Hammamizga ma’lum, futbol, tennis, voleybol va shu kabi sport turlarida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish o‘ta ahamiyatli sanaladi. Bu o‘yinlar orqali inson o‘z jismoniy holati va salomatligiga ijobiy ta’sir o‘tkaza oladi. Futbol dunyosida ham salomatlik muhim omil hisoblanadi. Ayniqsa, Yevropa futbolida sog‘likka jiddiy e’tibor berishadi. “Ko‘hna qit’a“da turli xil parhezlar, turfa xil ovqatlanish rasionlari tuzib chiqiladi va unga qat’iy amal qilish shart. Shu qoida tufayli ular sportchilarning jismoniy holatini barqaror ushlab turishni maqsad qiladilar. Shu sabab hozir biz to‘g‘ri ovqatlanishga jiddiy e’tibor qaratuvchi Angliya Premyer Ligasi murabbiylari haqida so‘z yuritishga qaror qildik.
Pep Gvardiola
“Barselona“ va “Bavariya“ bilan katta natijalarga erishgan ispaniyalik mutaxassis Manchesterga kelgach, birinchi bo‘lib klubda nazoratni o‘z qo‘liga olishni istadi. Transferlar masalasi, taktik ishlanmalar va ovqatlanish me’yoriga ham qat’iy qoidalar joriy etdi. Uning jamoasi mag‘lubiyatga uchrasa, muammo o‘zida emasligini Pep yaxshi bilardi. Chunki u maksimalist inson va bu toifadagi shaxslar odatda, o‘z xatolarini tan olgisi kelmaydi.
U klubning muvaffaqiyatsizliklariga asosiy sabab deya futbolchilarning noto‘g‘ri ovqatlanishini ko‘rsatdi va buni darhol me’yoriga keltirish uchun harakat boshladi. Dastlab shokolad kun tartibidan chiqarildi. Keyin pissa menyudan o‘chirildi. Shu tariqa klubda hammasiga tartibga kela boshladi.
E’tiborlisi, shundan so‘ng Xosep “Shaxarliklar“ bilan 3ta APL chempionligi, 4ta Liga kubogi va 1ta Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. Xo‘sh, kim bu sovrinlar yutilganidan keyin ham Gvardiolaning cheklovlari foydasiz bo‘ldi deya oladi?!
Klaudio Ranyeri
2015/16-yilgi mavsumda unutilmas chempionlikni qo‘lga kiritgan Ranyeri “Lester“da antiqa usul joriy etgandi. U har o‘yindan keyin shogirdlarini mazali taomlar bilan mehmon qilardi. Ba’zida pissa, ba’zida tovuqli burgerlar iste’mol qilinsa, gohida mayda kartoshka bo‘laklari yoki pasta tanovul qilinardi. Bu mehmondorchilik orqali Klaudio jamoadagi muhitni yuqori darajada ushlab tura olgan. Shuningdek, futbolchilarni o‘zi xohlagandek jismoniy holatga keltirishga harakat qilgan. Ya’ni u qo‘l ostidagilarni o‘z qoidalariga rioya qildiribgina qolmay, ularni rag‘batlantirishning-da yo‘lini topa bilgan.
O‘sha mavsumdagi ertakning yozilishida italyan mutaxassisining naqadar katta ulushi borligiga yuqoridagi ma’lumotlar to‘la asos bo‘ladi, bizningcha.
Arsen Venger
Fransiyalik murabbiyni ingliz futbolida katta inqiloblarga sababchi bo‘lgan shaxs deya ta’riflasak bo‘ladi. U 1996-yilda “Arsenal“ futbolchilariga alkogol, tamaki va Mars shokoladlarini ta’qiqlagan. Venger guruch, qaynatilgan sabzavotlar, baliq va tovuq mahsulotlarini afzal ko‘rardi. Bunga uning Yaponiyada ishlab kelgani sabab bo‘lsa kerak. Asosiysi, u ishlab chiqqan parhez dasturida yog‘ va shakarga joy topilmasdi. Futbolchilar ham uning kelganidan so‘ng qilgan ishlarini e’tirof etarkan, u juda qattiqqo‘l va qat’iyatli shaxs ekanligini aytishdan charchashmaydi. Aynan mana shu jihatlari bilan Arsen “Arsenal“da 20 yildan ko‘proq ishlashga muvaffaq bo‘ldi. Uning nomi klub nomidan ajratib bo‘lmaydigan darajaga yetgandi. Ammo har narsaning ibtidosi bo‘lganidek, har narsaning intihosi ham mavjud. Bu Arsen Vengerni ham chetlab o‘tmadi.
Yurgen Klopp
Qoidalar va tartib deganda ushbu nemis mutaxassisini yoddan chiqarish aslo mumkin emas. Shijoatli va serg‘ayrat Yurgen Kloppning muvaffaqiyatlari faqatgina aqliy yoki ruhiy ishlanmalarga bog‘liq deb o‘ylovchilar qattiq yanglishadilar. U “Liverpul“da ham, “Borussiya“da ham jamoasi uchun alohida tartib-intizom joriy etgandi. Xoh mashg‘ulotlarda bo‘lsin, xoh o‘yin jarayonida ushbu mutaxassis intizomga amal qilinishi shart deb hisoblaydi. Kloppning ovqatlanish dasturida eng ajablanarli joyi bu o‘yindan oldin tuxum yeyish ta’qiqlangani bo‘lsa kerak. Uning aytishicha, tuxum tarkibidagi oqsil va yog‘ni hazm qilish futbolchilardan ko‘p vaqt talab qiladi.
Antonio Konte
Italiyalik kouchni ham tartib-qoidalarga juda o‘chligi bilan alohida ajratib ko‘rsatish mumkin. Uning nozik xarakteri, injiq tabiati va qattiqqo‘l mexanizm yaratish istagida ekanligi tufayli katta klublarda uzoq faoliyat olib bora olmaydi. Ayniqsa, uning qo‘l ostidagi o‘yinchilar har ishini reja bilan qilishga majbur. Kontening gaplariga kirmagan futbolchilar yoki katta jarimaga tortiladi yoki umuman maydondan uzoqlashtiriladi. Uning diyeta bo‘yicha amal qiladiganlari ham futbolchilar uchun jiddiy sinov. Masalan, u ketchup, mayonez, sariyog‘ va sendvichlarni har qanaqasiga rad etadi. Shuningdek, pissa va gazli ichimliklar ham mumkin emas. “Bu mahsulotlar futbolchilarning yengil harakatlanishiga halaqit beradi va ular shu tariqa kurashuvchanlik qobiliyatini yo‘qotib borishadi“ – deb hisoblaydi “Tottenxem“ bosh murabbiyi.
Qoidalardan Antonioning qanday shaxsiyatga ega ekanligi ko‘rinib turibdi. U muvaffaqiyatga erishish yo‘lida har nima qilishga tayyor inson. Konte – haqiqiy italyancha xarakter egasi.
Hamma joyda bo‘lganidek, futbolda ham g‘alaba qozonishni istaganlar aniq va tartibli yo‘llardan yurishi kerak. Reja bilan ish ko‘rish har doim ijobiy natijaga sabab bo‘ladi. Foydasi tegsa tegadiyu, ammo aslo zarari tegmaydi. Shunday ekan, yuqoridagi murabbiylar singari siz ham muvaffaqiyatingiz uchun qat’iyatliroq bo‘ling. Nimagadir erishmoqchi bo‘lsangiz, nimadandir voz kechishga majbursiz. Futbolda ham, hayotda ham bilishingiz kerak bo‘lgan eng muhimi shu.