So‘nggi yillarda «Manchester Yunayted»ni kimlar tanqid qilmadi deysiz - tahlilchilardan tortib, jamoa muxlislarigacha. Mazmunsiz o‘yin, qoniqarsiz natijalar va muvaffaqiyatsiz xaridlar - juda ko‘p xatolar kuzatildi va bunda klub ijrochi direktori Ed Vudvordning aybi bisyor. Ammo uning «MYU»dagi davri yakunlanmoqda, shunday pallada klub qaysi futbolchilar tufayli 146 mln. funt kamomadga uchragani haqida gaplashamiz.
ANXEL DI MARIYA
«Yunayted» argentinalik yarim himoyachini sotib olganda, mahalliy chempionat uchun rekord hisoblangan summa - 59,7 mln. funt sarflagandi. Di Mariya dastlabki o‘yinlarda o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatdi, lekin qisqa muddatda murabbiy Lui van Gal bilan chiqisholmadi, formasi esa tobora pasayaverdi. Natijada, bir yildan keyinoq uning klubdan ketishiga qo‘yib berishdi va Anxel 44,3 mln. funt evaziga «PSJ» safiga qo‘shildi.
MORGAN SHNEDERLEN
«Sautgempton»da yorqin o‘yin namoyish etgan Shnederlen ko‘plab klublar e’tiborini o‘ziga qaratdi, lekin aynan «MYU» 2015 yili uning uchun 25 mln. to‘ladi. Ammo boshqa ko‘plab futbolchilar singari, uning ham «Old Trafford»da ishlari yurishmadi. Joze Mourinyo unga ishonch bildirmay, kamdan-kam hollarda maydonga tushirdi, xolos. «Yunayted» 2017 yili fransuzni «Everton»ga sotganida, sarflagan pullarining deyarli barchasini - 22 mln.ni qaytarib oldi.
MEMFIS DEPAY
Depayga golland va jahon futbolining bo‘lajak yulduzi sifatida qaralgandi. 2015 yili u 31 mln. funt evaziga «MYU» tarkibiga qo‘shildi, ammo bu pullar nimaga sarf-langanini ko‘pchilik tushunmadi, zero hujumchi 53ta o‘yinda bor-yo‘g‘i 7ta gol urdi. 2017 yilning yanvarida «Lion» Memfis uchun 21,7 mln. funt to‘ladi, hozir esa u «Barselona»da to‘p surmoqda.
BASTIAN SHVAYNSHTAYGER
2015 yilning yozida Bastian Shvaynshtayger faoliyatini yakunlashga shaylanayotgandi, ammo «Yunayted» uning uchun 14,4 mln. funt taklif qilgach, yarim himoyachi yangi chempionatda nimadir yutish imkoniyati tug‘ilganini angladi. «Bastianning ismi o‘yin qaydnomasiga kiritilganda, raqiblarda hayajon va qo‘rquv paydo bo‘ladi», - degandi Vudvord o‘shanda. Ammo hammasi u aytgandek kechmadi: mashhur nemis o‘yin amaliyotisiz qolib ketdi va portugaliyalik murabbiy davridagi quvg‘indilardan biriga aylandi. U asosiy tarkib a’zosi maqomiga erishgandi, lekin bu ham uzoq davom etmadi, 2017 yilning martida Shvaynshtayger MLS ishtirokchisi - «Chikago Fayr» klubiga ko‘chib o‘tdi.
MARUAN FELLAYNI
2013 yili «Yunayted»ning Tiago va Ses Fabregasni sotib olish uchun urinishlari besamar yakunlandi, natijada, Maruan Fellayni xaridi bilan cheklanishga majbur bo‘ldi. Belgiyalik yarim himoyachi transfer oynasining so‘ng-gi kunida 27 mln. funt evaziga «Everton»dan sotib olindi. Garchi muxlislarning Maruanga nisbatan munosabati turlicha ko‘rinish olsada, van Gal va Mourinyo uni muntazam ravishda maydonga tushirishdi. Ole-Gunnar Sulsherning rejalarida esa Fellayniga joy yo‘q edi va yarim himoyachi 10,4 mln. funt evaziga Xitoyning «Shandun Tayshan» klubiga o‘tdi. U hozir ham Chin yurtida faoliyat yuritmoqda.
MATTEO DARMIAN
Bu futbolchi «Yunayted» safiga 2015 yili 12,7 mln. funt evaziga o‘tgandi. Klubdagilar Darmianning yangi Gari Nevill bo‘lishini kutishgandi. Lekin jamoadagi to‘rt yili mobaynida Matteo asosiy o‘yinchi maqomiga erisholmadi va 2019 yili 1,5 mln. funt evaziga «Parma»ga sotib yuborildi.
ANDER ERRERA
«Yunayted» 2013 yilning yozida Errerani xarid qilishni uddalay olmagan bo‘lsada, 12 oydan so‘ng, baribir, niyatiga erishdi. Shunday ham masala 29 mln.lik tovon puli evaziga hal etildi. Keyingi 5 yilni «MYU» libosida o‘tkazgan yarim himoyachi shartnomasini uzaytirishni istamadi va erkin agent sifatida «PSJ»ga ko‘chib o‘tdi. «Xafa bo‘lish yo‘q, - degandi Ander intervyusida klub rahbariyatida barchani hurmat qilishini bildirarkan. - Klubning ayrim qarorlariga qo‘shilmadim, lekin bunaqasi futbolda uchrab turadi».
ROMELU LUKAKU
Belgiyalik forvard 2017 yili «MYU» tarkibiga qo‘shilgan, uning transferi «qizil iblislar» uchun 75 mln. funtga tushgandi. Lukakuning debyuti yaxshi chiqdi, barcha turnirlarda 27ta gol urdi. Ammo ikkinchi mavsumda gollar kamaydi, Sulsher esa Romeluni hamma o‘yinlarda ham maydonga tushirmadi. Hujumchi ketish istagini bildirganda, «Yunayted»ga «Inter»dan 74 mln. funt miqdorida taklif tushdi. Texnik tomonlama «MYU» ushbu kelishuvdan yo‘qotishga uchradi, baribir, ammo bunda Vudvordni ayblash o‘rinlimikan?
ALEKSIS SANCHES
«MYU» Sanchesni Genrix Mxitaryanga almashtirishga ko‘nganda, bu hammaga ajoyib g‘oyadek tuyulgandi. Muammo shunda ediki, chililik futbolchi haftasiga 500 ming funtlik maoshga ega bo‘ldi, lekin yashil maydonda ishlari yurishmay, 45 o‘yinda atigi 5ta gol urdi. 2020 yilda esa «Inter»ga yo‘l oldi, bu safar erkin agent maqomida.
MARKOS ROXO
Mavsum-2013|2014 oxirida Rio Ferdinand va Nemanya Vidich klubni tark etishdi. Shunday pallada «Sporting»dan taklif etilgan Markos Roxo mudofaa markazida asosiy figuraga aylanishi ko‘zda tutilgandi. Futbolchi uchun «qizil iblislar» 16 mln. to‘lashdi. Biroq Roxo ikki yetuk himoyachining o‘rnini bosishni uddalay olmadi, boz ustiga, argentinalik tez-tez jarohat oldi. So‘nggi to‘rt yil ichida maydonga atigi 17 marta maydonga tushgan Markos 2021 yili vataniga qaytdi.
O‘.UMAROV tayyorladi