Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Murabbiylar: Roy bobo uchun qutqarish missiyasi!

Murabbiylar: Roy bobo uchun qutqarish missiyasi!

Baho:
+ | -

APLda ishlari yurishmayotgan «Uotford» bir qariya murabbiydan voz kechib, ikkinchisiga ishonch bildirdi. Aniqroq aytganda, chempionat tarixidagi murabbiylar orasida yosh jihatidan ikkinchi o‘rinda qayd etilgan Klaudio Ranyeri o‘rnini eng keksa mutaxassis - Roy Xojson egalladi.

Roy bobo APL rekordini 2017 yiliyoq o‘rnatgandi. O‘shanda «Kristal Pelas» boshqaruvini qo‘lga olgan tinib-tinchimas murabbiy londonliklar bilan mavsum-2020|2021 oxirigacha hamkorlik qildi. Roy bobo shundan so‘ng nafaqaga chiqqandek bo‘ldi, ammo qarangki, 74 yoshli mutaxassis yana futbolga qaytdi. Endi uning oldida jiddiy missiya bor - «qovog‘arilar»ni elitada olib qolish.


Umumiy ma’lumot.
Xojson uzoq yillik faoliyati davomida naq 17ta klub va 4ta milliy jamoani boshqardi. Jumladan, Angliya milliy jamoasiga 4 yil ustozlik qildi. U shuningdek, Shvesiya, Shveysariya, Italiya, Daniya, Norvegiya va Finlyandiyada ishladi. «Uotford» - Roy Xojson faoliyatidagi Angliyaning 7-klubi. Tajribali mutaxassis o‘z yurti jamoalari boshqaruvida jami 198ta g‘alaba va 192ta mag‘lubiyat qayd etgan. Demak, Roy bobo ham ijobiy, ham salbiy ma’noda yubiley - 200talik marraga yaqin.

«Bristol Siti» (1982 yil). Xojson «Bristol»dan taklif olgan vaqt dastlabki jamoasi - «Xalmstad» (Shvesiya)da binoyidek ishlayotgandi. Biroq tez orada Angliyaga qaytganidan afsuslanishiga to‘g‘ri keladi. U vaqtida «Malmyo»ni boshqargan Bob Xougton taklifiga binoan, murabbiy yordamchisi rolini qo‘lga olgandi. Biroq «Bristol»ning inqiroz yoqasida turgani ortidan qiziqarli faoliyat falokatga aylanadi. Xojson bosh murabbiylik qilgan davr (yanvar - aprel)da jamoa 4-divizionga tushib ketishga ulgurgandi. Xullas, u o‘z yurtidagi dastlabki urinishida katta omadsizlikka yuz tutgandi.

«Blekbern Rovers» (1997-1998 yillar). «Bristol»dek «bosh og‘riq»ni chetga surgan Xojson Shvesiyaga qaytib, «Malmyo» bilan bir qator sovrinlarga erishadi va u yerdan Shveysariyaga yo‘l oladi. «Ksamaks» klubi va milliy jamoadagi faoliyatdan keyin, 1995 yili «Inter»dan chorlov oladi. Shundan so‘ng navqiron murabbiy muvaffaqiyatidan tegishli xulosa chiqargan «Blekbern» uni APLga qaytaradi. «Daydilar» o‘sha vaqt o‘rtamiyonalar safiga tushib qolishgan va mavsumni 13-o‘rinda yakunlashgandi. Roy kelgach, jamoa oldinga intilib, yakunda 6-o‘ringa chiqish asnosida UYEFA kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Tabiiyki, muxlislar buni ulkan muvaffaqiyat sifatida baholaydilar. Har holda, Roy 2 marta APLda oyning eng yaxshi murabbiyi sifatida tan olinadi. Biroq «Blekbern» tekis joyda «Lion» to‘sig‘idan o‘tolmaydi, boz ustiga, ichki chempionatning dastlabki 14ta o‘yinida atigi 2ta g‘alaba qayd etadi. Oqibatda murabbiyni noyabr oyidayoq iste’foga chiqarishadi, jamoa esa mavsum oxirida Chempionshipga tushib ketadi.

