiroslarimni jilovlay olmadim. Axir faqat jamoa emas, butun shahar g‘alaba qozondi. Keyingi hayotimda Angliyada murabbiy bo‘lishni istayman. Angliyadagi muxlislarning futbol intellekti doimo o‘zgacha bo‘lgan. Biroq meni klublar shunday zakovatdan yiroq Amerika va Yaqin Sharq vakillari tasarrufiga o‘tib ketayotgani xavotirga solmoqda.
Arrigo Sakkini afsuslanishga majbur etayotgan jihat shuki, uning g‘oyalari dunyoning turli burchaklarida muvaffaqiyat bilan tatbiq etilayotgan bo‘lsada, «A» seriyadagi o‘zgarishlar sezilarli emas.
- «Milan» saboqlari hamma joyda qunt bilan o‘rganilib, rivojlantirildi. Faqat Italiyadan boshqa mamlakatlarda. Ha, afsuski, oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q.
MUHAMMADSODIQ tayyorladi