“Atletiko” bir necha yillardan beri hujumchilar bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. Bundan tashqari, “matraschilar” ushbu pozisiya uchun katta pul sarflashadi. 2014 yilda “matraschilar” Diyego Kostani “Chelsi”ga 38 millionga sotib, 2018 yilda londonliklarda 60 million yevroga qayta sotib olgan. Natijada futbolchi Madrid klubi safida 3 mavsumda atigi 12 ta gol urdi. 2019 yilning yanvarida “qizil-oqlar” “Chelsi”dan Alvaro Moratani avvaliga ijaraga olib, keyin sotib olishdi. Umuman olganda, futbolchining transferi madridliklarga 53 million yevroga tushdi.
Morata “Atletiko”da Kostadan ko‘ra yaxshiroq harakat qildi. Ammo ispaniyalik Diyego Simeonega mos kelmadi, shuning uchun u ikkinchi mavsumdan beri “Yuventus”da ijara asosida o‘ynamoqda. Luis Suares xaridi yaxshi natija berdi. O‘tgan mavsumda urugvaylik futbolchi La Ligada 21 ta gol urib, “Atletiko”ning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi va Premera chempionligini qo‘lga kiritdi. Ammo, madridliklar bundan oldin “Benfika”dan Joau Feliks transferini ham amalga oshirgan edi. Bu xarij Madrid klubi tarixidagi eng omadsiz transfer bo‘lishi mumkin.
2019 yilning iyul oyida “qizil-oqlar” Antuan Grizmanni “Barselona”ga 120 million yevroga sotishgandi. “Atletiko” bu summani Feliksning transferiga sarfladi. Yangi hujumchining transferi “matraschilar”ga 127 million yevroga tushdi. Portugaliyalik “Atletiko” nazarida yaxshi kelishuv edi: yosh, texnikasi kuchli, intiluvchan. Ushbu hujumchi uzoq yillar davomida Grizmanning o‘rnini egallashi kerak edi. Ammo fransiyalik futbolchi Kataloniyada qiynalayotgan bo‘lsa, uning hozirgi jamoadoshi Madridda ham shunday qildi.
Ispaniya OAVlari dastlab Felikcning transferini eng yaxshi xaridlardan deb atashgandi. Sababi, 2018/19 yilgi mavsumda futbolchi Portugaliya chempionatida 15 ta gol va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Yaxshi o‘yin, lekin bu yosh hujumchining “Benfika”ning asosiy jamoasi safidagi birinchi va oxirgi mavsumi edi. Forvard hali ham katta salohiyatga ega, ammo top-klubga o‘tishdan oldin u biroz kuchayishi talab etilardi. Bundan tashqari, albatta, yuqori narx, yigitchaga bosim o‘tkazdi.
“Atletiko”dagi birinchi mavsumida Feliks La Liga doirasida 6 ta, ikkinchi mavsumida esa 7 ta gol urdi. 127 millionlik hujumchi kutilgandek natija bermadi. Hozirgi mavsumda portugal futbolchisi juda yomon harakat qilmoqda. Shu kungacha u Ispaniya chempionatining 10ta uchrashuvida atigi 1ta gol va 1ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Futbolchining o‘yin vaqti har bir o‘yinda 44 daqiqagacha qisqardi. Hujumchining omadsizligiga Simeone aybdor, degan fikr bor. Xuddiki, Feliks uning o‘yin uslubiga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin, haqiqatan ham shundaymi? Futbolchining transferida Simeone ham ishtirok etdi. Sababi, “matraschilar” murabbiyning roziligisiz, ayniqsa, bunday katta summaga futbolchi bilan shartnoma imzolashmaydi.
