Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

“Bir tiyinga qimmat” kubok. FIFA u haqida o‘ylab ko‘rishi kerak

“Bir tiyinga qimmat” kubok. FIFA u haqida o‘ylab ko‘rishi kerak

Baho:
+ | -

 

FIFA Konfederasiyalar kubogini isloh qilish haqida jiddiy o‘ylamoqda. Turnirning hozirgi formati eskirgan, musobaqaning o‘zi esa ortiqcha bo‘lib bormoqda. O‘zgarishlar vaqti kelganga o‘xshaydi.

Ikki fransuzning bahsi

Konfederasiyalar kubogi g‘oyasi turnirning o‘zidan ancha oldin, ya’ni o‘tgan asrning 20 yillari o‘rtalarida paydo bo‘lgan. FIFA prezidenti Jyul Rime va uning hamyurti, Fransiya futbol federasiyasi rahbari Anri Delone “Jahon chempionati qanday bo‘lishi kerak” mavzusida suhbat o‘tkazdi. Delone chempionatda o‘z qit’alarining chempionlari ishtirok etishi kerak deb hisoblardi. Ammo uning argumentlari deyarli o‘zini oqlamas edi - yigirmanchi yillarda faqat Janubiy Amerika o‘zining futbol chempionatini o‘tkazdi. Shimoliy Amerikada ham, Osiyoda ham, Okeaniya bilan Avstraliyada ham, hatto ko‘pchilik mamlakatlari mustamlaka bo‘lib qolgan Afrikada ham ularning qit’a turnirlari mavjud emas edi.

 Rasmiy Yevropa chempionati ham bo‘lmagan. Shuning uchun Delonening takliflari utopik bo‘lib chiqdi va Rime nuqtai nazari ustunlik qildi. Ammo fransuz futboli rahbari Yevropa chempionati o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi. Loyiha Ikkinchi Jahon urushi bilan to‘xtatildi. Yevropaliklar futbol o‘ynash imkoniga ega emasdi. Kubokka birinchi bo‘lib qur’a tashlash faqat 1960 yilda bo‘lib o‘tdi. Kubok milliy terma jamoalar uchun qit’a turnirini yaratish orzusi bo‘lgan Anri Delone sharafiga nomlangan. Ammo Delonening o‘zi o‘z rejalarining amalga oshishini ko‘rmadi - u 1955 yilda vafot etdi. Oradan bir yil o‘tib ikkinchi bahschi ham vafot etdi - FIFA prezidenti lavozimini tark etgan Jyul Rime.

Yevropa o‘z chempionligini Afrika va Osiyoga qaraganda kechroq qo‘lga kiritdi - ular turnirlarni 1957 yilda o‘tkaza boshladilar. Birinchi KONKAKAF Oltin kubogi 1963 yilga to‘g‘ri keladi. 1973 yilda esa OFC (Okeaniya Futbol Konfederasiyasi) tashkil etildi. Lekin hech kim Delone xohlaganidek, barcha chempionlarni bir joyga to‘plashni istamadi.

 Ammo 1980 va 1981 yillar bo‘sag‘asida FIFA to‘satdan birinchi jahon chempionatining 50 yilligiga bag‘ishlangan mutlaqo yangi turnir o‘tkazishga qaror qildi. Jahon chempionlarining Oltin kubogi g‘olib bo‘lgan barcha jamoalarning ishtirokini ta’minladi. Bu g‘oyani britaniyaliklar oqlamagan, ular milliy chempionatni terma jamoa o‘yinlari uchun to‘xtatib qo‘yishni istamagan. Ularning o‘rnini o‘sha paytdagi jahon chempionatlarining ikki karra finalchisi bo‘lgan gollandiyaliklar egalladi. “Mundialito” (kichik jahon chempionati) norasmiy nomini olgan turnir Urugvayda bo‘lib o‘tdi va mezbonlarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Ammo bu musobaqada g‘alaba qozongan Urugvay terma jamoasi saralash turnirida muvaffaqiyatsizlikka uchradi va Mundialga chiqa olmadi. 1982 yilning yozida Ispaniyada barcha jahon chempionlari to‘planishdi, u yerda faqat urugvayliklar yo‘q edi.

Urugvay terma jamoasi Jahon chempionlari oltin kubogining birinchi va yagona g‘olibi

Jahon chempionlarining Oltin kubogi bor yo‘g‘i bir marta bo‘lib o‘tgan. Balki 2030 yilda uni eslab qolishar. Yubiley munosabati bilan. Lekin ular tashkil qilishi ancha murakkab. Agar 80 yillarda chempionlarni yig‘ish juda qiyin bo‘lgan bo‘lsa, hozir undan ham mushkulroq.