«Fulxem» (2007-2010 yillar). Angliyaliklar sayohatchi murabbiyning takroriy qaytishini naq 10 yil kutishdi. Roy bu oraliqda Italiya («Inter» va «Udineze»), Shveysariya («Grassxoppers»), Daniya («Kopengagen») va Norvegiya-(«Viking»)da o‘z salohiyatini sinab ko‘rdi. «Guldasta» rang-barang bo‘lishi uchun yana Finlyandiya va BAA terma jamoa­larida ham ishladi. Shundan so‘ng «Fulxem» taklifini qabul qilgan mutaxassis nihoyat, Angliyada ham sermazmun davrni boshladi. Autsayder jamoa boshqaruvini dekabr oyida qo‘lga olgan Xojson uni avvaliga elitada olib qoldi. Navbatdagi mavsumda esa, «Fulxem» katta yuksalishga erishib, 7-pog‘onani band etdi va UYEFA kubogi yo‘llanmasiga ega chiqdi. Eng muhimi, londonliklar ke­yinchalik nufuzli turnir finalida o‘ynashdi. Xojson drujinasi o‘sha mavsum UYEFA kubogining amaldagi sohibi «Shaxtyor», shuningdek, «Yuventus» va «Volfsburg», yana final mezboni «Gam­burg»­ni kurashdan chetga chiqargandi. Kubok taqdiri esa tarkibida David de Xea, Diyego Forlan va Serxio Aguero o‘ynagan «Atletiko»ga qarshi final o‘yinining qo‘shimcha bo‘limlarida ispaniyaliklar foydasiga hal bo‘ldi. Qisqasi, Roy Xojson «Fulxem»dan boshini tik tutgan holda ketdi - jami 128ta o‘yindan 50tasida g‘alaba.

«Liverpul» (2010-2011 yillar). Ha, Xojson «Kreyven Kottej»dagi muvaffaqiyatdan so‘ng oddiy jamoa emas, «Liverpul»ga yo‘l oldi. «Qizillar» mutasaddilari uni Rafael Benites o‘rniga taklif etishdi. Biroq murabbiyga «Enfild»da uzoq ishlash nasib etmadi - o‘rtamiyonalar safiga tushib qolgan «Liverpul» APL doirasidagi 22ta o‘yindan atigi 8tasida g‘alabaga erishdi, boz ustiga, Liga kubogida kamtarin «Nortgempton»ni yengolmadi. Shu tariqa Xojson 6 oydan so‘ng jamoa bilan xayr­lashdi.

«Vest Bromvich» (2011-2012 yillar). Roy Xojson atigi 1 oylik tanaffusdan so‘ng turnir jadvalida «qora guruh»ga qo‘shni bo‘lib qolgan «Vest Bromvich» boshqaruviga o‘tib, jamoani 17-o‘rindan 11-qatorga ko‘tardi. «Bromvich» yo‘l-yo‘lakay «Liverpul»ni ham yengdi. Kamtarin jamoa keyingi mavsum 10-o‘rinni band etdi. Shundan so‘ng murabbiyni Angliya milliy jamoasiga chorlashdi.

«Kristal Pelas» (2017-2021 yillar). To‘g‘ri, Xojsonning Angliya termasidagi faoliyati natija bergani yo‘q. Uning o‘zi barchasini oddiy izohlagandi: «Ochig‘i, bu yerda nima qilayotganimni chindan ham, bilmayman». Xojson bobo shundan so‘ng 1 yildan ko‘proq vaqt ishsiz yurdi, 70 yillik yubileyini nishonladi va faoliyatini yakunlashni o‘ylay boshladi. Biroq ayni shu pallada Frank de Bur bilan maqsadga erisholmagan «Pelas»dan chorlov olib, ishga qaytdi. Taajjubki, tinib-tinchimas qariya mavsumni qatorasiga 7ta mag‘lubiyat bilan boshlagan jamoani 11-o‘ringa ko‘tardi. Londonliklar keyingi mavsumlar 12 va 14 (2 marta)-o‘rinlardan joy olishdi. Shundan so‘ng ko‘pchilik Xojsonni xayolan nafaqaga kuzatdi. Lekin qarangki, bu yakun emas ekan - Roy bobo endi «Uotford»ni tiklashga urinib ko‘radi.

*** Roy Xojson Angliya milliy jamoasi tarixidagi 14 nafar bosh murabbiy (vaqtincha murabbiy maqomida ishlaganlar ham qo‘shilgan)dan biridir. 2012—2016 yillar oralig‘ida «uch sherlar»ni jami 56ta o‘yinda maydonga boshlab tushgan murabbiy o‘rtacha statistika qayd etdi: 33ta g‘alaba, 15ta durang, 8ta mag‘lubiyat. Angliya milliy jamoa­si uning boshqaruvidagi o‘yin­larning 58,93 foizida g‘alaba qozondi. G‘alabalarning o‘yinlarga nisbati bo‘­yicha faqat 1ta uchrashuvda ishlagan Sem Ellardays (100 foiz), Fabio Kapello (66,67 foiz), Garet Sautgeyt (64,71 foiz), Glenn Xoddl (60,71 foiz) va Sven-YOran Eriksson (59,70 foiz)ning natijasi Xojsonnikidan yaxshiroq.

Roy Xojson boshqaruvidagi Angliya termasi yirik turnirlarda

Yevro-2012 — chorak final

JCH-2014 — guruh bosqichi

Yevro-2016 — 1|8 final

Manba: soccer.ru,

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 16:07, 13.02.2022.
O'qildi: 922 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.