Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Timur Kapadze: “Kim bilan o‘ynashimizdan qat’i nazar g‘alaba uchun maydonga tushamiz!”

Timur Kapadze: “Kim bilan o‘ynashimizdan qat’i nazar g‘alaba uchun maydonga tushamiz!”

Baho:
+ | -

Ma’lumki, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritish maqsadida futbol bo‘yicha yangicha tizim asosida ish olib borilmoqda. Zamonaviy futbolni yaxshi tushunadigan, hozirda murabbiylik faoliyatini olib borayotgan Timur Kapadzega bo‘lajak Olimpiyachilarimiz boshqaruvi ishonib topshirildi. O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi tarkibidagi futbolchilarning doimo o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi, bir-birlarini yaxshi tushunishlari uchun 2001 yil tug‘ilgan va undan kichik yoshdagi yigitlardan iborat “Olimpik” jamoasi tashkil etildi. O‘tgan mavsum Pro-ligada ishtirok etgan klub debyut yildayoq Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu yil bo‘lajak Olimpiyachilarimizni juda katta sinovli musobaqalar kutib turibdi. Avvalo, poytaxtimizda o‘tadigan Osiyo chempionati, kuzda Xitoyda bo‘ladigan Osiyo o‘yinlari, shuningdek, Superliga va mamlakat kubogi Timur Kapadze va uning jamoasini qanchalik shiddatli bahslar kutayotgan dalolat. E’tiboringizga “Olimpik” va Olimpiya terma jamoasining yangi mavsumga tayyorgarligi haqidagi suhbatni havola qilamiz:

–  Xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ko‘zlangan reja amalga oshdimi?

– Albatta. Chunki 25 kun xorij yig‘inida bo‘ldik va 2 mahaldan mashg‘ulot o‘tkazdik. Oziq-ovqat va basseyn, sauna kabi boshqa masalalarda barcha sharoitlar muhayyo qilindi va bu futbolchilarning tiklanish jarayonini ham ancha tezlashtirdi. 10 ta o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdik. O‘z navbatida, yosh futbolchilarimiz bundan ancha tajriba orttirishdi. Ukraina, Makedoniya, Bolgariya, Qozog‘iston klublari, shuningdek, Meksika U-18 terma jamoasi bilan o‘ynadik. Har bir bahs shogirdlarimga tajribali raqiblarga qarshi to‘p tepish uchun yaxshi tajriba bo‘ldi. Raqib futbolchilari jismonan kuchli bo‘lsa-da, yigitlar hech bir jabhada ularga bo‘sh kelishmadi. Aksincha, yaxshi harakat qilishdi. Albatta, bu bizning to‘g‘ri yo‘lda ekanligimizni ko‘rsatib berdi. Fevral oyidagi yig‘in bizga uzoq davom etadigan mavsum oldidan juda muhim edi. Boisi, aynan shu paytda futbolchilar kuch yig‘ish bilan band bo‘ladi. Yozda o‘z maydonimizda bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogi va kuzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Osiyo o‘yinlariga ham tayyorgarlik uchun ayni muddao bo‘ldi.

–  Turkiya yig‘iniga jalb etilgan futbolchilar jamoaning asosiy tarkibi deya olamizmi?

– Balki asosiy tarkib deyish biroz noo‘rin bo‘lar. Sababi, shogirdlarim doim har xil sport formasida bo‘ladi. Lekin Olimpiya terma jamoamiz asosi mana shu yigitlar hisoblanadi. Bundan tashqari, legionerlar va Superliganing boshqa klublarida harakat qilayotgan futbolchilarimiz ham bor.  "Olimpik" jamoasining vazifasi - yosh futbolchilarimizga o‘yin amaliyoti berish va ularni yuqori darajaga olib chiqish. Shuning uchun, barcha shogirdlarim qancha kuchli o‘yin ko‘rsatsa, bu terma jamoamizga foydali bo‘ladi. Klubdagi o‘yinlar orqali ularni oldimizda turgan katta musobaqalarga texnik, taktik, professionallik - umuman har tarafdan tayyorlayapmiz.

