Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Otabek G‘ulomxo‘jayev: «Bekobodda barcha ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan»

Otabek G‘ulomxo‘jayev: «Bekobodda barcha ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan»

Baho:
+ | -

Bekobodning “Metallurg U-21” jamoasi O‘zbekiston birinchiligida yaxshi start oldi. Jamoa o‘tgan yilgi birinchilik g‘olibi – AGMK bilan o‘yinda 0:2 hisobida yutqaza turib, durangga erishdi. 2-turda esa mamlakatimizning eng yaxshi futbol akademiyasiga ega “Nasaf” futbol klubi yoshlarini Qarshida 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib qaytdi. Dastlabki ikki turidan keyin 4 ochko jamg‘argan Otabek G‘ulomxo‘jayev shogirdlari birinchilikda peshqadamlar safida bormoqda. Qarshi safaridan keyin biz “Metallurg U-21” jamoasi ustozi Otabek G‘ulomxo‘jayev bilan dastlabki ikki tur xulosalari, imkoniyatlar va mavsum rejalari mavzusida suhbatlashdik.

— Otabek, avvalo Sizni va shogirdlaringizni mavsumdagi birinchi g‘alaba bilan tabriklaymiz. Birinchilikning endigina ikkita turi ortda qoldi. Butun mavsum oldinda. Shunday bo‘lsa-da, mamlakatimizning ikki yetakchi klubi o‘rinbosarlariga qarshi o‘yinlar qandaydir xulosa chiqarish uchun yetarli bo‘ldimi?
— Tabrik uchun rahmat. To‘g‘risi ikkita o‘yin bilan xulosa chiqarish juda qiyin. Ammo shu narsani aytish kerakki, mavsum oldi tayyorgarlik jarayonidagi hamda dastlabki ikki turdagi yigitlarimizning shiddati, ijobiy natija uchun intilishi, g‘ayrati biz murabbiylarni juda xursand qildi. Mavsum arafasida klubimiz rahbariyati jamoani shakllantirish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib bergandi. Qo‘l ostimizga kelgan nomzodlarni TFA kubogida qatnashib ko‘zdan kechirdik. Jamoamizga loyiq deb xulosaga kelganlarimizni olib qoldik. Jamoa o‘yinini shakllantirib bordik. Bu esa AGMK va “Nasaf” jamoasiga qarshi o‘yinlarda asqotdi.

— AGMK yoshlari o‘tgan mavsum mamlakat birinchiligining g‘olibi bo‘lgandi. A’zam Sherg‘oziyev jamoasining chempion tarkibi deyarli o‘zgarmagan. Mavsumni shunday kuchli raqibga qarshi boshlash oson kechmagandir...
— To‘g‘ri aytasiz, birinchi turdagi raqibimiz juda jiddiy edi. Bundan tashqari Toshkent viloyati kichik derbisi degan maqomi bor edi, o‘yinimizning. Klubimizda U-21 hamda U-18 jamoalari bevosita bosh murabbiyimiz Luisma Ernandesning nazorati ostida turadi. Barcha amalga oshirayotgan ishlarimizni u nazorat qilib, kuzatib boradi. Kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berib boradi. Jamoaning holatidan boxabar holda Ernandes haftalik mashg‘ulotlar sikligacha  tasdiqlab beradi. AGMK bilan o‘yin arafasida ham u bilan maslahatlashgan holda shogirdlarni shug‘ullantirdik. Tarkibni ishlab chiqdik. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak, Superliganing aksariyat yoshlar jamoasi ikki-uch yillik o‘yin amaliyotiga ega, shakllanib ulgurgan kollektivlardir. Bizda esa o‘tgan yilgi tarkibdan barmoq bilan sanarli darajada oz o‘yinchilar qoldi. Bu yil U-21 jamoamizga 2003, 2004 va hatto 2005 yilgi bolalarni qabul qildik. Bunday yoshlar bilan esa chempion jamoaga qarshi o‘ynash oson kechmadi. Kuzatgan bo‘lsangiz, aynan futbolchilarimizning yoshligi, biroz tajribasizliga hamda hayajoni evaziga o‘yin davomida 0:2 hisobida ortda qola boshladik. Ammo tanaffusda ularni ruhlantira oladigan gaplarni topa oldik. Ikkinchi taymda o‘yinni butkul o‘zgartirib yubordik. Bizda to‘pni o‘zida yaxshi olib yuradigan, mas’uliyatni zimmasiga ola biladigan Shahzod Ne’matjonov, Daler Sharipov singari iste’dodli o‘yinchilarimiz bor. Ularning yoniga esa bosh murabbiyimiz tomonidan asosiy tarkibda o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmayotgan bir ikki nafar tajribali o‘yinchilarni qo‘shib, dastlabki ikki turda ijobiy natijalarni qo‘lga kiritdik. AGMK bilan o‘yinda nafaqat hisobni tenglashtirishga erishdik, hatto yutib ketishimiz ham mumkin edi. Uchrashuv oxiriga kelganda bir qator yaratilgan vaziyatlarni golga aylantirganimizda, uch ochkolik bo‘larmidik?

