«Chelsi» bosh murabbiylik postiga Tomas Tuxel kelgach, jamoa himoyasi haqida alohida to‘xtalib o‘tilmoqda, mutaxassislar tomonidan chuqur tahlil qilinmoqda. Biroq jamoada ayni dam yuqori stabillikni ta’minlab berayotgan ushbu 4 himoyachining birortasi bilan yangi shartnoma borasida kelishuvga erishilgani yo‘q.
Darhaqiqat, «Chelsi» joriy mavsum Premyer-ligada o‘zining eng zo‘r mavsumlaridan birini o‘tkazmoqda. Jamoa ortda qolgan 15 turda atigi 9 ta gol o‘tkazib yubordi xolos. Ammo bu yerda Tomas Tuxel o‘ylashi kerak bo‘lgan omillar bisyor. Hozirda rahbariyat va himoyachilar o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan. Mavsum oxiriga kelib klubning jami to‘rt asosiy himoyachilari - Antonio Ryudiger, Tiago Silva, Sezar Aspilikueta va Andreas Kristensen bilan tuzilgan bitimlar o‘z yakuniga yetadi.
Yanvardayoq yuqoridagi futbolchilar boshqa klubga o‘tish uchun dastlabki shartnomalarni imzolash huquqiga ega. Va hozircha rahbariyat hech qaysi himoyachi bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha kelisha olmagan. Ryudiger ularning ichida boshqa klubga o‘tishga moyilroq bo‘lgan o‘yinchilar sirasiga kiradi. Avgust oyida klub himoyachiga haftasiga 140 000 funt maosh taklif qilgan edi, ammo The Athletic nashri Antonio rahbariyatdan taxminan 200 000 funt sterling talab qilayotgani haqida aytgan edi. Shundan so‘ng muzokaralarga boshqa qaytilmagan. 28 yoshli futbolchi ayni dam haftasiga 90 ming funt ishlab topadi, ammo bu uning ayrim jamoadoshlari, xususan, Verner va Havers olayotgan maoshlarning atigi uchdan bir qismini tashkil etadi.
The Independent nashrining yozishicha, Ryudigerning akasi va agenti Sar Senesi allaqachon «Real» bilan norasmiy kelishuvga erishgan. Shartnoma yanvarda imzolanishi mumkin, ushbu transferning o‘zi esa katta ehtimol yozda amalga oshadi.
Shuningdek, Ryudiger xizmatlariga Myunxenning «Bavariya» klubi ham qiziqish bildirgan. Biroq Antonio uchun kurashda Madrid jamoasi hamon favorit. Qo‘shimcha qilish mumkinki, kichik da’vogarlar orasida «Manchester Yunayted» va «Tottenxem» nomlari ham mavjud. Ammo Ryudiger faoliyatining qolgan qismini ingliz klublarida davom ettirishni istamaydi.
Sky Sports jurnalisti Maks Biyelefeldning xabar berishicha, Antonio aslida «Chelsi»da qolishga qarshi emas: unga hozirgi jamoasi London ancha qulay. Buning ustiga Tuxel bilan ham munosabatlari yomon emas. U Lempardning e’tiborsizligidan so‘ng, Tuxel davrida ancha ochilib o‘ynamoqda. Himoyachining fikriga ko‘ra, uning foydasiga to‘g‘ri kelmaydigan yagona to‘siq rahbariyatning u taklif qilgan shartlarga ko‘nmasligida.
Zero, bugungi Tuxel qurgan «Chelsi»da nemis himoyachisi asosiy figuralardan biri hisoblanadi. Premyer-liganing joriy mavsumida Ryudiger 15 ta o‘yindan 14 tasini asosiy tarkibda boshladi. 90 daqiqa o‘ynadi. O‘yin sifatiga kelsak, birgina golda xatoga yo‘l qo‘ydi xolos. Chempionlar ligasining oltita bahsidan beshtasida to‘liq o‘yin o‘tkazdi. Himoyachi faqat «Zenit» bilan oxirgi tur uchrashuvida maydonga tushmadi. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, Ryudigerning narxi 35 million yevro.
2022 yil yaqinlashgani sari futbolchilarga og‘iz solgan jamoalar o‘z shartlarini jiddiy ayta boshlamoqda. 37 yoshli Silvaga Braziliyadan takliflar bor. 32 yoshli Aspilikueta atrofidagi vaziyat «Barselona» va «Atletiko» jamoalari bilan bog‘liq. 25 yoshli Kristensenga ham «Barsa» va «Milan» qiziqish bildirgan.
Yozda daniyalik bilan «Chelsi» o‘zaro og‘zaki ravishda 4+1 ko‘rinishdagi bitimni uzaytirish borasida kelishib olishgan. Ammo kataloniyaliklarning qiziqishlari Andreasning hozirgi jamoasiga yana bir nechta talablarni qo‘shishga majbur qildi. Shu sababli muzokaralar yana to‘xtab qoldi. Klub bunga javoban himoyachini noyabr oyida uch marta asosiy bahslar oldidan zaxira o‘rindig‘iga mixlab qo‘ydi. Ammo Tuxel ham, futbolchining o‘zi ham shartnomani uzaytirish variantiga qarshi emaslar.
Xuddi shu holat Aspilikuetaga ham aloqador. To‘g‘ri, «Chelsi» 30 yoshdan oshgan futbolchilarni ortiqcha vaqt jamoada olib qola olmaydi. Biroq «aristokratlar»ning haqiqiy ramziga aylangan Sezarga bo‘lgan ishonch jamoaga kelib ketuvchi istalgan murabbiyda yo‘qolib ketmasligi aniq. Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.