Braziliyalik afsona Ronaldo o‘z davrida ko‘plab yetuk futbolchilarga haqiqiy namuna edi. Hozirgi aksariyat o‘yinchilar ham unga o‘ziga xos mayoq sifatida qarashadi. Umuman, Ronaldo bejiz «fenomen» maqomini olmagan. «So‘yloq»ning butun futbol ommasi mehrini birdek qozongani sabablardan biri - bu yuksak texnik salohiyati. Ronaldo bir gapni tez-tez takrorlaydi: «Aslida o‘sha darajadan ancha yaxshiroq o‘ynash salohiyatiga ega edim». «Valyadolid» va «Kruzeyro» klublarining ayni paytdagi sohibi Bobo TV kanaliga bergan intervyusida ham shu haqda to‘xtaldi.
- Aytishlaricha, futbol olami Ronaldodek mukammal futbolchini ko‘rgan emas. Bunga qanday qaraysiz?
- Futbolda hammasini sinab ko‘rdim, chunki bolaligimdayoq boshqalardan kuchli ekanligimni anglagandim. 3-4 nafar raqibni aldab o‘tish asnosida gollar urganim - mashg‘ulotlarda o‘rganadigan narsa emas. Hammasi tabiiy. O‘zi bizning davrda mashg‘ulotlar o‘ta og‘ir bo‘lardi: futbolchilardan har kuni 6-7 kilometr yugurish talab etilardi. Men esa ortiqcha yugurishga ehtiyoj sezmasdim, zero, tug‘ma sprinter bo‘lganman. Deylik, har bir o‘yin davomida 30-35 marta sprint amalga oshirardim. Hattoki, tezkor yurishlar sonini 40taga yetkazish haqida o‘ylardim, ammo murabbiylarni bunga ishontirolmaganman. Oddiy misol, Ektor Kuper qo‘l ostida shunchaki, qizib olish uchun 3 kilometr masofaga yugurardik. Endi esa hammasi boshqacha...
- Leo Messi fenomenini ta’riflay olasizmi?
- Leo o‘zgacha yigit, unda quvvat, tezlik va jismoniy kuch mujassam. Asosiysi, Messi gollarga o‘ta chanqoq, shuning barobarida hozirgi avlodning ko‘plab vakillari kabi maydondan tashqarida ham kun tartibiga to‘liq rioya qiladi. Hozirgilarning bizdan farqli tomoni - shu. O, agar menda Messi yoki Ronalduning boshi bo‘lganidami, gollarim sonini naq ikki baravarga oshirarmidim...?
- Neymar iqtidoriga ham baho bersangiz...
- Neymarning Braziliya terma jamoasi bilan barchasiga erishishini istardim. Loaqal men uddalagan ishlarni takrorlashi kerak. Jumladan, jahon chempionatida g‘olib chiqishidan umidvorman. Mana, Neymar hozirning o‘zida gollar soni bo‘yicha mendan ham, Ziko va Romariodan ham o‘zib ketishga ulgurdi. Oldinda birgina Pele qoldi. Ishonamanki, uni tez orada 2-qatorga suradi. Axir yana atigi 5ta gol ursa, bas. Qisqasi, Neymar ko‘p gol urmoqda va uni shaxsiy hayoti, individual sovrinlari kamligi tufayli tanqid qilishlariga qaramay, shaxsan men iste’dodini qadrlayman.
- Umuman, dunyo futbolining amaldagi eng kuchli hujumchisi kim?
- Menimcha, Benzema. Lekin Levandovski ham unga juda yaqin. Kelajakda Xoland ham kuchli bo‘ladi, balki birinchi raqamli hujumchiga aylanar... Lekin u Karim va Robert kabi yuksak texnik salohiyatga ega emas.
- Kilian Mbappe-chi?
- Juda kuchli, tezkor va xotirjam yigit. Bu sifatlar birinchi raqamli bo‘lish uchun muhim. Yaqinda Kilianning «Real» safiga o‘tayotgani va Madridda yiliga 50 million yevro olishi haqida o‘qidim. Eh, biz davr tanlashda xato qildik, afsuski, qachon tug‘ilish o‘z qo‘limizda emas... (kuladi). Zamonaviy futbol shu qadar tez rivojlanmoqdaki, sara yulduzlarning tobora ko‘p pul topayotganlari mutlaqo adolatdan. Bir narsa taskin beradi - bugungi kun futboli va yulduzlarini biz ruhlantirganmiz. Demak, taraqqiyotda ulushimiz yo‘q emas.
- Yevropa Superligasi g‘oyasiga munosabatingiz...
- O‘ylaymanki, bu ertami-kech amalga oshadigan ish. Zero, futbol bir joyda to‘xtab turmayapti, u doimiy rivojlanish yo‘lida. Faqat hozirgi sur’at bizni qayerga olib borishini bilmaymiz. Tabiiyki, katta klublar qimmatbaho futbolchilarga ega bo‘lish uchun yana va yanada ko‘proq daromad xohlaydi. To‘g‘ri, Superliga hozir o‘ylaganlaridek bo‘lmaydi, chunki bu falokatga olib boradi. Lekin g‘oya amalga oshadi, baribir. Ayni payt futbol sanoatini yaxshilash uchun yetakchilar o‘rtasida muloqot yetarli emas. FIFA, UYEFA va turli ligalarning nega o‘zaro munosabat o‘rnatmayotgani sababini sira tushunmayapman.
- Braziliyada bo‘lajak Ronaldo paydo bo‘libdi...
- Endrik atigi 15 yoshda. Ha, iqtidori yetarli. Ammo hali uning professional futbolda qanday o‘sishini ko‘rish kerak. Yana bir yigit bor - San-paululik Kayo. Adashmasam, 2004 yili tug‘ilgan va salohiyati chakki emas.
- «Barselona» va «Inter»dagi faoliyatingizni qanday eslaysiz?
- «Barsa»da eng yaxshisi bo‘lganligimga ishonchim komil emas, aslida o‘sha payt Ispaniyada o‘ynash ancha oson edi. Italiyada esa Petro Verxovod kabi himoyachilarga qarshi o‘ynaganimni yaxshi eslayman, ular hattoki, suv ichish uchun chetga chiqqanimda ham, ortimdan qolishmasdi (kuladi). Qisqasi, «Inter»da betakror 2 yilni o‘tkazganman va o‘ylaymanki, muxlislar ham men kabi chinakamiga zavqlanishgan. Ba’zilar aynan o‘sha paytdagi o‘yinim tufayli meni haligacha ko‘chada to‘xtatishadi.
- Yakunda Romarioga ham to‘xtalsangiz...
- Romario men kabi g‘irt tentak edi: yoshlarni qahva olib kelish va butsalarini tozalashga majburlardi. Esimda, bir kuni menga yoqadigan taklifni o‘rtaga tashladi: «Tayyor bo‘l, bugun kechqurun sayrga chiqamiz, xavotirlanma, hammasini o‘ylab qo‘yganman». Xullas, mehmonxona devoridan oshib o‘tish uchun narvon tayyorladi, ko‘chada bizni taksi kutib turardi. Ertalab soat 5da qaytdik va mashg‘ulotga o‘likday chiqdim. O‘shandayoq Romario o‘rnimni egallash uchun meni atayin charchatishga uringanini tushungandim...
M.PO‘LATOV tayyorladi