— Ikkinchi turdagi raqib “Nasaf” bilan o‘yin haqida nimalar deya olasiz? Nimaning evaziga kuchli raqib safarda mag‘lubiyatga uchratildi?
— “Nasaf”ning kuchi va salohiyatiga ortiqcha to‘xtalib o‘tirish joiz, deb o‘ylamayman. Mamlakatimizda bugungi kunda iste’dodlarni yetishtirib berishda “Nasaf” akademiyasi yaqqol peshqadam. Ro‘ziqul Berdiyev har yili asosiy tarkibni o‘z akademiyasi tarbiyalanuvchilari evaziga boyitib, kuchaytirib borayotganini barcha yaxshi biladi. Shu sababdan ham o‘yinga qattiq tayyorgarlik ko‘rdik. “Nasaf”ning “Navbahor”ga qarshi safar o‘yini tasmasini o‘rgandik. Mazkur uchrashuvda qarshiliklar Namanganda 3:2 hisobida g‘alaba qozongandi. Qarshidagi o‘yinimizni himoyadan tashkil etdik. Imkoniyat bo‘lganda qarshi hujumlar bilan maydon egalarini ortga chekinishga majbur etib turdik. O‘yin juda og‘ir kechdi. Birinchi taymda maydon egalari penaltidan unumli foydalanganida, ehtimol uch ochkoni qo‘lga kirita olmagan bo‘lardik. Ammo hammasi biz uchun ko‘ngilli yakunlandi. Ikkinchi taymda bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirdik. Tartibli himoyalandik. Qarshi hujumlarda faollikka erishdik. Yuqori tempni saqlab turdik. Mezbonlarni himoyada xatoga yo‘l qo‘yishga majbur etdik va penalti ishladik. Standart vaziyatdan sardorimiz Farruxbek Hojibekov unumli foydalandi va jamoamizga mavsumdagi birinchi g‘alabani taqdim etdi.

— “Nasaf”ga qarshi uchrashuvda aynan ushbu klub tarbiyalanuvchilari bo‘lgan aka uka Xayrullayev, darvozabon Sayyotovlarning xizmatidan ham foydalandingiz. Ularning o‘yini haqida nimalar deya olasiz?
— Mavsum arafasida jamoamiz tarkibini O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga nomzod Ravshan hamda Alisher Xayrullayev va Humoyunshoh Sayyotov singari iqtidorli o‘yinchilar bilan kuchaytirib olganimizdan xursandman. “Nasaf” akademiyasi tarbiyalanuvchilari sobiq jamoadoshlariga qarshi o‘yinda o‘zlarining ijobiy xislatlarini ko‘rsatishib, tanlovimizning qanchalik to‘g‘ri bo‘lganligini yana bir marta isbotlashdi. Albatta bu yildan tarkibimizga qo‘shilgan futbolchilarning yangi jamoaga moslashib ketishlari uchun biroz vaqt kerak. Qolaversa, sobiq jamoadoshlarga qarshi o‘yinning o‘zgacha bosimi bo‘ladi. Birinchi taymda hali 17 yoshga ham to‘lmagan Ravshanni maydonga tushirdik. Ikkinchi taymda esa Alisherning xizmatlaridan foydalandik. Ularning har ikkalasida, qolaversa jamoamizning qolgan o‘yinchilarida ham kuchli raqibga qarshi safar o‘yini hayajoni kuzatildi. Shunday lahzalarda Vladimir Vagin, Hakimxon Alamxonov singari tajribali o‘yinchilarimizning tarkibimizda borligi qo‘l keldi. Ular maydonda yosh jamoadoshlariga kerakli ko‘rsatma va maslahatlarini berib turishdi. Humoyunshoh esa kollektivga juda tez moslashib va kirishib ketdi, desam yanglishmayman.

