Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Coca Cola kubogining yangi mavsumi start olganiga ikki kun bo‘ldi. Bu yil Kubok yo‘lida jamoalar 31-mavsumini boshlashdi. Shu o‘rinda qayd etish kerak, Bekobodning “Metallurg” jamoasi barcha mavsumlarda uzluksiz qatnashib kelmoqda.
Bu yilgi Coca Cola kubok o‘yinlari ham ikki bosqichdan iborat holda tashkil etiladi. Davtavval jamoalar guruh o‘yinlarida bir davralik tizimda o‘z omadlarini sinab ko‘rishadi. Guruhlarda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri pley-off raundining ishtirokchisiga aylanadi. Shuningdek, 1/8 finalga OCHL saralash o‘yinlarida qatnashayotgan “Paxtakor” hamda “Nasaf” va guruhlarda 3-o‘rinni egallagan jamoalarning eng yaxshi natija qayd etgan ikki klubi ham qo‘shiladi.
Guruh bosqichida bekobodliklar 3 ta o‘yin o‘tkazishadi. 9 aprel va 21 aprel sanalarida “Metallurg” o‘z maydonida mos ravishda “Bunyodkor” va “Surxon” jamoalarini qabul qiladi. Superliga jamoalari bilan super to‘qnashuvlar oralig‘ida 14 aprel kuni Muborak shahrida Pro liga vakili – “Buxoro” mehmoni bo‘ladi.
“Metallurg” O‘zbekiston kubogi bahslaridagi ishtiroki tarixiga to‘xtaladigan bo‘lsak, hamshaharlarimiz Kubokni ikki marta boshlari uzra baland ko‘tarishga muvaffaq bo‘lishgan. Ammo sovrinlar Sobiq Ittifoq davrida qo‘lga kiritilgan – 1985 hamda 1990 yillarda.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan 1992 yildan e’tiboran “Metallurg” O‘zbekiston kubogi sovrin yo‘lida muntazzam qatnashib kelayotgan kam sonli jamoalardan biri sanaladi. Ammo Kubok bahslarida “Metallurg” katta muvaffaqiyatlarga erishmagan. Jamoamizning eng yaxshi ko‘rsatkichi chorak final bo‘lgan. ¼ yinalga “Metallurg” besh marta yo‘l olgan. Yarim final ostonasida bekobodliklarni ikki marta “Nasaf”, bir martadan “Lokomotiv”, “Bunyodkor” hamda AGMK jamoalari to‘xtatib qolishgan.
Bu yilgi musobaqaning guruh bosqichidagi raqiblarimizdan Kubok o‘yinlarida eng ko‘p to‘qnash kelgan jamoa “Bunyodkor” hisoblanadi. Ilk marta “qaldirg‘ochlar”ning ikkinchi jamoasini “Metallurg” 2015 yilda qo‘shimcha taymlarda 5:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi. 2016 yilgi mavsumda “Metallurg” chorak finalda “Bunyodkor”ning birinchi jamoasi bilan kuch sinashdi. Toshkentda o‘tgan o‘yinda 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergan bekobodliklar o‘z maydonlarida raqib darvozasiga yo‘l topa olishmadi – 0:0. 2019 yilda esa poytaxtliklar “Metallurg”ni 2-raundda bahslardan chiqarib yuborgan – 2:1. Qizig‘i o‘sha uchrashuvni “Bunyodkor” bilan bu yilgi o‘yinga ham bosh hakami sifatida tayinlangan Viktor Serazetdinov boshqarib borgan. Toshkent temir yo‘llari muhandislik instituti stadionida o‘tgan o‘yinning 35-daqiqasida Muzaffar Muzaffarov “Metallurg”ni hisobda oldinga olib chiqqandi. Ammo ikkinchi taym yakunida Dilshod Ahmadaliyev (71) va Vladislav Nuriyev (88)larning gollari “Bunyodkor”ga g‘alabani taqdim etgandi.
Guruhdagi boshqa raqiblarimiz – Buxoro hamda Termiz shahri jamoalari bilan “Metallurg”ning yo‘li O‘zbekiston kubogi musobaqasi doirasida bir martadan kesishgan. 1994 yilda “Metallurg” ASK (Termiz) jamoasini birinchi bosqichda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra bahslardan chiqarib yuborgan bo‘lsa (4:1, 1:2), 2020 yilgi mavsumda “Buxoro” 1/8 finalda “Metallurg”ni Olmaliq shahrida qabul qilib, 0:2 hisobida imkoniyatni boy bergan.