O‘tgan payshanba Buyuk Britaniya sanksiyaga uchragan rossiyalik ishbilarmonlar ro‘yxatini e’lon qildi va undan «Chelsi» xo‘jayini Roman Abramovich ham joy oldi. Shunday bo‘lishini avvaldan bilgan biznesmen klubni sotish harakatiga tushgandi. 4 milliard funt evaziga egalikni topshirishini bildirib, potensial xaridorlar ham topdi - muzokaralarga kirishgan Shveysariya-Amerika konsorsiumi kamroq summa taklif etdi. Yakunda kelishuv amalga oshmay qoldi.
Birlashgan Qirollik qonunlari sanksiyalarga uchragan shaxslarning o‘z aktivlarini amalga oshirishlariga yo‘l qo‘ymaydi. Shu bois, payshanba kungi xabarlar nafaqat Abramovichni, balki «Chelsi»ni ham zarba ostiga qo‘yadi. Oligarx klubni sotishga ulgurmadi, «ko‘klar»ning hisob-raqami esa muzlatildi. Xo‘sh, bu nimani anglatadi?
Qisqacha aytganda, endi «Chelsi»ning «oyoq-qo‘li bog‘langan»:
- klubni sotish imkonsiz;
- har qanday transferlarni amalga oshirish imkonsiz;
- hozir jamoada o‘ynayotgan futbolchilar bilan yangi shart-noma imzolash imkonsiz;
- xususiy mahsulotlarni sotish imkonsiz - barcha rasmiy do‘konlar ishi to‘xtagan;
- o‘yinlarga chipta sotish imkonsiz. «Stemford Bridj»ga faqat yillik abonement sohiblari kirishlari mumkin, safarga ham muxlislar borishmaydi.
Klubga nima qilish mumkin?
Tabiiyki, «Chelsi» yo‘q bo‘lib ketmaydi. Londonliklarning keyingi o‘yinlari xavf ostida emas. Lekin Buyuk Britaniya Chempionlar Ligasi va Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida mamlakat sha’nini munosib himoya qilayotgan eng kuchli klublaridan birining hayotini og‘irlashtirdi. Hukumat tomonidan «Chelsi»ga taqdim etilgan maxsus lisenziyada klubga nima qilish mumkin yoki mumkin emasligi yaqqol ko‘rsatilgan. The Times muxbiri Martin Sigler hujjatning istisnolar qayd etilgan bandlarini oshkor qildi. Xususan, unda quyidagilar bor:
- klub barcha xodimlarga - futbolchilardan tortib, farroshlargacha, maosh va mukofot pullarini to‘liq to‘lashi mumkin;
- uy uchrashuvlari payti xavfsizlik masalalari va oziq-ovqatga pul ajratish mumkin, lekin kunlik umumiy summa 500 ming funtdan oshmasligi kerak;
- klubga aloqador bo‘lmagan tashkilotlar «Chelsi» mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanishi mumkin. Ya’ni, katta ehtimolki, onlayn-do‘kon ishlaydi - tashqi kompaniyalaridan biri uning operatori bo‘ladi;
- eng qiziq band - transport xarajatlari. Klub safar uchrashuvlariga yetib borish uchun 20 ming funtdan ortiq sarflay olmaydi. Aynan shu jihatdan «Chelsi» ko‘proq qiyinchiliklarga uchrashi mumkin - gap Chempionlar Ligasidagi safar o‘yini haqida borarkan, belgilangan summaga moslashishning imkoni bormikan?
Vaziyatdan qanday chiqish mumkin?
«Chelsi»ni sotish imkoniyati hamon mavjud, ammo buning uchun mamlakat hukumatining alohida ruxsati kerak bo‘ladi. Bir jihatdan, «ko‘klar» bugunning o‘zida xususiy klub maqomidan mosuvolar va vaqtinchalik Birlashgan Qirollik boshqaruviga o‘tishgan. Aynan shu Qirollik «ko‘klar» kelajagini belgilaydi, biroq The Times manbasining ma’lum qilishicha, Abramovich «Chelsi» sotuvidan sariq chaqa ham olmaydi.
Ehtimol, oligarx buni tushungan, lekin baribir, klubni kichikroq summaga bo‘lsada sotishga shoshgan. The Athletic nashrining futbol moliyasi bo‘yicha mutaxassisi Mett Sleyter bu borada shunday yozdi: «Raine Group (Abramovich tomonidan muzokaralarda qatnashish uchun yollangan firma) ixtiyorida kamida bitta yaxshigina taklif bor edi. Ehtimol, bundan ham ko‘proqdir. Agar kelisha olganlarida, «Chelsi»ni darhol sotishardi».
Uch hafta avval «Chelsi» klub boshqaruvini xayriya fondiga topshirgan, ammo u orqali sotuvni amalga oshirish ham imkonsiz - bu aktivlar Abramovichniki, uning hisobi ham «muzlatilgan». Endi barchasi hukumatga bog‘liq, bu esa «Chelsi» muxlislariga yoqmasligi turgan gap.
Londonning «Chelsi» klubi Romelu Lukaku transferi uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan mablag‘ning hali katta qismini to‘lamagan. Angliya nashrlarining yozishicha, «aristokratlar» Lukaku uchun «Inter»ga to‘lanishi kerak bo‘lgan 113 mln. yevrodan 71 mln. yevrosini hali to‘lashmagan. Eslatib o‘tamiz, belgiyalik futbolchi o‘tgan yozda «Inter»ni tark etib, «Chelsi» safiga qo‘shilgandi.
«CHELSI»GA YANA BIR XARIDOR TOPILDI
«Liverpul»ning sobiq prezidenti Martin Broton «Chelsi» xaridorlari safiga qo‘shildi. U 2010 yilda qisqa muddat «Liverpul»ni bosh-qargan va sobiq xo‘ja-yinlar - Jorj Jillett va Tom Xiksning qarshiliklariga qaramay, klubni Fenway Sports Group kompaniyasidan amerikaliklarga sotgandi. 74 yoshli Broton Buyuk Britaniya hukumati nazorati ostida top-klubda egalik huquqini o‘zgartirgan yagona shaxsdir. «Chelsi» hozir ayni holatga tushgan. Ayni payt Sports Investment Partners kompaniyasini boshqaradigan Martin «Chelsi»ning ashaddiy muxlislaridan, yakshanba kungi «Norvich»ga qarshi APL o‘yiniga ham tashrif buyurdi. The Independent nashrining qo‘shimcha qilishicha, Broton muvaffaqiyatli biznesmen va ilgari British American Tobacco va British Airways kompaniyalarida yuqori lavozimlarda ishlagan.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi