Mashhur Forbes jurnali joriy mavsum boshidan eng ko‘p maosh olgan futbolchilar haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. Bundagi summa AQSH dollarida hisoblab chiqildi. Shu jumladan, umumiy summaga nafaqat ish haqi miqdori, balki klublardan olinadigan bonuslar va reklamadan tushgan daromadlar ham qo‘shilgan.
Oxirgi 3 yil davomida ushbu ro‘yxatda birinchi o‘rinni egallab turgan argentinalik futbolchi Lionel Messi o‘z o‘rnini Krishtianu Ronalduga bo‘shatib berdi. Portugaliyalik futbolchi joriy mavsum raqibidan 15 million dollar ko‘proq ishlab topgan.
Quyida bu haqda qisqacha to‘xtalamiz.
1. Krishtianu Ronaldu - umumiy daromadi 125 million dollar
Futbolchi hozirda «Manchester Yunayted»da faoliyatini davom ettirmoqda va eski bizneslarini to‘xtatgani yo‘q. Aynan shu klubda u professional faoliyatini boshlagan edi. Ronalduning 2021/22 yilgi mavsumdagi umumiy daromadi 125 million dollarni tashkil qiladi. Bunga uning maoshidan tashqari, reklamadan olinadigan foyda ham kiradi. Hozir u Nike, Herbalife va Clear kabi yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qilmoqda. Bundan tashqari, futbolchi o‘z ijtimoiy tarmoqlaridan ham katta miqdorda daromad oladi.
2. Lionel Messi - 110 million dollar
Futbolchi uzoq vaqtdan beri birinchi marta eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilar reytingida pastga tushmoqda. Biroq shunga qaramay Messi o‘z mehnatiga yarasha hamon munosib miqdorda maosh oladi deyish mumkin. «PSJ»ga o‘tishi munosabati bilan Leoning maoshi kamaydi, ammo bu uning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilar uchligida qolishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Messining daromadi 110 million dollarni tashkil qilmoqda. U Adidas, Pepsi, Jacobs & Co bilan hamkorlik qiladi.
3. Neymar – 95 million dollar
Forbes ma’lumotlariga ko‘ra uchinchi o‘rinni braziliyalik futbolchi Neymar egallagan. Uning o‘tgan yildagi daromadi 95 million dollarni tashkil etdi, shundan 75 million dollari ish haqi, 20 millioni esa turli reklama kompaniyalaridan kelib tushgan pullardan iborat. Olti oy oldin futbolchi parijliklar bilan yangi shartnoma imzolagan bo‘lib, bu 2025 yil oxirigacha amal qiladi. Neymarning Puma kompaniyasi bilan ham sherikligi bor.
4. Kilian Mbappe – 43 million dollar
Fransiyalik o‘tgan mavsumda o‘zidan oldingi futbolchilardan deyarli ikki baravar kam maosh olib yurardi. Biroq, nufuzli nashrning prognozlariga ko‘ra, u tez orada daromadini sezilarli darajada oshirishi mumkin. O‘tgan yil bahorida futbolchi parijliklar bilan yangi shartnoma imzolamagan, shuning uchun bu mavsum uning bu klubdagi so‘nggisi bo‘lishi kutilyapti.
5. Muhammad Saloh – 41 million dollar
Misrlik futbolchi yildan yilga o‘z muxlislari e’tiborini o‘ziga ko‘proq qaratmoqda. Salohning «Liverpul»dagi shartnomasi yana 2 yil amal qiladi. Rahbariyat Muxammad bilan bitimni keyinchalik yana uzaytirishni reja qilgan. Hujumchi o‘tgan mavsumda 41 million dollar ishlab topgan va shundan 25 millioni maosh va bonuslardan iborat.