O‘zbekiston Respublikasi prezidenti SH.M.Mirziyoyevning 2019 yil 4 dekabr kuni e’lon qilingan “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5887-son Farmonida ta’kidlanganidek, “futboli rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasi tahlil qilinganda, aksariyat hollarda, yoshlarni professional futbolchi sifatida tayyorlash orqali futbol klublarining biznes tuzilma sifatida shakllanganligini ko‘rishimiz mumkin.
Misol uchun, futbol rivojlanish istiqbollari jihatidan O‘zbekistonga yaqin bo‘lgan Xorvatiya so‘nggi o‘n yillikda futbol sohasida shiddatli o‘zgarishlarni amalga oshirib, Angliya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya kabi futboli yo‘lga qo‘yilgan mamlakatlar bilan raqobatlashish darajasiga chiqdi.
Xorvatiya futbol akademiyalarida tarbiyalangan mahoratli sportchilar aynan yuqorida nomlari keltirilgan futboli rivojlangan mamlakatlarning futbol klublari safini to‘ldirdi. Bu esa Xorvatiya tomonidan futbol akademiyalarini tubdan rivojlantirish orqali mahoratli futbolchilarni tarbiyalab, mamlakat daromadlarini oshirishga hamda futbolchilar va ularning oila a’zolari manfaatdorligi oshishiga xizmat qiladi”.
Darhaqiqat, so‘nggi jahon chempionatida finalgacha yetib borgan Xorvatiyada millionlar o‘yini oliy saviyaga chiqib ulgurganini bugunda butun dunyo ko‘rib turibdi. Andoza sifatida Xorvatiya futbolining taraqqiy etish usul va uslublarini tatbiq etayotgan mamlakatlar qancha.
Hamisha o‘z oldiga iqtidorli yoshlarni tarbiyalab, ularni turli toifadagi O‘zbekiston terma jamoalariga yetkazib berish vazifasini ustuvor sanab keluvchi “Bunyodkor” futbol klubi o‘z rivojlanishida navbatdagi, yangi loyihaga qo‘l urdi.
27 aprel kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati ofisida jamiyat Boshqaruvi raisi, “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti, O‘zbekiston futbol assosiasiyasi Ijroiya qo‘mitasi a’zosi Mehriddin Abdullayev mazkur masalada Xorvatiya Respublikasining yurtimizdagi elchisi Refik Shabanovichni qabul qildi. Uchrashuv davomida “Bunyodkor” futbol klubining O‘zbekiston va Xorvatiya Respublikalari o‘rtasidagi do‘stlik, madaniyat, sport aloqalarini rivojlantirish borasidagi ishtiroki va hissasi to‘g‘risida so‘z bordi. Tomonlar, yo‘lga qo‘yilayotgan o‘zaro hamkorlik natijasida, O‘zbekiston va Xorvatiya davlatlarining jahon hamjamiyatidagi obro‘sini oshirishga qaratilgan bir qator rejalar haqida kelishib olishdi.
- Men Xorvatiyada avval bo‘lganman. Bu samimiy insonlar yurti. Futboli qay darajada ekanligini esa butun dunyo biladi. Qaysi mashhur klubni olib qaramang, tarkibida albatta xorvat futbolchisi bor. Xorvatiya, go‘yo, mahorati judayam yuqori futbolchilar ishlab chiqaruvchi mashinaga o‘xshaydi. Shuning uchun ham biz Xorvatiya bilan hamkorlik qilishni tanladik. Fikrimcha, imzolanadigan rivojlanish bo‘yicha memorandum ham uzoq yillik davrga tuzilgani ma’qul. Tanlov asosida saralab olingan “Bunyodkor” akademiyasidagi eng iqtidorli yosh yigitlarni Xorvatiya futbol akademiyalariga yuboramiz. Aminmanki, ular u yerda yanada toblanishadi. Chunki futbolning ertangi kuni - bu akademiya, akademiya va, takror aytaman, yana akademiya...
Bundan tashqari, “Bunyodkor” akademiyasidagi murabbiylarni ham tajriba almashish, malaka oshirish uchun Xorvatiyaga stajirovkalarga yuborishimiz mumkin.
Xorvat jamoalarini esa musobaqalarga yurtimizga taklif qilamiz. Shu orqali O‘zbekiston futboliga yangi bosqichga chiqib borishiga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.
Bugungi suhbatimiz uchun judayam xursandman va tashrifingizni yuqori baholayman, - dedi elchi bilan uchrashuv chog‘ida Mehriddin Razzoqovich.
O‘z navbatida, janob Refik Shabanovich ham o‘zining iliq fikrlarini bildirdi: “Elchi sifatida men mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yaxshilashni istayman. Ilk bor “Bunyodkor” futbol klubiga 2021 yilning dekabr oyida tashrif buyurgandim. Klubning go‘zal stadioni, zamonaviy shart-sharoitlarga ega akademiyasi bilan tanishgandim. Endilikda o‘sha aloqalarni bundan-da olg‘a surish niyatidaman.
Ishonamanki, hamjihatlikda biz o‘zbekistonlik bolalar uchun yaxshi zamin va qulay sharoitlar yarata olamiz. O‘zbekistonlik yosh futbolchi yigitlar kelajakda Yevropa maydonlarida haqiqiy professionallar singari o‘ynab ketishlariga Xorvatiya futboli ko‘maklashishi uchun men qo‘limizdan kelgancha yordam berishga tayyorman. Agar bu yo‘nalishda maqsadlarimizga erishsak, men o‘zimni judayam baxtiyor hisoblardim”.
Uchrashuv mobaynida hamkorlikning birinchi bosqichidagi tadbirlar doirasidagi aniq rejalar bo‘yicha kelishib olindi. Xorvatiya elchisi “Bunyodkor” akademiyasi jamoalarini Split shahrida o‘tkaziladigan yirik xalqaro musobaqa – Dalmatinko Cup 2022 turniriga taklif etdi. 1-7 iyun kunlari tashkillashtiriladigan ushbu musobaqada dunyoning 40dan ziyod mamlakatlaridan yosh futbolchilar ishtirok etadilar. Ular qatorida bu yilgi bellashuvlarda “Bunyodkor”ning 2008, 2009 hamda 2011 yillarda tavallud topgan futbolchilardan iborat uch jamoasi to‘p surishi tasdiqlandi.