— Otabek, Siz O‘zbekiston U-19 terma jamoasida bosh murabbiy bo‘lib ishlagansiz. Deyarli barcha klublarimizda yoshlar tarbiyasiga qanday e’tibor berilayotganligini o‘z ko‘zingiz bilan borib, joylarda ko‘rgansiz. “Paxtakor”, “Bunyodkor”, “Andijon” va “Navbahor” futbol klublarida bevosita ishlagansiz. Mana endi Bekoboddasiz? Avval mehnat qilgan klublaringiz va hozirgisidagi sharoitlarni qiyoslay olasizmi?
— Mamlakatimizdagi barcha klublarda bo‘lganman, yoshlarni saralash ishlari bo‘yicha. Ishlagan klublarimning o‘ziga xos tomonlari bo‘lgan. Ammo mamnuniyat bilan qayd etishim kerak, “Metallurg” tamomila o‘zgacha olam. Bu klubda men judayam ajoyib shart-sharoit va kollektivga duch keldim. Bu yerda hamma narsa futbolchilarning manfaatlari asosiga yo‘naltirilgan. Bog‘bondan tortib, oshpazgacha, jamoa massajchilaridan tortib klub rahbariyatigacha futbolchilarga barcha qulayliklarni yaratib berishga harakat qilishadi. To‘g‘risi, klubimizdagi hozirgi o‘yinchilarga havasim keldi, hasadim ham. Bizning paytimizda bunaqa sharoitlar bo‘lmagan. Futbolchi faqat va faqat o‘z mahoratini oshirish ustida ishlashi, o‘ynashi lozim. Qolgan barcha sharoitlar muhayyo etib qo‘yilgan. Klubdagi shart- sharoitlar bo‘yicha “Metallurg”ni Superligada TOP uchtalikka kiritgan bo‘lardim. Ayniqsa, klub qoshida faoliyat yuritayotgan futbol akademiyasini aytmaysizmi?! Judayam zamonaviy akademiya. Hamma jarayonlar kompyuterlashtirilgan. Akademiyaning o‘quv tizimi ichida. O‘zining ta’lim jarayoni – maktabiga ega. Bunaqasi mamlakatimizda boshqa yo‘q. Futbol yo‘nalishi bo‘yicha ish jarayoni Qirollik klubi – “Real” (Madrid) dasturlari asosida olib boriladi. Tarbiyalanuvchilarga ozoda, shinam yotoqxonalar taqdim etilgan. Ovqatlanish tizimi haqida ta’rifga so‘z ojiz. Futbolchilarning kiyim kechaklari yuvilgan, dazmollangan. Guruhlarga alohida murabbiylar, tarbiyachilar biriktirilgan. Akademiya tarbiyalanuvchilariga uyidanda yaxshiroq sharoit, qulayliklar yaratib berilgan. Futbol yo‘nalishidan tashqari 3-4 ta xorij tillarini o‘rganishmoqda. Shunday imkoniyatlar, sharoitlar yaratib berilgandan keyin uni ko‘zga surtib, mehnat qilish, ishlash kerak. Yaqin 4-5 yil ichida “Metallurg” ham “Bunyodkor” va “Nasaf” singari o‘z tarbiyalanuvchilari bilan asosiy tarkibini kuchaytirib boradi. Sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan kuchli kollektivga aylanadi.

— Sir bo‘lmasa, yaqin oradagi reja va maqsadlar bilan o‘rtoqlashsangiz...
— “Nasaf” bilan o‘yindan keyin, futbolchilarga ikki kun dam berdik. 13 mart sanasida Bekoboddagi qarorgohimizda yig‘ilamiz va “Surxon”ga qarshi o‘yinga tayyorgarlikni boshlaymiz. Jamoamiz oldiga asosiy vazifa qilib asosiy tarkibga munosib o‘rinbosarlarni yetishtirib berish, o‘z navbatida ortimizda o‘sib kelayotgan tarkiblar bilan hamkorlikda ishlash, ularning ham o‘sishiga ko‘maklashishdan iborat. Asosiy tarkib murabbiylaridan Ilyos aka Qurbonov bizga yordam berib turadi. U-21 jamoasidagi bevosita yordamchim esa Bahrom Umarov. Mamlakat yoshlar terma jamoasida Rauf aka Ineleevning ham yordamchisi sanaladi. OFK yo‘riqchisi, har tomonlama bilimli, izlanuvchi mutaxassis. U-18 jamoamiz ustozi esa yaqin o‘tmishning ajoyib futbolchisi Shuhrat Yo‘ldoshev. Xullas, ishchan, g‘ayratli yoshlardan jamlangan kollektiv bir maqsad yo‘lida hamfikr, hamjihat mehnat qilayapmiz.

— Sizga va jamoangizga 2022 yilgi mavsumda omad va muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz. Chiroyli, hujumkor futbol bilan Bekobod ahlini, qolaversa mamlakatimiz futbol jamoatchiligini xursand etib yuringlar.
— Men ham fursatdan foydalanib bizga barcha zarur shart sharoitlarni yaratib berayotgan muassislarimizga – O‘zbekiston metallurgiya kombinatiga, aksionerlik jamiyati boshqaruvi rahbariyati va ishchi xizmatchilariga minnatdorchilik bildiraman. Ikkinchi murojaatim esa futbolni sevuvchi, qadrlaydigan yurtdoshlarimizga: Bekobodda futbol uchun barcha qulayliklar yaratib berilgan. Farzandlaringiz, nevara, chevaralaringiz yetuk futbolchi bo‘lib o‘sishini xohlasangiz, hech ikkilanmasdan “Metallurg” PFK qoshida faoliyat yuritayotgan “El Golazo Academy Powered by Real Madrid Foundation” bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi olib keling. Bu yerda orzu, istaklaringiz ro‘yobga chiqadi. Zamonaviy, TOP akademiyada tahsil olgan farzandingiz vaqti kelib nomdor futbol klublarida, terma jamoalarimizda to‘p surishiga shohid bo‘lasiz.

Manba: https://t.me/metallurguz
Kiritildi: 07:57, 12.03.2022.
O'qildi: 1582 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.