Kirish Ro'yxatdan o'tish
16/12 00:45 Roma 1-0 Komo
16/12 01:00 Rayo Valyekano 0-0 Betis
16/12 01:00 Man. Yunayted 4-4 Bornmut

Futbol atrofida: Azmun o‘z klublaridan ustun!

Futbol atrofida: Azmun o‘z klublaridan ustun!

Baho:
+ | -
Bo'lim: JAHON FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

Eron futboli yulduzi Sardor Azmun Osiyoda juda mashhur. Nafaqat «sariq qit’a», balki Yevropada ham. Deylik, u «Instagram» tarmog‘ida 4,3 million obunachiga ega. Ha, bu Krishtianu Ronalduning ko‘rsatkichi (400 milliondan ko‘p obunachi) oldida hech narsa emas. Lekin yana bir fakt bor: Azmun «Instagram»da odam yig‘ish bobida o‘zining barcha klublaridan ustun. Qolaversa, Yevropaning kuchli 5ta ligasidagi atigi 16ta klub «Ins­tagram»da Azmundan ko‘proq obunachiga ega, xolos.

Sardor Azmun joriy mavsum yakunlangach, Germaniya Bundesligasiga yo‘l olib, «Bayer» libosiga burkanadi. Oddiy aytganda, eronlik yigit faoliyatida yangi liga, yangi bosqichga qadam tashlaydi. Lekin maqolaning kirish qismida keltirilgan fakt o‘zgarmaydi. Har holda, hozirgi holatda Azmun «Instagram» tarmog‘ida bo‘lajak klubidan  ham ko‘proq obunachiga ega. Rossiya Premyer-ligasiga qarasak, bu masalada biror jamoa Azmun bilan raqobatlasholmaydi. Umuman, eronlik hujumchi faoliyatidagi barcha klublar va «Ba­yer»ning bu tarmoqdagi obunachilarini qo‘shib hisoblasak ham, vaziyat o‘zgarmaydi. Demak, raqamlarni keltiramiz:

Sardor Azmun - 4,3 mln. obunachi

Sardor Azmunning barcha klublari - jami 2,6 mln. obunachi

«Bayer» - 1,6 mln. obunachi

«Zenit» - 768 ming obunachi

«Rostov» - 140 ming obunachi

«Rubin» - 100 ming obunachi

Diqqat qiling, Yevropaning kuchli 5ta chempio­natida ishtirok etayotgan 98ta klubdan atigi 16tasi «Instagram»da 4,3 milliondan ortiq obunachiga ega. Boshqacha aytganda, jami jamoa­larning bor-yo‘g‘i 16 foizi «Instagram» maydonida Azmundan mashhurroq. Agar taqqoslash miqyosini kengaytirsak, bu foiz yanada kamayib boraveradi. Chunonchi, reyting bo‘yicha o‘rtamiyona sanalgan Portugaliya, Belgiya, Ukraina, Avs­triya va Serbiya chempionatlarida Azmun oldiga tushadigan klub yo‘q. Niderlandiya Eredivizioni ishtirokchilaridan esa faqat «Ayaks»da obunachilari soni eronliknidan ko‘proq. Birgina Turkiyada umumiy kartina boshqacharoq: 3ta jamoa «Instagram» maydonida eronlik futbolchini ortda qoldirmoqda.

Aytish o‘rinli, Sardor 2019 yil boshida «Zenit» safiga qo‘shilgan payt uning obunachilari soni 2,9 million edi. Demakki, hujumchi oxirgi 2 yil ichida keskin ravishda mashhurlashdi. Xo‘sh, Azmun nega shu qadar taniqli? Hammasi oddiy:

A). U eronlik.

B). Ayni payt Eron futbolida uning saviya­siga teng boshqa yulduz yo‘q, hisobi. Deylik, Eron milliy jamoasining oxirgi Osiyo kubogiga bergan «zayavka»siga qarasak, Yevropa klublarida o‘ynaydigan 9 nafar futbolchi bor edi va ular asosan «Trabzonspor» yoki «Nottingem Forest» darajasidagi klublardan chaqirilgandilar.

V). Eronning aholisi deyarli 87 millionga teng. Bu dunyo bo‘yicha 17-ko‘rsatkichdir. Taqqoslash uchun keltirsak, G‘arbiy Yevropadagi biror mamlakatda buncha ko‘p aholi yo‘q.

Azmun effekti «Instagram» kengliklarida qanday namoyon bo‘lmoqda? Rossiyalik jurnalist Mariya Komandnaya futbolchi bilan suhbatdan keyin bu borada aniq xulosasini bayon etgandi: «Azmunning Erondagi mashhurligi shunchaki, kosmik darajada. U «Instagram»ga men bilan suhbat voqeligini joylashtirgan zahoti chamasi 6 ming nafarga yaqin eronlik mening sahifamni kuzatishga tushdi. Ular hattoki, fors tilida yuzlab izohlar qoldirdilar».

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 12:45, 17.02.2022.
O'qildi: 1575 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.