Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Brentford»dagi barqarorlik boisi

«Brentford»dagi barqarorlik boisi

Baho:
+ | -

Angliyaning «Brentford» klubi 1940 yildan buyon ilk bor elitaga chiqish davri - mavsum-2020|2021 ma’lumotlarini oshkor etdi. Bundan bir necha soatlar muqaddam The Athletic mazkur jamoa «Inter» va «Tottenxem»ning sobiq yarim himoyachisi Kristian Eriksenga shartnoma taklif qilgani haqida xabar bergandi. APLda sinovdan o‘tgan pleymeykerning tashrifi haqidagi gap-so‘zlar mahalliy muxlislarni hayajonga solishi turgan gap. Lekin aslida, «Brentford»ning moliyaviy ahvoli qandayligini bilish qiziq. Quyidagi tahliliy material shu mavzuga bag‘ishlanadi.

Yangi stadionga ko‘chish ta’siri

Pandemiya tufayli 2020 yilning bahorida Angliya futboli uch oyga to‘xtab qoldi, shu bois, mavsum-2019|2020 yozda ham davom etdi. Natijada, 4 avgust kuni «Brentford» «pley-off» finalida «Fulxem»ga yutqazdi - 1:2. Yangi mavsumga tayyorlanishi uchun bir oydan kamroq vaqt qolgandi.

Shu qisqa muddat ichida klub 1904 yildan buyon qadrdon bo‘lib qolgan «Griffin Park»ni tark etdi, 1 sentyabr kuni ushbu inshootga yaqin bo‘lgan hududda «Brentford» stadioni rasman ochildi. 17 250 tomoshabinga mo‘ljallangan yangi arenaga ko‘chib o‘tish o‘yinlar kuni «Brentford» daromadlarini oshirishi ko‘zda tutilgandi. Biroq COVID-19 cheklovlari tufayli o‘tgan mavsumning aksariyat uchrashuvlari yopiq eshiklar ortida o‘tdi, jamoaning rejalari esa barbod bo‘ldi.

Buning oqibatida «match-dey»­lardagi daromad keskin pasaydi - avvalgi mavsumlarda 3,1 mln. funt edi, 2019|2020 yillar oralig‘ida 200 ming funtgacha tushdi, lekin joriy yil summa ortishi kerak, zero muxlislar stadionlarga qaytishdi. 2015-2020 yillar oralig‘ida «Brentford» «Griffin Park»da bir mavsumda 3,2 mln. funtga yaqin daromad ko‘rdi. Kutilishicha, yangi uyda mazkur raqamlar yiliga 10 mln. funtgacha ortadi.

 

Daraja oshishi va COVID-19 effekti

O‘tgan mavsum oxirida jamoa «pley-off»ga chiqib, may oyida «Uembli»da «Suonsi»ni 2:0 hisobida yengdi va 1946-1947 yillar mavsumidan keyin ilk bor elita yo‘llanmasiga ega bo‘ldi. Garchi COVID-19 tufayli muntazam muammolar vujudga kelsada, shu yili klubdagi pul aylanmasi rekord ko‘rsatkichga yetdi - 15,3 mln. funt sterling (2019|2020 yillarda 13,9 mln. funt edi). Daromadlarning aksar qismi EFL va FAdan tushgan. Shuningdek, ushbu jamg‘armada translyasiya qiluvchi kompaniyalar pullari ham bor. «Brentford» ishtirokidagi uchrashuvlarning faol efirga uzatilishi raqamli daromadlarning ortishiga sabab bo‘ldi.

Qayd etilishicha, mavsum-2020|2021da COVID-19ning negativ moliyaviy ta’siri qariyb 2,8 mln. funtni tashkil etdi - o‘tgan yilgidan 1 mln.ga ko‘proq degani. Bularning bari muxlislar yo‘qligi oqibati edi. Pandemiya klubni hukumatning ta’til dasturidan foydalanishga majbur qildi, ammo Britaniyaning aksariyat klublaridai kabi iste’folar ketma-ketligi kuzatilmadi.

