Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

APL va dollar

APL va dollar

Baho:
+ | -

2021 yil futbol olamida Yevropa Superligasi haqidagi voqealar bilan ham eslanadigan yil bo‘ldi. 18-21 aprel kunlari AQSHning yirik moliviy tuzilmasi — GPMorgan Chase homiyligida va Florentino Peres yetakchiligida dunyo futbolida inqilobga urinish bo‘lib o‘tdi, axir.

Qit’aning eng nomdor ("nomdor" sifati ko‘proq tushsa kerak, chunki kuchli deyish ro‘yxatdagi ba’zi jamoalarga bugun tushmasligi mumkin) 12 klubi muassisligida boshlangan ishlar dunyoga yangi mahsulotni taqdim etishi kerak edi. Bu eng-eng tasnifi bo‘yicha, muxlislar armiyasi bo‘yicha, o‘z-o‘zidan tijoriylashtirish ko‘rsatkichi yuqoriligi bo‘yicha saralanganlar ishtrokidagi turnir bo‘lardi. Dastaklovchi qo‘l Amerikadan bo‘lgani bois, balki buni super qahramonlarning barchasini bir filmda jamlagan "Marvel" mahsulotlariga mengzab ko‘rish ham mumkin. Xullas, mana shu inqilobiy qadam go‘yo tashlandi. Amalda esa keyin klublar birin-ketin chekinishdi, loyihadan chiqishdi. O‘xshamay qoldi inqilob! Buning asl va batafsil sabablari hali jamoatchilikka oshkor emas, o‘ylashimcha. Sabablar ko‘p, loyihaga qarshilar ham bisyor bo‘lishi tabiiy. Bu CHLdan tashqari, baribir milliy ligalarning ham bozordagi ulushiga ta’sir etishi ehtimoli bor proyekt. Aniqroq aytsam, ligalar orasida aynan bittasining tijoriy radiusiga jiddiy kirib borardi Yevropa superligasi. Bu — Angliya Premyer ligasi. Chunki, APL ba’zi nyuanslarni hisobga olmasa allaqachon o‘zi bir superligaga aylanib bo‘lgan!

Qolgan ligalar, o‘ylaymanki, Angliya chempionati kabi aziyat chekishmasdi Superligadan. La Liga? Ha, ispanlarning xavotiri kuchli edi. Ammo qarang, bu liganing quvvati hali ham Superliganing ikki asosiy muassisi bo‘lgan "Real" va "Barselona"ni g‘oyadan chekintirishga yetmadi, ular haliyam 12 talik ro‘yxatdan chiqishmagan.

APL esa kerakli richaglarni ishga solib 6 klubni o‘z orbitasiga to‘liq qaytarib oldi. Qo‘shimchasiga, aynan ingliz klublari birinchi bo‘lib o‘yindan chiqqanini eslang. Buning uchun APL ham yumshoq, ham dag‘al shaklda bosim o‘tkazdi. "Stemford Brij" yoki "Old Trafford" atrofidagi olamon — dag‘al, klublarga moliviy bonuslar taqdim etish — yumshoq bosim edi.

Superliga va CHL kabi xalqaro turnirlarning asosiy jozibasi balki, turli futbol madaniyatlaring to‘qnashishi uchun platforma bo‘lganidadir. Ya’ni, odamlardagi ularni tomosha qilishga qiziqishning muhim sabablaridan biri — ingliz, ispan, italyan yoki olmon futboli vakillarining to‘qnash kelishi natijasidagi tomoshani ko‘rishdir.

Bugungi APL esa allaqachon mana shunday madaniyatlar, uslublar va maktablar to‘qnashuvini taqdim etib kelmoqda. Ligada Pep Gvardiola, Mikel Arteta kabilar misolida ispancha, to‘p nazoratiga asoslangan futbol, Yurgen Klopp misolida yuqori chiziqdagi pressingli, Tomas Tuxel va Andrea Konte misolida gibrid uslub jangini ko‘rish mumkin. Yana Ralf Rangnik, Brendon Rodjers, Devid Moyes kabi o‘z imzosiga ega murabbiylar ham shu qozonda qaynayapti. Bundan tashqari, Stiven Djerard, Frenk Lempard, Patrik Viyeyra singari boshlang‘ich, ammo mustahkam qadamini tashlagan nomlar mavjud bu ekosistemada. Shuningdek, Marselo Byelsa, Tomas Frank va Bruno Laji singari isyonchilar guruhi bor bu to‘dada. Qolganlarning ham, boshqasiga o‘xshamagan rangi bor. Masalan, o‘sha top murabbiylar maqtaydigan Grem Potterni oling, yoki qaysar qariya Roy Xodjson qaytdi mana...  

Boshqa ligalarda bir-biriga o‘xshash 6-7 jamoani topish mumkin bo‘lgani holda, APLda ikki o‘zaro o‘xshashini topish mushkul. Tuzulmog‘i kerak bo‘lgan Superliganing ham asosiy g‘oyalaridan biri shunday turfa xil kuchlarni jamlash edi, menimcha. Demak, aslida jozibadorlik rakursidan olib qaralsa, Yevropa superligasi tuzib bo‘lingan.

Albatta, "Real", "Barselona", "Milan" yoki "Yuventus" klublari olib kelishi mumkin bo‘lgan kontrastsiz bu ilojsiz, deyishingiz mumkin. Bahslashmayman. Shunchaki, amalda yo‘q turnirni, bunday katta qarshi bosim ostida tashkil qilishga urinishdan ko‘ra, inglizlar bilan kelishib, mavjud APLni ochiq turnir deb e’lon qilish va ishtirokchilar sonini oshirish kabi oson sxemani ko‘rib chiqish lozimdir balki.

Yanaki, hatto Superliga tuzilib faoliyat boshlasa ham, bu APL mavqeyiga jiddiy ta’sir etolmasligi mumkin. Buning misolini, yevro pul birligi joriy qilinsada, dollarning dunyodagi quvvatini kesolmaganiga o‘xshatish mumkin.

Orif Tolipov.

Manba: https://t.me/tolipovuz
Kiritildi: 09:23, 02.02.2022.
O'qildi: 1693 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.