Ma’lumki, mavsumning ayni avjiga chiqqan pallasida seleksiya bilan shug‘ullanish og‘ir, lekin kerakli jarayon. Futbolchilarning jarohat olishlari, turnirdagi murakkab vaziyat, klubga kelgan yangi sohiblarning tarkibni tezroq kuchaytirishga urinishlari... Bu yoqda shartnoma muddati tugab borayotgan o‘yinchilar masalasi... Qisqasi, yanvarda kadrlar masalasi bilan shug‘ullanishga majbur etadigan sabablar yetarli. Qaysi futbolchi qayoqqa yo‘l olganidan xabardor bo‘lish esa, doimo qiziqarli. FootballHD.ru so‘nggi qishki transfer darchasining e’tiborli kelishuvlari o‘nligini e’tiboringizga havola etadi.
10. Vitaliy Mikolenko («Dinamo Kiyev»dan «Everton»ga) - 23,5 mln. yevro
2022 yilni liverpulliklar «Dinamo» chap qanot himoyachisini xarid qilganliklarini e’lon qilish bilan boshladilar. Kelishuv Rafael Benites davrida amalga oshirilgandi. Endi Vitaliydan Frenk Lempardning ishonchini qozonish talab etiladi. Uddalay oladimi? APLda o‘z mahoratini oshirish uchun 22 yoshli o‘yinchi barcha xususiyatlarga ega. Faqat u o‘zi uchun sarflangan mablag‘ni oqlashi, eng kuchli chempionatda o‘ynashga munosib ekanligini isbotlashi lozim.
9. Deyan Kulushevski («Yuventus»dan «Tottenxem»ga) - 10 mln. yevro (ijara)
«Shporlar» 21 yoshli shve-siyalikni 18 oyga ijaraga olishdi. Keyinchalik jamoa uni 29 mln. funt evaziga xarid qilish huquqiga ham ega. Londonliklar uchun jiddiy xarajat, lekin asossiz emas. Birinchidan, Antonio Konte «A» seriyadagi faoliyati orqali Deyanning imkoniyatlaridan yaxshi xabardor bo‘lsa kerak. Ikkinchidan, «Yuventus» duch kelgan o‘yinchiga 40 mln. sarflayveradigan jamoalardan emas. Kulushevski bahosiga arziydi. Shunchaki, u Allegrining uslubiga moslasha olmadi va ketishga majbur bo‘ldi.
8. Tangi Ndombele («Tottenxem»dan «Lion»ga) - 1,42 mln. yevro (ijara)
Shubha yo‘qki, Fransiya terma jamoasi yarim himoyachisining qaytib kelganini «to‘quvchilar» mamnuniyat bilan e’lon qildilar. Ular futbolchini arzon bahoda ijaraga olishdan tashqari, ke-yinchalik xarid qilish niyatidalar. Bo‘lajak transfer qiymati e’lon qilinmadi. Lekin summa «Lion» 2019 yilda «Tottenxem»dan olgan 60 mln. yevro miqdorida bo‘lmasligi aniq. Xullas, lionliklar samarali kelishuvni amalga oshirdilar.
7. Adama Traore («Vulverxempton»dan «Barselona»ga) - ijara
Kataloniyaliklar o‘z tarbiya-lanuvchilarini keyinchalik xarid qilish sharti bilan ijaraga olishdi. Vaqtinchalik kelishuv joriy mavsum oxirigacha mo‘ljallangan. Adama Xavining ishonchini qozonishdan umidvor. Agar buni uddalay olsa, keyingi faoliyati «Kamp-Nou»da uzoqroq davom etishi mumkin. Hozircha, Traore «Barsa»ning asosiy tarkibida 4 marta maydonga tushib, bitta gol urgan. Yoshlar jamoasida esa 63ta o‘yinda 8ta gol va 18ta assistni amalga oshirgandi.
