Kecha tunda «Bavariya» Chempionlar ligasi 1/8 final javob o‘yinida «Zalsburg»ni mag‘lub etdi - 7:1. Chempionlar ligasida yirik hisobdagi g‘alabalar uchrab tursada, bundayin natijalar hamon hayratlanarli. Ayniqsa, pley-off haqida gap ketganda.
Quyida Chempionlar ligasida tarixidagi yetti va undan ko‘p gol urilgan barcha uchrashuvlarni e’tiboringizga havola etamiz.
«Liverpul» - «Beshiktosh» (8:0) - 2007 yil noyabr
Inglizlar Chempionlar ligasi tarixida birinchi bo‘lib bitta o‘yinda sakkizta gol urishni uddalagan va o‘sha paytdan beri hech kim bundan kattaroq hisobda g‘alaba qozona olmadi. O‘shanda Yossi Benayun xet-trik qayd etgan bo‘lsa, Piter Krauch dubl muallifiga aylangandi.
«Real Madrid» - «Malmyo» (8:0) - 2015 yil dekabr
Sakkiz yildan keyin Chempionlar Ligasi rekordi yana takrorlandi. Qolaversa, bu ham aynan Rafael Benites boshliq jamoaga tegishli (yuqorida tilga olingan «Liverpul»ning ustozi o‘shanda Benites edi). Uchrashuv masalasini ikki qotil hujumchi hal etgan: Krishtianu Ronaldudan poker va Karim Benzemadan xet-trik.
«Yuventus» - «Olimpiakos» (7:0) - 2003 yil dekabr
Ushbu o‘yinda bitta bosh qahramonni ajratib ko‘rsatish qiyinroq edi. Bahsdagi yetti gol oltita o‘yinchi hisobiga yozilgan. Dublga erishgan yagona futbolchi - David Trezege. Qolgan gollarga Mikkoli, Enzo Mareska, di Vayo, del Pyero, Salayetalar mualliflik qilgan.
«Arsenal» - «Slaviya» (7:0) - 2007 yil oktyabr
Bu uchrashuvda asosiy yulduzni ilg‘ab olish osonroq: Teo Uolkott. U 18 yoshida Chempionlar ligasida debyut qilishi bilan dublga erishdi. Uning dubli hamon Chempionlar ligasi tarixidagi eng yosh futbolchi tomonidan qayd etilgan natija bo‘lib turibdi. Shuningdek, Fabregas ham dubl muallifiga aylandi. Aleksandr Gleb va Niklas Bendtner o‘z hisoblariga bittadan golni yozdirib qo‘yishgan.
«Jilina» - «Marsel» (0:7) - 2010 yil noyabr
Andre-Pyer Jinyak porlagan oqshom yodingizdami? U o‘shanda xet-trik qayd etgan. Ushbu g‘alabadan so‘ng «Marsel» pley-offga yo‘l olgan, ammo 1/8 finalda «MYU» qarshiligini yenga olmagan.
«Valensiya» - «Genk» (7:0) - 2011 yil noyabr
Roberto Soldado katta sahnaga chiqqan kecha. U birinchi bo‘limdayoq xet-trik qayd etdi va «Valensiya»ga osonlik bilan uch ochko keltirdi. Eng qizig‘i, o‘shanda bu ikkala juftlikdan hech biri pley-offga chiqa olmagan - ular «Chelsi» va «Bayer»ga bu yo‘lda imkoniyatni boy bergan.
«Bavariya» - «Bazel» (7:0) - 2012 yil mart, 1/8 final
Myunxenliklar Chempionlar ligasining 1/8 finalida yettita gol urishning uddasidan chiqishdi - kechagi natijadan aynan 10 yil avval. O‘yinda Mario Gomes poker qayd etgan. Xabaringiz bor, «Bavariya» o‘sha mavsum Chempionlar ligasi finaliga qadar yetib bordi, ammo u yerda «Chelsi»ga yutqazib qo‘ygan.
«BATE» - «Shaxtyor» (0:7) - 2014 yil oktyabr
Azaliy qo‘shnilar uchrashuvida tanaffusga qadar «Shaxtyor» 6:0 hisobida oldinga chiqib oldi. O‘shanda Luis Adriano 5 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
«Bavariya» 7:0 «Shaxtyor» - 2015 yil mart
Oradan bir yil o‘tib, «Shaxtyor»ning o‘zi ham bundayin yirik mag‘lubiyat qurboniga aylandi. O‘shanda ham kechagidek bo‘lgani kabi Myuller hamda Levandovski o‘z hisoblariga gol yozdirib qo‘yishgan.
«Barselona» 7:0 «Seltik» - 2016 yil sentyabr
Ushbu bahsda tezkor kiritilgan gol shotlandiyaliklar ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Messi 3-daqiqada hisobni ochganidan so‘ng bo‘lim o‘rtalarida Mussa Dembele penalti tepish imkoniyatiga ega bo‘ldi, biroq undan unumli foydalana olmadi. Shundan so‘ng ikkinchi bo‘lim to‘lig‘icha «ko‘k-anorranglilar» ustunligida o‘tib ketdi. Messi yana ikkita gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
«Maribor» - «Liverpul» (0:7) - 2017 yil oktyabr
2017/18 yilgi Chempionlar ligasida «Liverpul»dan «Spartak» va «Maribor» jamoalari katta aziyat chekishgan. Raqiblaridan bir xil 0:7 hisobida zafar quchgan Yurgen Klopp shogirdlari yakunda «Real Madrid» bilan birga finalga yo‘l oldi – ammo chempionlikni qo‘lga kirita olmadi.
«Man Siti» 7:0 «Shalke» - 2019 yil mart, 1/8 final
Chempionlar ligasining 2018/19 yilgi mavsumida pley-offning birinchi bosqichi «Siti» uchun eng osoni bo‘ldi. O‘shanda jamoaning butun hujum chizig‘i gol urgan. O‘yinda Serxio Aguero dublga erishgan.
«Barselona» - «Bavariya» (2:8) - 2020 yil avgust, 1/4 final
Ushbu o‘yin «Barsa» muxlislari tomonidan uzoq vaqtgacha unutilmasa kerak. Ayniqsa, uchrashuv oxirida kataloniyaliklar Myunxenga ijaraga bergan o‘yinchisi Filippe Koutinyo dubl qayd etsa, bundan ayanchlisi bo‘ladimi?
«MYU» - «Roma» (7:1) - 2007 yil aprel, 1/4 final
O‘yinda yosh Krishtianu dublga erishgan. Darhaqiqat, yana bir juft gol hozirda «mankunianliklar» murabbiylar shtabida ishlayotgan Maykl Karrik hisobiga yozilgan.
«Bavariya» - «Sporting» (7:1) - 2009 yil mart, 1/8 final
«Bavariya» Chempionlar ligasida o‘ziga duch kelgan raqibni tor-mor etishni yaxshi ko‘radi - ayniqsa pley-offlarda. O‘yinda Shvaynshtayger, Podolski va Myuller maydonda xohlagan ishlarini qilishdi. Ammo 1/4 finalda Myunxen jamoasi «Barsa» bilan to‘qnash keldi va muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
«Barselona» - «Bayer» (7:1) - 2012 yil mart, 1/8 final
Leo Messi penta-trik qayd etgan oqshom barchaning yodida. Ammo «Barsa» 2011/12 yilgi mavsumda Chempionlar ligasi yarim finalida «Chelsi» to‘sig‘idan o‘ta olmagan.