“Atletiko” – o‘ziga xos jamoa. U yerda siz ko‘p narsalarga chidashingiz, shuningdek, “temir” intizomga rioya qilishingiz kerak bo‘ladi. Ammo, “matraschilar” ko‘pincha katta o‘yinlarda himoyaviy o‘yin ko‘rsatishadi. Shuningdek, hujumga ham katta e’tibor berishadi. La Liganing joriy mavsumida “qizil-oqlar” raqiblar darvozasi tomon 175 ta zarba yo‘llashdi - bu La Liga jamoalari orasida to‘rtinchi eng yaxshi ko‘rsatkich. Faqatgina “Rayo Valyekano” (178), “Betis” (190) va “Real” (225)dan kamroq zarba yo‘llagan. Yana bir narsa shundaki, aniq nishonga yetib borgan zarba bo‘yicha liga jamoalari orasida kuchli beshlikda yo‘q. Bu esa “Atletiko” hujumchilarining aybi bilan bo‘lmoqda. Joriy mavsumda Feliks darvoza tomon 11 ta zarba yo‘llagan bo‘lsa, shundan 5 tasi manzilga aniq yetib borgan. Bu “Atletiko”ning beshta hujumchisi orasida eng yomon ko‘rsatkichdir. Yarimhimoyachilar Yannik Karrasko va Toma Lemar hamda Xose Ximenes ham portugaliyalik futbolchidan yaxshiroq natija qayd etgan. Etiborlisi, hattoki, har bir uchrashuvda o‘rtacha 26 daqiqa maydonda o‘ynaydigan hujumchi Mateus Kunya ham mavsum davomida Feliksdan ko‘ra samaraliroq harakat qildi.
Feliksning harakat ko‘rsatkichlari o‘tgan mavsum bilan solishtirganda ham pastlamoqda. Masalan, so‘nggi mavsumda forvardning to‘p uzatish aniqligi 84 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 76,4 foizni tashkil etmoqda. Feliks ilgari har bir o‘yinda o‘rtacha 21,5 marta uzatma bergan bo‘lsa, hozirda har bir o‘yinda 17,4 marta aniq uzatma berdi. Bu muhim nuqta, chunki Simeone vaqti-vaqti bilan futbolchini qanot hujumchisi yoki ortga qaytib o‘ynaydigan hujumchi pozisiyasida harakat qildiradi. Ma’lum bo‘lishicha, portugaliyalik hujumchi oldingi qatorda unchalik yaxshi o‘ynamaydi.
Simeone Feliksning xarididan afsusda. Muammo shundaki, bu vaqt ichida u hech qanday tarzda ajralib turmaydi. Yuz milliondan ko‘proq pul to‘langan futbolchini Simeone zaxira o‘rindig‘ida ushlab turishi dargumon. Agar futbolchi maydonga asosiy tarkib bilan o‘ynamasa, demak, u bunga loyiq emas va raqobatni jamoadoshlariga boy beradi. Simeone har kuni o‘yinchini mashg‘ulotlarini kuzatib bormoqda.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Atletiko” ustozidan Feliks haqiqatan ham klubni tark etishni xohlayaptimi, deb so‘rashdi. U vaziyatni tushunganini va hamma narsaga tayyor ekanligini aytdi. Ya’ni, mutaxassis portugaliyalikning yanvar oyidayoq ketishi mumkinligini istisno qilmadi. OAV xabarlariga ko‘ra, “matraschilar” prezidenti Enrike Sereso yosh hujumchining sotilishiga keskin qarshi.
Funksioner tushunadiki, “qizil va oqlar” forvard uchun sarflangan pulning yarmini ham olmaydi. Feliksga “Liverpul”, “Manchester Yunayted” va “Manchester Siti” qiziqish bildirmoqda, ammo ular futbolchi uchun qancha to‘lashlari katta savol. Gap ularning puli bor-yo‘qligida emas, balki o‘yinchining obro‘sizlanishida. Balki, portugaliyalikni ijaraga berilishidan ikkala tomon ham foyda ko‘rar. Ammo bu yerda yana hamma narsa talab va taklifga bog‘liq bo‘ladi. Futbolchi va uning klubi hozirda qiyin ahvolda, uni tezda hal qilishning iloji yo‘q.
Jamshidjon Mahmudov tarjimasi.