Ispaniyaning “Marca” nashri La Liganing ikki yetakchi klubi “Real” va “Barselona” tarixidagi eng yomon transferlar haqida ma’lumot tarqatdi. “Stadion.uz” nashri esa uni sizlarga taqdim etishga qaror qildi.
“Real Madrid” ham, “Barselona” XXI asrning eng omadli klublaridir. Bu haqiqat va buni hech kim inkor qila olmaydi:
Madridliklar va kataloniyaliklar so‘nggi 21 ta Chempionlar ligasining 10 tasida g‘alaba qozonishgan, ammo... “Real Madrid” guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, barcha klublar, xususan “qaymoqranglilar” ham ko‘p xatoga yo‘l qo‘yishgan. Madrid grandining asosiy kamchiligi transfer bozoridagi omadsiz xaridlaridir. “Barsa”ning muvaffaqiyati asosan La Masia tarbiyalanuvchilarining kuchli bilan bog‘liq, ammo, “ko‘k-anorranglilar” ham har doim futbolchi sotib olishda to‘g‘ri qaror qabul qilmaydi.Hozir esa aynan shu haqida.
21-asrning eng yomon transferlaridan tashkil topgan “Barselona” ramziy terma jamoasi
Darvozabon. Rishar Dyutruel (Fransiya).
2000 yilda fransuz “Selta”ni “Barsa”na almashtirishga qaror qildi. Mahoratli kiper vigoliklar safida ajoyib o‘yin namoyish etdi, lekin Rishar “Barselona”da o‘sha o‘yinlarini namoyish eta olmadi: u “Barsa” safidagi ikkinchi o‘yindayoq, qizil kartochka olib, diskvalifikasiya qilindi. Keyingi o‘yinlarini ham omadli deb bo‘lmaydi. Natijada, u 18 yoshli Reynaga raqobatni boy berdi va keyingi mavsumda Bonano va Reynaga yutqazib, umuman o‘yin o‘tkazmadi.
Himoyachilar. Martin Kaseres (Urugvay), Dmitriy Chigrinskiy (Ukraina), Yerri Mina (Kolumbiya), Tomas Vermalen (Belgiya).
Bu himoyachilarning har biriga umid bog‘langan edi, ammo barchasi barbod bo‘ldi. Kaseres “Rekreativo”dagi ajoyib mavsumdan so‘ng, 2008 yilda “Barselona”ga ko‘chib o‘tdi, ammo jarohatlar darhol urugvaylik futbolchiga xalaqit bera boshladi va “Barsa” uning o‘yinidan ko‘ngli to‘lmay, Martinni ijaraga berib yubordi. Chigrinskiy uchun 25 million sarflandi, shundan bir yil o‘tib, Dmitriy “Shaxtyor”ga 15 million evaziga qaytdi. Bu vaqt davomida ukrainalik futbolchi Kataloniya klubi himoyasining keraksiz futbolchisiga aylanib ulgurgandi. Yerri Mina o‘zining buyukligi va ikkinchi qavatdagi ajoyib o‘yinlariga qaramay, “Kamp Nou»” egalari safida o‘ynay olmadi, Vermalen esa jarohatlarga moyil futbolchi ekanligi sababli, “ko‘k-anorranglilar” tarkibida o‘ynay olmadi.
Yarimhimoyachilar. Aleks Song (Kamerun), Andre Gomesh (Portugaliya), Xuan Roman Rikelme (Argentina).
Aleks Song – “Arsenal”dan xarid qilingan yana bir omadsiz transfer. Bir muncha vaqt Aleks jamoa nazarida turdi, ammo ikkinchi mavsumda kamerunlik futboldan “taslim bo‘lgani” ma’lum bo‘ldi, bu uning keyingi faoliyati bilan tasdiqlandi. Gomesh “Valensiya”da ajoyib futbol ko‘rsatdi va “Barselona” portugaliyaliklar uchun kurashda g‘alaba qozondi, ammo “Kamp Nou”ning salobat Andreni biroz cho‘chitib yubordi, chog‘i shunchaki omadsiz o‘ynadi va tez orada muxlislar nazaridan chetda qoldi. Ammo Rikelme noto‘g‘ri vaqtda va noto‘g‘ri joyda edi. Sababi, uning noyob iqtidor sohibi bo‘lgan futbolchi Katalon klubi ustozi Lui van Galga yoqmadi. Natijada...
Hujumchilar. Rikardo Kuarejma (Portugaliya), Filipe Koutinyo (Braziliya), Zlatan Ibragimovich (Shvesiya).
2003 yilda 19 yoshli Kuarejma Manchesterda o‘ynaydigan Krishtianu Ronaldudan yuqoriroq tilga olinar edi. Rikardo “Barsa”ning o‘sha paytdagi murabbisi Frank Raykard bilan mojarodan so‘ng, vataniga qaytishga majbur bo‘ldi. Koutino - 160 million yevrolik futbolchi, transferdan atigi bir yarim yil o‘tgach, “Bavariya”ga ijaraga berib yuborilgan. Bu “Barsa”ning eng omadsiz xaridlaridan biri . Zlatanga kelsak, u “Barselona” uslubiga to‘g‘ri kelmasdi – na futbol jihatdan, na ruhiy jihatdan. Bir mavsum o‘tgach, Ibragimovich Gvardiola va uning jamoasidan hafsalasi pir bo‘ldi va Ispan jamoasi safidan ketishga qaror qildi.