UYEFA sabiq prezidentlaridan biri Artemio Franki ko‘p yillar davomida Yevropa va Janubiy Amerikaning eng kuchli jamoalari ishtirokida muntazam turnir o‘tkazishni orzu qilgan. Bu ajablanarli emas. Afrika, Osiyo va Shimoliy Amerika jamoalariga hurmat bilan aytganda, asosiy futbol rivoj topgan ikki qit’a ular emas. Ammo italiyalik o‘z orzusini amalga oshirishga ulgurmadi. 1983 yil avgust oyida u avtohalokatda vafot etdi.

Yevropa futboli rahbarining g‘oyasi Artemio Franki kubogida o‘z ifodasini topgan. Ammo Yevropa chempioni va Amerika kubogi g‘olibi kubokni faqat ikki marta - 1985 va 1993 yillarda o‘tkazgan.

Yigirmanchi yillarda Anri Delone tomonidan tashlangan donalar arab qumlarida birdan unib chiqdi. Birinchi Qirol Fahd kubogi tashkilotchilari fransuz funsionerining merosi haqida o‘ylamagan bo‘lsa kerak. Ular 1992 yilning kuzida Saudiya Arabistoni poytaxtida qit’aning eng kuchli yetakchi jamoalarini yig‘ishga qaror qilishdi. Saudiyaliklar o‘sha paytda Osiyo chempioni edilar. Argentina, AQSH va Kot-d’Ivuar jamoalari ularning chaqiruviga javob berishdi. Kubok argentinaliklarga nasib etdi.

Ikkinchi Qirol Fahd kubogi 1995 yil yanvar oyida o‘tkazildi va uni amaldagi Yevropa chempionlari - daniyaliklar qo‘lga kiritishdi. Lekin asosiysi, FIFA bosh kotibi Yozef Blatter Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi va keksa shveysariyalik bu yaxshi turnir ekanligini ko‘rdi. Boshida har kuni o‘nlab g‘oyalar tug‘iladigan funsioner FIFA prezidentini turnirni o‘z homiyligida o‘tkazishga ko‘ndirgan. Raqobat o‘z nomini, formulasini va keyin bor nufuzini FIFAga taqdim etdi. Ammo vaqt hammaga noqulay edi. Bu turnir faqat yoz taqvimiga mos keladi va yoz Arabiston yarim orolida futbol o‘ynash uchun juda qiyin. Shunday qilib, turnir sayohatga aylandi. Avvaliga Konfederasiyalar kubogi har ikki yilda bir marta o‘tkazilardi. Ammo keyin 4 yilda chempionlar yig‘iladigan bo‘ldi va yaqinlashib kelayotgan jahon chempionati bilan chambarchas bog‘liq musobaqaga asos solindi.

Hech qanday ma’no yo‘q, foyda yo‘q, nomdan tashqari.

Nima uchun hozirgi Konfederasiyalar kubogi keraksiz yoki nima uchun uni o‘zgartirish kerak? Menimcha, buning bir qancha sabablari bor.

Guruh bosqichi va pley-off o‘yinlari bo‘lgan turnir juda og‘ir va uzoq vaqt davom etadi. Kamida ikki hafta. Agar ular kubokni yozda o‘tkazishda davom etsa, unda raqobat o‘yinchilarning yozgi ta’tilini ham, mavsumoldi boshlanishini ham "eydi". Hatto milliy chempionatlar ham shunday qilishi kerak - Jahon yoki Yevropa chempionatlari uchun taqvimni moslashtirishi nazarda tutilmoqda. Ammo g‘alati vaqtda unchalik nufuzli bo‘lmagan turnirga moslashish ortiqcha. Konfederasiyalar kubogini yozda emas, yilning boshqa vaqtida o‘tkazish vaziyatni yaxshilamaydi, aksincha, yanada og‘irlashtiradi.

Konfederasiyalar kubogi jahon chempionatiga bog‘langan turnir va shuning uchun mustaqil emas. Jahon chempionatining qo‘shimchasi desak ham bo‘ladi qaysidir ma’noda. Hamma jahon chempionlarini, Yevropa chempionlarini ham eslaydi. Ammo Kofederatsiyalar kubogida unday emas, uzog‘i bilan so‘nggi ikki chempionning nomini eslay olasiz va u ham vaqtinchalik. Sovrin jamg‘armasi kichik, shuningdek, obro‘si ham deyarli yo‘q. Bundan tashqari nohush an’ana -  Konfederasiyalar kubogi g‘olibi hech qachon keyingi jahon chempionatida g‘alaba qozona olmagan. Balki nemislar bu an’anaga chek qo‘yar.

