Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Yubiley: Mohir futbolchi, adolatli hakam, mehribon ustozning dil so‘zlari...

Yubiley: Mohir futbolchi, adolatli hakam, mehribon ustozning dil so‘zlari...

Baho:
+ | -

Hayotda adolatli, to‘g‘riso‘z, halol insonlar doimo qadr-qimmat topishgan. Ular mo‘may daromadga intilishmasada, oddiylik, kamtarlik fazilatlari umr yo‘llarini bezaydi, shu tariqa el-yurt orasida hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lishadi. Hakam, nazoratchi va murabbiy sifatida tanilgan «Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi», FIFAning sobiq referisi Konstantin Smirnov bugun (1 mart) 60 yoshini qarshiladi. Maxsus muxbirimiz shu bahona yubilyar bilan bafurja suhbatlashdi.

- Konstantin Borisovich, avvalo, 60 yoshga to‘lganingiz bilan qutlaymiz. Ertalabdan velosepedda qayergadir shoshayotgandeksiz. Ko‘pchilik shaxsiy avtomobil yoki jamoat transportidan foydalanadi, siz esa...

- Tabrik uchun rahmat. Velosiped minishga kelsak, bu jismoniy harakat, demak, salomatlikka foyda. Qolaversa, avtomobil, shohona hayotga qiziqmadim. Oddiylikni xush ko‘raman, birovdan o‘zib ketishga intilmayman. Ukam Yevgeney ham doimo velosipeddan foydalanadi.

- O‘zbek tilida ravon so‘zlaysiz. Bu qiziqishdanmi yoki turmush muhiti talabidan?

- Qayerda yashasang, avvalo, mahalliy xalqning madaniyati, urf-odatlari, tili va dinini hurmat qilish kerak. O‘zbek yigitlari bilan bir mahallada yashab, barcha an’analar, jumladan, tilni ham o‘rganganman. Axir til bilgan el biladi. Otam Boris Smirnov Shahrisabzda tug‘ilgan. Onam Roza Smirnova qarshilik, hamshira bo‘lib ishlagan. Ukam Yevgeniy ham sportchi. Hozirgi kunda Rossiyaning Saratov viloyati Volsk shahridagi maktabda jismoniy tarbiya fanidan saboq berish barobarida yosh futbolchilarni shug‘ullantiradi. Turmush o‘rtog‘im Yelena «O‘ztelekom»ning viloyat bo‘limi xodimasi. O‘g‘lim Dmitriy O‘zbekistonning 13 karra chempioni «Sevinch» ayollar jamoasida murabbiylik qilmoqda.

- Katta sport, xususan, futbolga kirib kelish tarixingizni eslasak...

-Qarshidagi 1-sonli maktabda tahsil olganman. Futbolga qiziqishimda murabbiy Qo‘zi aka Sag‘diyevning xizmati katta. 9 yoshdan uning seksiyasida shug‘ullana boshlagandim. 1970 yili Qarshiga mashhur Minsk «Dinamo»si kelib, o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushgan. Esimda, stadion muxlislar bilan liq to‘lgandi. O‘shanda maydon chetida to‘pni futbolchilarga qaytarib turgan bolakaylar qatorida edim. 1978-1996 yillar oralig‘ida «Qarshistroy», «Geolog», «Mash’al» va «Nasaf» jamoa­lari safida faoliyat yuritdim. Xususan, 17 yoshda «Qarshistroy» safida debyut qilgandim.

- Mustaqillik yillari boshida «Mash’al» himoyasida ishonch bilan to‘p surdingiz. Har holda, statistik ko‘rsatkichlaringiz chakki emas.

- Ha, 1991-1996 yillar davomida «Mash’al»ning 100tadan ortiq rasmiy o‘yinida ishtirok etdim, himoyada harakatlanganimga qaramay, 8ta gol ham urdim.

- O‘sha davrdan keyingi futbol taraqqiyotida nimalarni alohida ko‘rsata olasiz?

- Istiqlol futbolga tub burilish bag‘ishladi. Mana, ortda qolgan yillar O‘zbekis­ton milliy va olimpiya jamoa­lari qatori klublar ham o‘z shakli va infratuzilmasiga ega bo‘ldi. Oddiy aytganda, futbolimizni, jamoalarimizni Osiyo tanidi. 1997-2006 yillarda O‘zbekiston chempio­nati elit ligasi o‘yinlarida bosh hakam sifatida ishladim. Vaqtida FIFA referisi Anatoliy Kovalenko sabog‘idan bahra oldim. 2002 yili esa o‘zim ham FIFA hakami maqomiga erishdim. Shu tariqa Janubiy Koreya va Malayziyada o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlari futbol yo‘nalishida bosh hakam vazifasini bajardim. Shuningdek, BAA, Eron, Vetnam, Malayziya va Janubiy Koreyada OCHL doirasidagi o‘yinlarni boshqardim. Yana JCH-2006 saralash bosqichidan o‘rin olgan Vetnam - Livan uchrashuvida ishlaganim ham esimdan chiqmaydi. 2010 yili xizmatlarim e’tirofi o‘laroq, FIFAdan hakamlar instruktori, 2015 yili esa OFKdan murabbiylik lisenziyasini oldim.

- Ayni payt shogirdlaringiz juda ko‘p. Kimlarni e’tirof etishni istardingiz?

- Faoliyatini «Nasaf»da boshlab, keyinchalik «Paxtakor» safiga qo‘shilgan O‘zbekiston milliy jamoasi himoya­chisi Sherzod A’zamov ilk saboqni mendan olgandi. «Nasaf» bosh direktori Alisher Yusupov ham shogirdim hisoblanadi. Hakamlik yo‘nalishida esa FIFA referilari Ravshan Ermatov, Valentin Kovalenko va Viktor Serazitdinovga saboq berganimdan faxr­lanaman. Umuman, Superliga va Pro liga o‘yinlarida ishlayotgan shogirlarim bir talay: Naim Qosimov, Firdavs Norsafarov, Komil Rasulov, Artyom Kalinin, Farhod Usmonov, Zufar Elboyev, Zilola Rahmatova, Husnora Jumayeva... 43 yillik mehnat faoliyatimda murabbiylik sohasi alohida o‘rin tutadi. Hozirgi kunda Qarshi Davlat universiteti fakultetlararo jismoniy madaniyat va sport kafedrasida katta o‘qituvchi bo‘lib ishlayapman. Bundan tashqari, O‘zbekiston milliy chempio­nati o‘yinlarida nazoratchi rolini bajaraman.

- Demak, talabalar auditoriyasi begona emas.

- O‘tgan davr mobaynida 3 bosqichli sport musobaqalari doirasida futbol bo‘yicha talabalar terma jamoasiga murabbiylik qildim, Universiada final bosqichida faxr­li o‘rinlarni egalladik. Yaqinda universitetimizda zamonaviy stadion foydalanishga topshirildi. 2022 yildan universitet talabalaridan shakllantirilgan «Lochin» jamoasi O‘zbekiston chempio­nati Ikkinchi ligasida ishtirok etadi. Maqsad katta - talabalarni futbolga oshno qilib, jamoaning yuqori ligalarda ishtirok etishini ta’minlash.

- Bizda inson, uning mehnati doimo qadrlanadi. Bu fikrga 60 yillik hayot yo‘lingiz e’tirofi ham dalolat...

- Xuddi shunday. Mendek oddiy oila farzandining Osiyo va jahon arenalarida hakamlik qilishi - mo‘’jiza, istiqlol tortiq etgan baxt. Ilgari FIFA hakamligiga sobiq ittifoqning faqat yirik shaharlaridan nomzodlar tanlanganini eshitganmiz. Endilikda o‘zbekistonlik hakamlar ham xalqaro o‘yinlarni boshqarishyapti. Qarang, shogirdim Ravshan Ermatov 3ta JCHga borib, o‘yinlar soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Bir vaqtlar FIFA hakami Anatoliy Kovalenko menga ustozlik qilgan bo‘lsa, uning farzandi Valentin shogirdim hisoblanadi. Hozirda salohiyati katta iste’dodli yoshlar ko‘p. Faqat ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashimiz kerak. Mehnatim qadr-qimmat topib, «Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi» ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildim. Bu g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shib, futbolimiz ravnaqi, yoshlarimiz kamoloti yo‘lida yanada faol bo‘lishga undaydi. O‘z o‘rnida, bag‘rikeng o‘zbek xalqi, muhtaram Yurtboshimizga minnatdorchilik bildiraman. «InterFutbol» gazetasi jamoasi va uning o‘quvchilariga sog‘-omonlik tilayman.

Husan TEMIROV suhbatlashdi

Manba: interfutbol.uz
Kiritildi: 11:00, 05.03.2022.
O'qildi: 1584 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.