6. Lyuka Din («Everton»dan «Aston Villa»ga) - 30 mln. yevro
28 yoshli fransiyalik futbolchini xarid qilish bilan «sherlar» o‘z tarkiblarini kuchaytirib oldilar. APLda ulkan tajribaga ega bo‘lgan Din uchun yangi muhitga moslashishda vaqt ham, shinam sharoitlar ham kerak emas. U yangi jamoada ilk kundan boshlab yorqin o‘yin ko‘rsata boshladi. Himoyachining ketishi «Everton» uchun ham ayni muddao bo‘ldi. Chunki ular Lukas o‘rnini Mikolenko bilan to‘ldirib olishdi.
5. Rodrigo Bentankur («Yuventus»dan «Tottenxem»ga) - 19 mln. yevro
24 yoshli urugvaylik himoyachi «taqachilar» uchun kelajak sari qo‘yilgan samarali yurish bo‘ldi. Uni sinovdan o‘tkazish maqsadida ijaraga emas, birdaniga xarid qilinishi bejiz emas. Bentankur Kontening taktik uslubida shunchaki, oddiy ishtirokchi emas, balki yetakchi ijrochilardan biriga aylana oladi. Himoyachi turinliklar libosida 181 marta maydonga tushib, o‘z hisobiga 3ta gol va 18ta assistni yozdirishga muvaffaq bo‘lgan.
4. Antoni Marsyal («MYU»dan «Sevilya»ga) - ijara
«Qizil iblislar»ning 26 yoshli hujumchisi maqsadiga erishdi. U hozirgi jamoada o‘z o‘rnini topa olmay qolgan va faqat ketishni o‘ylayotgandi. Shu bois, «Sevilya» variantini mamnuniyat bilan qabul qildi. Chunki Xulen Lopetegidek tajribali murabbiy rahbarligida o‘z saviyasini qisqa vaqt ichida tiklab olishi va jamoaga ichki chempionat va YELning hal qiluvchi bosqichida sezilarli ko‘mak bera olishini yaxshi biladi.
3. Luis Dias («Portu»dan «Liverpul»ga) - 45 mln. yevro
Aftidan, Yurgen Klopp va uning shtabidagilar 25 yoshli kolumbiyalik futbolchini anchadan beri kuzatishgan va mukammal o‘rganishgan ko‘rinadi. Axir birdaniga 5,5 yillik shartnomani duch kelgan futbolchiga taklif etilmaydi. Qolaversa, futbolchi uchun «qizillar» naq 45 mln.dan voz kechganliklari ham fikrimizni tasdiqlaydi. Baho chakana emas!
2. Ferran Torres («Manchester Siti»dan «Barselona»ga) - 55 mln. yevro
21 yoshli ispaniyalik vinger uchun kataloniyaliklar hozirgi murakkab vaziyatda 55 «limon»dan voz kechishga imkoniyat topa oldilar. Shartnoma salmog‘i ham sarflangan sarmoyaga mos - 2027 yilning yozigacha. Xavi debyutantga imkoniyat berishni cho‘zib o‘tirmadi, Ferran esa munosib javob qaytardi: Ispaniya kubogi va superkubogi doirasida 3 marta maydonga tushib, bittadan gol va assistni amalga oshirdi. Adaptasiya, akklimatizasiya kabi tayyorgarliklarga zarurat sezilmadi.
1. Dushan Vlaxovich («Fiorentina»dan «Yuventus»ga) - 81,6 mln. yevro
Serbiyalik hujumchining Florensiyadan Turinga o‘tishini yanvar darchasidagi eng qimmat transfer ta’minladi. Lekin shuncha mablag‘ sarflagan «keksa sinyora» anoyilardan emasligiga ham shubha yo‘q. Joriy mavsumdagi dastlabki 24 uchrashuvda Dushan aynan 24 ball (20 gol, 4 assist) to‘pladi. 2018 yil yozida «Partizan»dan o‘tgan Vlaxovich «Fiorentina»ning asosiy va yoshlar jamoalarida 130 marta maydonga tushib, jamoalariga 69ta gol va 11ta samarali uzatmani tuhfa etdi. Shuningdek, Federiko Kyezaning jarohati ham transferni tezlatib yubordi. Endi serbiyalik hujumchidan uzoq muddatga safdan chiqqan Yevro-2020 chempioni o‘rnini to‘ldirishi talab etiladi.
MUHAMMADSODIQ tayyorladi