Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Umar Eshmurodov: «Final arafasida o‘zimizga kelib ulgurmagandik»

Umar Eshmurodov: «Final arafasida o‘zimizga kelib ulgurmagandik»

Baho:
+ | -

Futbolda jamoaga sardor bo‘lish mas’uliyati doimo yetakchi zimmasiga katta vazifa yuklaydi. U o‘zi uchun topshirilgan chiziqda harakat qilish bilan birga, jamoadoshlarini ham oldinga boshlab, kezi kelganda, ulardan bir pog‘ona ustun holda o‘yin namoyish etishga butun vujudi bilan intiladi. Maxsus muxbirimizning «Nasaf» sardori Umar Eshmurodov bilan uyushtirgan suhbati shu va boshqa mavzularni qamrab oldi.

- Hayotingizda sizning xatti-harakatingiz bilan sodir bo‘lgan voqea tufayli jamoangizni qiyin ahvolda qoldirgan damlaringiz bo‘lganmi?

- Albatta, ham himoyachi, ham sardor sifatida o‘ynash osonmas. 2021 yilda OFK kubogi bahslaridagi har bir kichkinagina xato ham qimmatga tushishini «Li Man» (Gonkong) bilan yarim finalda guvohi bo‘ldik. 2-bo‘lim boshida jiddiy xatoim darvozamiz ishg‘ol qilinishiga olib keldi. Shunda hayotimda hech sodir bo‘lmagan voqea ro‘y berdi. Oyog‘im toyib ketsa bo‘ladimi!..

- OFK kubogi finalida «Nasaf» 2011 yilgi natijani takrorlaydi, deb umid qilgandik...

- Birinchidan, jamoamiz yosh, ikkinchidan, o‘yin safarda bo‘lib o‘tdi. Katta bosimni ko‘tarishning o‘zi bo‘lmaydi. Agar 2020 yilgi tarkibimiz bo‘lganida, ko‘zlagan maqsadimizga erishishimiz mumkin edi. Boshqa tomondan, yoshlarimiz xalqaro maydon havosidan bahramand bo‘lishdi. 2022 yilda tarkibni 3-4 nafar tajribali futbolchi bilan kuchaytirsak, Osiyo Chempionlar Ligasi bahslarida omad kulib boqsa, ajabmas.

- Oddiy qishloq yigitining katta futbolga kirib kelishi qanday kechgan?

- 1992 yil 30 noyabrda Koson tumanidagi Tinibek qishlog‘ida tug‘ilganman. Otam Yusuf Ochilov, onam Mehrinisa Elboyevalar o‘qituvchilik kasbida hurmat-e’tibor topishyapti. Oilada uch o‘g‘ilmiz. Ukalarim - Quvonchbek oliy ma’lumotli energetik, O‘ktam Qarshi davlat universitetining 2-bosqich talabasi. Futbolga bo‘lgan mehr menga orom bermadi. 2004 yil Qarshi shahridagi maxsus futbol maktabida o‘qishni davom ettirdim. Ustozim Umirqul aka Rahmatullayevdan 11 yoshimda saboq olishni boshlagan bo‘lsam, 9-sinfni tamomlab, Qarshi olimpiya zaxiralari kollejida murabbiy O‘tkir Xoliqov rahbarligida futbolga doir bilimimni yanada oshirdim. 2012 yil kollejni tamomlab, faoliyatimni «Sho‘rtan»da boshladim. 2017 yilning birinchi davrasigacha «oq bo‘rilar» sharafini himoya qildim. «Sho‘rtan» 2013 yil kuchlilar safini tark etib, 2015 yil yana elitaga qaytdi. 2017 yil garchi chempionatda 12-o‘rinni egallagan bo‘lsada, FIFA qarori bilan qarzdorlik tufayli oliy liga bilan majburan xayrlashdi. Shu yillar davomida Erkin Mirzayev, turkmanistonlik Said Saidov, shuningdek, Zoir To‘raqulov, Muxtor Qurbonov, Ixtiyor Karimov kabi murabbiylar qo‘l ostida o‘ynadik. Futbol fidoyisi Olloyor Rasulov (oxirati obod bo‘lsin)ning ham xizmati katta bo‘ldi. «Sho‘rtan» tarkibida oliy liga o‘yinlarida ishtirok etdim. 2017 yilning 2-davrasidan Ro‘ziqul Berdiyev taklifi bilan «Nasaf» safiga qo‘shildim.

- O‘zbekiston milliy termasi tarkibida jahon chempionati saralash bahs­laridagi ishtirokingiz ham hayotingizdagi muhim voqealardan biri bo‘ldi. Shunday emasmi?