–  Oldinda Toshkentda o‘tadigan Osiyo chempionati, Xitoydagi Osiyo o‘yinlari, Superliga va O‘zbekiston kubogi bahslari turibdi. Bir yilda bu qadar jiddiy musobaqalar jamoani qiynab qo‘ymaydimi?

– Avvalo, buni vaqt ko‘rsatadi. Bir narsani aniq bilaman, biz katta tajribaga ega bo‘lamiz. Yigitlar bu turnirlar orqali mahorat, tajriba, kuch tarafdan ancha o‘sishi tayin. Tarkibimizda futbolchilar soni yetarlicha va ularning barchasiga imkon beriladi. Istalgan musobaqada o‘z oldimizga eng yuqori maqsadlarni qo‘yishimiz tabiiy. Ammo asosiysi Parij Olimpiadasiga yo‘llanma olish. Buning uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni amalga oshiramiz. O‘ylaymanki, 2022 yil bu yo‘lda biz uchun katta maktab bo‘ladi.

–  Legionerlarning keyinchalik jamoaga qo‘shilib ketishi qiyin bo‘lmaydimi? O‘zi qaysi legionerlarimizni tarkibda ko‘rishni istaysiz?

– Menimcha, bu borada muammo bo‘lmaydi. Chunki ular avval ham bu yigitlar bilan birga to‘p tepishgan. Biz ularga doim ishonch bildiramiz. Muammo esa boshqa tomondan - legionerlarimizning safimizga qay holatda yetib kelishi. Yigitlar nufuzli turnirlar oldidan o‘tkaziladigan yig‘inimizga jalb etiladi va yurtimiz sharafini himoya qilishadi. Xorijda harakat qilayotgan futbolchilarimiz orasidan eng yaxshilarini terma jamoaga chaqiramiz. Asosiysi futbolchilar O‘zbekistonga foyda keltirsin! Har bir futbolchi o‘z darajasida o‘ynasa, yurtimiz sha’nini munosib himoya qila olishiga ishonaman. Istalgan murabbiy doim jamoasida eng kuchli futbolchilar bo‘lishini xohlaydi. Jumladan, biz ham eng yaxshi o‘yinchilarimiz mahoratidan foydalanishga harakat qilamiz.

–  Jamoa uchun yaratilgan sharoitlar haqida nima deya olasiz?

– Birinchi navbatda, yaratib berilgan sharoitlar uchun muhtaram Prezidentimizga, qolaversa Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston futbol assosiasiyasi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ularning yordami bilan biz yanada kuchliroq bo‘lishga harakat qilyapmiz. Turkiyada o‘tkazgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini futbolchilar uchun ancha foydali bo‘ldi. Endi O‘zbekiston Superligasida ham munosib ishtirok etib, bildirilgan ishonchni oqlashga, oldimizga qo‘yilgan vazifani uddalashga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Bu borada qo‘llab-quvvatlagan barchaga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.

–  Bu yil hisobidan yigitlar bilan oldinga qo‘yilgan minimum va maksimum vazifa qanday?

–  O‘z oldimizga har bir musobaqada maksimum vazifani qo‘yganmiz. Buni shogirdlarimdan qat’iy talab qilaman. Chunki o‘sishga erishish uchun har bir o‘yinga o‘zgacha yondashishimiz va faqatgina chempionlik uchun maydonga tushishimiz lozim. O‘ylaymanki, shogirdlarim buning uddasidan chiqishadi. To‘g‘ri, bu futbol va unda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Biz esa har bir bahsdan o‘zimiz uchun kerakli tajribani yig‘ishga urinamiz. Kim bilan o‘ynashimizdan qat’i nazar g‘alaba uchun maydonga tushamiz!

Manba: Olympic.uz
Kiritildi: 19:12, 14.02.2022.
O'qildi: 1184 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.