Oxirgi vaqtlarda hujumchi Marko Asensioning joriy mavsum yakunida «Real» bilan xayrlashishi haqidagi xabarlar ko‘payganidan ko‘paydi. Lekin futbolchining o‘zi «Vilyarreal» bilan o‘yin (0:0) arafasida Cadena Ser kanali muxbiri bilan suhbatda alohida ta’kidladi: «Santyago Bernabeu»dan ketishni o‘ylayotganim yo‘q». Marko shuning barobarida ayni holatiga to‘xtaldi, yana Kilian Mbappe, Garet Beyl va Eden Azar haqida fikr bildirdi.
- «Granada»ga qarshi o‘yinda g‘alaba goliga mualliflik qildingiz. Demak, kayfiyat yaxshi...
- Ha, shunday. O‘yindan so‘ng o‘sha golni qayta-qayta ko‘rdim. Juda chiroyli va muhim gol. Umid qilamanki, ta’qibchi - «Sevilya»dan shu tarzda uzoqlashishda davom etamiz.
- Demak, Andalusiya jamoasiga La Ligadagi asosiy raqib sifatida qarayapsizlar, shundaymi?
- Hozirgi holatda bosh raqib - «Sevilya». Har holda, turnir jadvalida bizga eng yaqini shu klub. Lekin xotirjamlikka berilish yaramaydi, barqaror o‘yin asnosida ta’qibchilardan qancha ko‘p o‘zib ketsak, shuncha yaxshi.
- Karim Benzemaning joriy mavsumdagi mahsuldorligini nima bilan izohlaysiz?
- Jamoa uchun o‘ta muhim ijrochi. Ayniqsa, bu mavsum yanada mukammallashdi. Karim ayni payt barchamizga chinakam ilhom bag‘ishlamoqda. Muvaffaqiyati siriga kelsak, hammasi tajribadan. Har holda, Benzema og‘ir damlarni boshdan kechirdi, muhimi, har qanday holatda boy tajribasi evaziga o‘zligini yo‘qotmadi.
- OAVda tez-tez «Madrid»dan ketishingiz taxmin qilinmoqda. Bunga munosabatingiz qanday?
- Yo‘q, jamoa bilan xayrlashish haqida o‘ylamayapman. Ha, jarohat tufayli ancha qiynaldim, sport formasini tiklashim vaqt talab qildi. Asosiysi, yetarli salohiyatga egaligimni bilaman. Murabbiy bilan bir necha marta jiddiy gaplashdim va bu suhbatlar ham qo‘shimcha ishonch bag‘ishladi. Anchelotti mendan nimalar kutayotganini juda yaxshi tushunaman.
- «Real»ga Kilian Mbappe kelishi mumkin...
- Menga klubdosh sifatidami? Tabiatan eng yaxshi futbolchilar bilan birga o‘ynashni yoqtiraman. Qisqasi, agar Kilian kelsa, ajoyib munosabat o‘rtanishimizga ishonchim komil.
- JCH-2022 startiga tobora kam vaqt qolmoqda. Demak, Ispaniya termasi tarkibidan joy olish uchun harakatni kuchaytirishingiz kerak.
- Albatta, har doim mamlakatim bosh jamoasiga intilaman. Buning yo‘li tayin: avvalo, klub futbolida eng zo‘rlar qatoriga qaytishim kerak. Shunda Luis Enrike o‘z-o‘zidan menga qo‘ng‘iroq qilishni xohlab qoladi, albatta.
- Serxio Ramossiz o‘ynash qanday ekan? U tez orada sizlarga qarshi maydonga tushishi mumkin.
- Ramos «Granada» bilan o‘yindan so‘ng menga SMS-xabar yubordi. Ya’ni muhim gol bilan tabrikladi. Bunga javoban bo‘lajak o‘yinda u bilan maydonda uchrashishdan umidvorligimni yozdim.
- Xo‘sh, «PSJ» - «Real» duelida qaysi tomon favorit?
- Bunday qarama-qarshiliklarda favorit bo‘lmaydi. Tushunarliki, ajoyib jamoaga qarshi chiqamiz, lekin «Real Madrid»miz, shunday ekan, yaxshi o‘yin ko‘rsatib, chorak finalga chiqishimizga shubham yo‘q. Ko‘p narsaga qodir ekanligimizni bilamiz va tabiiyki, faqat g‘alabani ko‘zlaymiz.
- Kelajagingizni qanday ko‘ryapsiz?
- Avvalo, «Real»da o‘ynab, rohatlanishda davom etishni xohlayman. Ayni payt boshqasini miyamga sig‘dirolmayman. Ko‘p o‘yna, yaxshi o‘yna, muxlislarni quvontir, tamom!
- «Barselona» va «Atletiko»ning kuchsizlangani yaxshimi yoki...?
- To‘xtang, «Barsa» hozir yaxshi natijalarga erishyapti, tarkibini ham kuchaytirib oldi. Umuman, har ikki klubga past nazar bilan qaramaslik kerak. Joriy mavsum ilk marta ham «Atletiko», ham «Barselona»dan katta farq bilan oldinga chiqib oldik. Lekin La Liganing murakkab tomoni shuki, istalgan raqib sizni ochkodan mahrum etishi mumkin.
- Sizningcha, Anchelotti rotasiyaga haddan ortiq e’tibor qaratmayaptimi?
- Taqvim shuni taqozo etadi va bunga tayyormiz. Qolaversa, tarkibimizda munosib futbolchilar ko‘p. Kimning qancha o‘ynashini esa murabbiy hal qiladi. Deylik, oxirgi o‘yinlarda tarkibni tetiklashtirish maqsadida tushirilgan futbolchilar jamoaga katta yordam berishdi.
- Eden Azar va Garet Beyl «Real»da ortiqchami chindan ham?
- Eden yaxshi holatda, ammo ko‘p omillar bor. Masalan, jarohatlar. Menimcha, u joriy mavsumning o‘zida jamoaga katta yordam bera oladi. Garet Beylga kelsak, u maydonda borini ko‘rsatishi uchun butunlay sog‘lom bo‘lishi kerak. Umuman, Beyl «Madrid»ga ko‘p narsa berishga ulgurdi. Menimcha, hozir ham yaxshi formada va naf keltirishga tayyor. Unga amaliyot berish yoki bermaslik esa murabbiyning qarashlariga bog‘liq. Yigitlar bilan munosabati yaxshi. Albatta, har kimning o‘ziga xos fe’l-atvori bor, lekin Garetning ko‘rinishiga qarab, xulosa chiqarmaslik lozim.
M.MO‘LATOV tayyorladi