- Xuddi shunday. Dastlab Belarus termasi, 2021 yilning yozida Turkmaniston milliy jamoasi bilan kuch sinashgandik. Dubayda Tailand termasiga qarshi to‘p surdik. Jahon chempionatiga chiqish uchun saralash o‘yinlari ham murosasiz kechdi. Singapur, Yaman jamoalari bilan o‘tkazilgan muhim uchrashuvlarda ishtirok etdim.

- Sizningcha, termamizning jahon chempionati saralashining navbatdagi bosqichiga chiqolmaganiga nima sabab bo‘ldi?

- Pandemiya ta’siri futbolda ham sezildi. KXDR termasining ushbu saralashda qatnashmaganligi bizga ham ta’sir qildi. Garchi guruhda 15 ochko to‘plagan bo‘lsak-da, hisobimizdan 6 ochko olib tashlandi. Natijada guruhda qolib ketdik. Umid qilamizki, nav-batdagi mundial uchun bahslar omadli bo‘ladi.

- O‘z pozisiyangizdagi qaysi futbolchilarga muxlislik qilasiz?

- «Liverpul»dagi Virjil van Deykning o‘yinlaridan, qaysidir ma’noda, dars olaman. Italiya futboli, xususan, «Yuventus» ishtirokidagi uchrashuvlardan ham o‘rganadigan tomonlar ko‘p.

- «Nasaf» mavsum-2021da uchta frontda harakat qildi...

- Superliga o‘yinlari murosasiz o‘tdi. «Paxtakor» muddatidan oldin chempionlikni tantana qildi. Sovrinli o‘rinlar uchun AGMK, «So‘g‘diyona» va biz kurash olib bordik. Afsuski, so‘nggi turda «Lokomotiv»dan yengilib, kumush medaldan mosuvo bo‘ldik.

- Hal qiluvchi o‘yinda «Nasaf»ga nima yetishmadi?

- Tan olish kerak. Ikki kun oldin AGMK bilan kubok yarim finalida 120 daqiqa to‘p surdik, hali charchog‘imiz tarqamagandi. Boz ustiga, Jo‘rabek Mannonovning chetlatilishi kayfiyatimizni tushirib yubordi. 70-daqiqaga kelib o‘yinimizni tamomila yo‘qotib qo‘ydik. Balki yana bir kun vaqt bo‘lganida, «temiryo‘lchilar» bilan o‘yin bosh­qacha bo‘larmidi...

- Shundan so‘ng «Nasaf» oldida bitta yo‘l qolgandi. U ham bo‘lsa, O‘zbekiston kubogi finalida «Paxtakor»ni mag‘lub etish vazifasi. Bu ishni uddalash ham oson kechmasligi aniq edi...

- Bo‘lmasam-chi. Kuchli tarkibga ega «Paxtakor»ga chempionat o‘yinlarida ikki marta imkoniyatni boy bergandik. Qolaversa, «sherlar» chempionlikka erishishgani tufayli ruhiy ustunlikka ega edilar, biz esa «Lokomotiv» bilan o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng hali o‘zimizga kelib ulgurmagandik. Shunga qaramay, finalga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Samar-qanddagi bahsda oxirigacha kurashdik va maqsadimizga yetdik.

- O‘tgan mavsum VARdan foydalanish o‘zbek futboliga nima berdi, deb o‘ylaysiz?

- Istardimki, hech bir jamoa hakamlikdagi ba’zi bir juz’iy xatolardan jabr ko‘rmasin. VARning katta futbolga kirib kelishi bu ijobiy holat. Aksariyat uchrashuvlarda uning foydasi katta bo‘ldi. Faqat, imkon darajasida vaqt cho‘zilmasa bo‘ldi.

- Ko‘plab murabbiylar qo‘l ostida to‘p surdingiz. Ularning qaysi birini alohida e’tirof etasiz?

- Hamisha ulardan nimadir o‘rganishga intilganman, bu tajribani hamon uchrashuvlar jarayonida qo‘llab kelaman. Vadim Abramovni madaniyatli inson sifatida qadrlasam, Ro‘ziqul Berdiyevni o‘z ustida muntazam ishlaydigan mas’uliyatli ustoz deb bilaman. Muxtor Qurbonov, Ixtiyor Karimov, Said Saidov, Erkin Mirzayevlarda ham o‘rgansa arziydigan jihatlar ko‘p.

- Futboldan tashqaridagi hayot tarzingiz ham ko‘pchilikni qiziqtiradi...

- Oilaliman. Turmush o‘rtog‘im Gulifarxon Sa’dullayeva Qarshi davlat universitetining o‘zbek filologiyasi 1-bos­qich talabasi. O‘g‘limiz Umidjon uch yoshda. O‘zim Qarshi davlat universitetining jismoniy tarbiya fakulteti 3-bosqichida tahsil olyapman.

Husan TEMIROV suhbatlashdi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:10, 09.01.2022.
O'qildi: 3079 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.