 

«Brentford»dagi maoshlar

Moliyaviy hisobotda yaqqol ko‘zga tashlanadigan raqamlar klubning operasion ziyonlari bilan bog‘liq. 2020 yili futbolchilar sotilishidan avval qayd etilgan zarar 34,1 mln. funt sterlingni tashkil etgandi. 2021 yilda mazkur summa 50 foizdan ko‘proqqa ortib, 53,1 mln. funtga yetadi. Ehtimol, mazkur summa shubhali tuyulishi mumkin, lekin bu ko‘rsatkichlar asosiy jamoa tarkibiga kiritiladigan muntazam investisiyalar hamda oylik maoshga ajratiladigan katta xarajatlar bilan bog‘liq. Shuningdek, Prem-er-ligaga chiqilgani uchun futbolchilar va xodimlarga ajratilgan 12 mln. funt bonus ham raqamlarning ortishiga sabab bo‘ldi. Oylik maoshlar uchun sarflar 41,4 mln. funtga yetdi.

2013 yildan buyon futbolchilar sotilishidan avval hisoblangan ziyon 197 mln. funt­ni tashkil etgandi. Ammo «Brentford» biznes-modeli o‘sha davrning o‘zida o‘yinchilar sotuvidan 141 mln. funt olib keldi, shu bois, barchasi moliyaviy feyr-pley qoidalariga mos tushadi.

 

«Brentford»  transferlari

Sir emaski, «Brentford» biznes-modeli iqtidorli yoshlarni topib, ularni tarbiyalab, keyin sotish orqali foyda ko‘rishga asoslangan. Moliyaviy hisobotda ko‘rsatilgan davr mobaynida klub direktorlari Fil Jayls hamda Rasmus Ankersen boshqa jamoalarda qiziqish uyg‘otgan futbolchilarni katta summaga pullash salohiyatiga ega ekanliklarini bir necha bor isbotlashdi. Hozir ulardan faqat Jayls o‘z lavozimida qolgan, Ankersen o‘tgan yili sport investision kompaniyasi boshqaruviga o‘tib ketgandi. Uning boshqaruvidagi muassasa bir necha haftalar muqaddam Premyer-liganing boshqa bir vakili - «Sautgempton» aksiyalarining nazorat paketini qo‘lga kiritdi.

Ushbu juftlik birga ishlagan 2020|2021 yillarda futbolchilar sotuvi orqali «Brentford» g‘aznasiga 44,3 mln. funt sterling olib kelishgandi. Bu summa bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan (24,9 mln. funt sterling) deyarli ikki baravarga ko‘pdir. Bunda Olli Uotkinsning «Aston Villa»ga, Said Benraxmaning «Vest Xem»ga sotilishi alohida ahamiyat kasb etdi.

«Brentford» ushbu ikkovlon uchun olingan pullarni sarflashga shoshmadi, asosan e’tiborini manfaatli kelishuvlar imzolashga qaratdi. Misol uchun, jamoa Germaniya U-21 terma jamoasi a’zosi Vitali Yanelt bilan shartnoma tuzdi, nemislarning ikkinchi divizioni vakili - «Boxum»ga 500 ming funt to‘landi. Eng yirik summa esa uchinchi divizion qatnashchisi hisoblangan «Piterboro Yunayted» futbolchisi Ayvan Tonini qo‘lga kiritish uchun sarflandi - 5,5 mln. funt sterling va qo‘shimcha bonuslar.

 

Klubning pozitiv rejalari

The Athletic nashrining qayd etishicha, o‘tgan yili Premyer-ligaga chiqilishi «Brentford»ning transfer bozoriga nisbatan qarashlarini o‘zgartirmagan. Kelajakda ham e’tibor yosh futbolchilarni tarbiyalab, keyinchalik ularni sotishga qaratiladi, faqatgina hal qiluvchi farq shundaki, endilikda elitadagi ishtirok uchun olinadigan qo‘shimcha daromad tufayli eng yaxshi o‘yinchilarini sotishga majbur bo‘lishmaydi.

Bularning barini umumlashtirsak, «Brentford»ning soliq to‘lovlaridan avvalgi zarari 8,5 mln. funt sterlingni tashkil etadi, bu esa bir yil avvalgi 9,1 mln. funtlik ko‘rsatkichdan biroz past. Demakki, klubning moliyaviy holati ijobiy ko‘rinish olgan, navbatdagi yil yakunida ahvol yanada yaxshilanishi muqarrar. Har holda, Premyer-liga translyasiyalaridan pul kelib tushadi, yangi manfaatli homiylik kelishuvlar va sheriklar shartnomalari imzolanadi.

Xullas, «Brentford» oliy diviziondagi o‘rnini mustahkamlash yo‘lida pullarini transferlar bozorida sarflashni davom ettirish uchun keng imkoniyatlarga ega.

O‘.UMAROV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 09:15, 31.01.2022.
O'qildi: 1232 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.