21-asrning eng yomon transferlaridan tashkil topgan “Real Madrid” ramziy terma jamoasi
Darvozabon. Kiko Kasilya (Ispaniya).
U “Real”ga 2015 yilda kelgan va dastlab hatto Navasga raqiblik qilmoqchi edi, lekin u Kosta-Rikaning 1-raqamli kiperiga qarshi chiqa olmadi. Bizningcha, Kiko “Real” tarkibida ikkinchi darvozabon rolini munosib o‘ynadi, ammo “Marsa” hamkasblarimiz “Real”ning yomon transferlari jamoasiga boshqa darvozabon topa olishmagan ko‘rinadi.
Himoyachilar. Danilo (Braziliya), Djonatan Vudgeyt (Angliya), Valter Samuel (Argentina), Teo Ernandes (Ispaniya/Fransiya).
Danilo “Portu”dan “Real”ga o‘tganida, u Dani Karvaxal ustidan g‘alaba qilishi yoki hech bo‘lmaganda “qaymoqranglilar”da ikkita teng o‘ng qanot himoyachisi bo‘lishini tasavvur qilish oson edi. Afsuski, braziliyalikning hafsalasi pir bo‘ldi va jamoadan ketishga qarorga keldi. Vudgeyt 21-asrdagi “qirollik klubi”ning eng yomon transferi bo‘lishi mumkin. Angliyalik futbolchi jarohati sabab debyutini bir yil kutdi. Shuningdek, birinchi o‘yindayoq o‘z darvozasiga gol urib, qizil kartochka oldi, keyin yana bir nechta uchrashuvlarda qatnashdi. Ammo, o‘sha bahlarda ham o‘zini ko‘rsata olmadi va keyin boshqa jamoaga o‘tishga majbur bo‘ldi. Samuel 2004 yilning o‘sha yozida Vudgeyt bilan “Real”ga ko‘chib o‘tdi, lekin ular hech qachon birga o‘ynamagan: argentinalik Madridda “saviyasiz”ligini ko‘rsatdi va Italiyaga qaytdi. Valter A seriyada muvaffaqiyat qozondi va “devor” laqabini oldi. Teo Ernandes bilan ham shunday holat kuzatilgan. U madridliklar safida o‘zini ko‘rsata olmadi va “Milan”da o‘zini ko‘rsata boshladi.
Yarimhimoyachilar. Asyer Ilyarramendi (Ispaniya), Julyen Fober (Fransiya), Nuri Shaxin (Turkiya), Eden Azar (Belgiya)
Ilyarramendi “Real Madrid”ga 23 yoshida kelgan, biroq jamoada o‘z o‘rniga ega bo‘lish uchun mahorat yoki xarakterga ega emas edi. Shu sabab, u tezda chamadonini yig‘ishtirishga harakat tushib qoldi. Julyen Fober –“Barselona”dagi Breytveyt kabi hech qachon Madridda bo‘lmasligi kerak bo‘lgan futbolchi. Fransiyalik futbolchi 2008/09 yilgi mavsum o‘rtalarida “Vest Xem”dan 1,5 million yevro evaziga ijaraga olingan. Futbolchi ikki marta La Ligada o‘yinlarida maydonga tushgan, ammo shartnoma sotib olinmagan.
Nuri Shaxin – Joze Mourinyo qurboni. Dortmundda zo‘r o‘ynagan turkiyalik futbolchiga “Santyago Bernabeu”da imkoniyatga ega bo‘lmadi va bu transfer bilan faoliyatiga jiddiy ta’sir yetkazgan yetkazdi. Azar 2012 yildan 2019 yilgacha Londonning “Chelsi” klubida juda zo‘r faoliyat olib bordi. Shundan so‘ng “Real” futbolchini 115 million yevroga xarid qildi. “Qaymoqranglilar” bu orqali 2018 yilda klubdan ketgan Ronalduning o‘rnini bosishi kerak edi. Ammo, belgiyalik Krishtianu qilgan ishlarning yarmini ham bajara olmadi. Eden hozir ham klub safida, ehtimol jarohatlardan forig‘ bo‘lgan paytda ajoyib o‘yin ko‘rsatar. Kutamiz.
Hujumchilar. Xavyer Saviola (Argentina), Antonio Kassano (Italiya).
Saviola “Barselona”dan erkin agent sifati Madrid klubigda o‘tdi, ammo ikki yil davomida “Santyago Bernabeu”da hech narsa qila olmadi va “Benfika”ga yo‘l oldi. Kassano iqtidorli va juda ko‘p muammolarga ega futbolchi hisoblanadi. U ham Madrid klubi safida o‘ynagan omadsiz futbolchilardan biri hisoblanadi. Yakunda Antonio Fabio Kapello bilan janjallashib qoldi va klubdan ketishga qaror qildi.
Jamshidjon Mahmudov tayyorladi.