«Barselona» prezidenti Joan Laporta o‘tgan yoz moliyaviy muammolar tufayli jamoa afsonasi Lionel Messi bilan o‘rtadagi shartnoma muddatini uzaytirolmadi. Oqibatda argentinalik hujumchi «blaugrana» bilan erkin agent maqomida xayrlashdi. Oddiy aytganda, «PSJ» uning transferiga bir chaqa ham to‘lagani yo‘q. Laporta keyinchalik Kataloniya klubi La Liganing maosh me’yori bo‘yicha qoidalari tufayli Messini qo‘yib yuborishga majbur bo‘lganini ko‘p bora ta’kidladi. «Barsa» rahbari navbatdagi chiqishida ham avvalo, o‘sha muhim va qaltis qaroriga alohida to‘xtaldi.
«Ha, Leo bilan xayrlashish qarori juda achinarli, - dedi Laporta Barselona rasmiy OAV vakillari bilan suhbatda. - O‘zimga qolsa, Messining ketishini hech qachon xohlamasdim, lekin mohiyatan qaraganda, voqealar rivojidan aslo afsuslanmayman. Binobarin, klubni amalda har narsadan, hattoki, eng kuchli futbolchidan ham ustun qo‘yishimiz shart. Qolaversa, vaziyat shunday yo‘l tutishni taqozo etgandi. Tobora haqiqat tomon yaqinlashyapmiz. Mana, hozir hech narsa bo‘lmagandek tuyulmoqda. Har holda, «Barselona» hikoyasi davom etmoqda. Faqat puxta o‘ylangan qarorlar ustida ishlash asnosida yana muvaffaqiyat sari yo‘lga qaytishimiz mumkin».
Kumanni ishdan bo‘shatish qarori
Joan Laporta niderlandiyalik Ronald Kumandan minnatdor. Zero, u jamoada yoshlarga keng imkoniyat yaratish yo‘lidan bordi. Klub prezidenti shuning barobarida murabbiyni iste’foga chiqarish qarori to‘g‘ri bo‘lganini ham ishonch bilan ta’kidlamoqda:
- Aslida birinchi mavsumdan keyinoq Kuman boshqaruvi bo‘yicha ayrim shubhalar tug‘ilgandi, faqat unga nisbatan hurmat tufayli sabr qildik, ma’lum vaqt ishi qanday rivojlanishini kuzatdik. Biroq vaziyat o‘nglanavermagach, yana bir og‘riqli qaror ostiga imzo chekish vaqti kelganini tushundim. Oldinroq javob berish kerakmidi? Ha, tan olaman, ichki sezgiga quloq tutmay, xato qildim. Kumanni «Uembli»da urgan o‘sha goli, yoshlardan foydalanishda jur’at topgani uchun hamisha katta hurmat bilan eslayman. Ha, qarorimiz ko‘ngliga og‘ir botgani aniq, lekin umid qilamanki, bu alami o‘tib ketadi
.
Xavining murabbiy rolidagi starti
«Barselona» prezidenti hozir Xavi Ernandes futbolchi sifatida o‘zi «boshqargan» jamoaga murabbiylik qilish imkoniyatidan unumli foydalanayotganidan mamnun:
- Xavi «Barselona» taqdim etgan imkoniyatga to‘g‘ri javob qaytardi. Shubha yo‘q, u klubni biladigan va sevadigan, umumiy falsafamiz va qarorlarimizga hurmat bilan yondashadigan, asosiysi, butun ichki mexanizmga kuchli ta’sir o‘tkazishga qodir xarakterli murabbiydir. Xavi qanday o‘ynashimiz kerakligini aniq tushunadi, yana mehnatkash, futbolni qalban yaxshi ko‘radi. Qolaversa, doimo «Barselona» futbolchilarini jamoa nimaligini teran anglagan holda yashashga majbur qila oladi. Endi Xavidek murabbiyga ega ekanligimizdan xursandman. Aminmanki, u jamoani uzoq vaqt boshqaradi va hali ko‘plab katta quvonchli lahzalarni bag‘ishlaydi.
Arauxo va Gavi bilan shartnoma
Laporta suhbat jarayonida klub Ronald Arauxo va Gavi bilan o‘rtadagi shartnoma muddatini uzaytirish bo‘yicha olib borilgan dastlabki muzokara natijalariga aniqlik kiritishni istamadi, lekin har ikki iqtidor yangi kelishuv ostiga imzo chekishlariga umid bildirdi:
- O‘yinga bog‘liq turli yangilanishlar haqida xo‘p va ko‘p gapirish mumkin. Fakt shuki, «Barselona»ning asosiy jamoasi uslubiga odatiy standartlarni qaytardik. Shunday ekan, yangi ijrochilar, xususan, yosh futbolchilarimizdan minnatdorman. Shartnoma masalasiga kelsak, avvalo, futbolchilarning o‘zlari «Barselona»da qolishni istashlari kerak. Umid qilamanki, Gavi va Arauxo ham yakunda xuddi Ansu Fati, Pedri hamda Niko Gonsales kabi klubda qolishga qaror qilishadi. Ular bilan kelishuvga erishish umidi katta, lekin takror aytaman, birinchi o‘rinda «Barselona» manfaati turadi, baribir.
Transferlar siyosati
Laportaning ta’kidlashicha, klub yozda yangi futbolchilar bilan kelishishga imkon beradigan qarorlar qabul qilishi kerak:
- Transferlar bozorida nechog‘li ishlashimiz oldimizda turgan ikki oyda qanday qarorlar chiqarishimizga bevosita bog‘liqdir. Agar yil davomida ishlangan operasiyalardan loaqal ayrimlarini amalga tatbiq etsak, maqsadga erishamiz, albatta. O‘ylaymanki, bu kabi vazifalar qo‘limizdan keladi. Umuman, futbolchilarni Kataloniya tomon chorlaydigan qarorlar qabul qilishni paysalga solmasligimiz kerak.
«Barselona» Xolandni sotib oladimi?
Tabiiyki, ko‘pchilikni Dortmund «Borussiya»si goleadori Erling Xolandning ehtimoliy transferi masalasi qiziqtiradi. Laporta esa bu mavzudagi savolga aniq javob bergani yo‘q. Umuman, u «Barselona»ning yozgi transferlar bozoridagi maqsadiga batafsil to‘xtalishni istamadi, shunchaki, klubda bu masala bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga ishonch bildirdi:
- Muayyan futbolchilar haqida gapirolmayman, aks holda, ularning transfer bahosi oshib ketishi mumkin. Klub direktorlari Mateu Alemani va Xordi Kroyff bosh murabbiy bilan hamkorlikda yaxshi ishlashmoqda. Ular Xavining talablaridan xabardorlar. Albatta, barcha pozisiyalarni kuchaytirish rejasi yo‘q emas. Ustunligimiz shuki, yuqori saviyali futbolchilar «Barselona»da o‘ynash variantiga moyillar. Shu holat bozorda ishimizni ancha yengillashtiradi. Xoland? Bu futbolchi haqida nimadir deyishimga hojat yo‘q. Keling, muayyan ijrochilarni tilga olishni bas qilaylik. Chunki bu bilan faqat ularning bahosini oshiramiz va «Barselona»ga zarar keltiramiz, xolos. Xaridlar transferlar bozorining boshqa jumboqli qismlariga teginish vositasida amalga oshirilishi kerak.
M.PO‘LATOV tayyorladi