Turnirning saviyasi unchalik yuqori emas, bu turli toifadagi ishtirokchilar bilan izohlanadi. Agar Yevropa va Janubiy Amerikaning ko‘plab jamoalari Jahon chempionatida "darajani ko‘tarsa", unda jahon chempioni va Okeaniyadagi musobaqaning ochiqchasiga zaif g‘olibi Konfederasiyalar kubogida to‘qnash kelishadi. Misol uchun Yevropa chempioni va Yangi Zelandiya o‘rtasidagi bahsdan ko‘ra “ko‘hna qit’a”ning saralash bahslari qiziqroq ko‘rinadi.

Konfederasiyalar kubogini o‘tkazish jahon chempionati mezboni uchun noqulaylik tug‘diradi. Ayrim ob’ektlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish, shaharlarni rekonstruksiya qilish rejalarini o‘zgartirishga shoshilishlari kerak. Misol uchun, o‘tgan yilgi turnir mehmonlari, albatta, ko‘plab Moskva ko‘chalari o‘ralgan oq-yashil panjaralarni eslashadi.

Konfederasiyalar kubogi har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladi. Bunday davriylik katta musobaqalar uchun yaxshi, lekin kichiklar uchun halokatli. Muxlislar shunchaki turnir borligini unutishga ulgurishadi. Nafaqat muxlislar, balki homiylar ham. Ba’zilarimiz mundial qaysi yilda bo‘lishini ham unutib qo‘yamiz-ku.

Qarashlar

Konfederasiyalar kubogi jiddiy inqirozda. Bir tomondan, kerakdek ko‘rinadi - qit’alarning eng kuchli jamoalari tor doirada uchrashib, eng yaxshilarini aniqlashsin. Biroq mezbon mamlakatning bo‘lajak jahon chempionatiga tayyorligini tekshirish uchun musobaqa tashkil etish qimmatga tushishi aniq.

 Qit’a chempionlari uchun Konfederasiyalar kubogida majburiy ishtirok etish og‘ir yukga aylanishi mumkin. Shu sababli, g‘olibni finalchi bilan almashtirish yoki asosiy bo‘lmagan jamoa kelishi mumkin. Bu ham, boshqasi ham - g‘oyani profanasiya qilish deyiladi. O‘tgan chempionatda nemislar Rossiyaga ko‘pchilik asosiy o‘yinchilarsiz kelishdi va bu ularning Kubokni qo‘lga kiritishiga to‘sqinlik qilmadi.

Bo‘lajak jahon chempioni, Yevropa chempioni va Janubiy Amerika chempioni 2021 yil noyabr oyida Qatarga borishdan xursand bo‘lmasligi aniq edi. Virus sabab musobaqa o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, agar turnir tashkil etilganda Fors ko‘rfazidagi etakchi futbol mamlakatlari o‘z chempionatlari taqvimini buzish istagi yo‘qligiga shubhalanmayman. Navbatdagi Konfederasiyalar kubogi muvaffaqiyatsiz o‘tishi yoki umuman o‘tmaslik xavfi ostida.

 Balki ushbu turnir eskirgandir, yoki uning strukturasi muxlislarga yoqmayotgandir? Bunisi bizga qorong‘u, ammo Ushbu turnir o‘yinidan ko‘ra ko‘proq mundial saralashidagi to‘qnashuvlar ko‘pchilikka qiziqroq. Yevropada ayniqsa, qur’a hech kimni ayab o‘tirmadi. Yoki Italiya, yoki Portugaliya. Qizig‘i ikisi ham 2022 yilgi jahon chempionatida ishtirok etmasligi mumkin. Qizig‘-a? Shunchaki keraksiz turnir tufayli ko‘plab futbolchilarning jismoniy holatiga va ta’tiliga halaqit berish menimcha noto‘g‘ri. Klublar ham ushbu turnirni oqlamasa kerak. Har xolda butun mavsum o‘ynagan yulduzi yozgi ta’tilni ham og‘ir o‘yinlar bilan o‘tkazib jarohat orttirib olishi ham turgan gap.  

Mirjalol Pardaboyev tayyorladi.

Manba: www.stadion.uz.
Kiritildi: 21:33, 24.03.2022.
O'qildi: 5638 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.