Bundesligada mavsum yakunladi. Odatdagidek, hech qanday kutilmagan hodisa bo‘lmadi - "Bavariya" yana muddatidan oldin chempion bo‘ldi. Myunxen klubi ketma-ket 10-marta bosh sovrinni o‘ziniki qilib oldi. Germaniya chempionatida "nemis mashinasi"ning gegemonligiga mana necha yildirki chek qo‘yilgani yo‘q. Lekin bu bilan Bundesliga top chempionat emas deyishdan yiroqmiz. Keling, Germaniya chempionatining 2021/22 yilgi mavsumi natijalarini sarhisob qilamiz.
Chempion: “Bavariya”.
Chempionlar ligasiga yo‘l olgan klublar: “Bavariya”, “Borussiya” Dortmund, “Bayer”, “RB Leypsig”.
Yevropa ligasiga yo‘l olgan klublar: “Union” Berlin, “Frayburg”.
Konferensiyalar ligasi yo‘l olgan klub: “Kyoln”.
Quyi ligaga tushib ketgan klublar: “Groyter”, “Arminiya”. "Gerta" pley-offda “Gamburg”ga qarshi o‘ynaydi.
Bundesligaga chiqqan klublar: “Shalke”, “Verder”.
Mavsumning eng yaxshi to‘purari
To‘purarlik poygasida ham o‘zgarish bo‘lmadi. Robert Levandovski ketma-ket 5-marta Bundesliganing eng yaxshi goleadorlik unvonini qo‘lga kiritdi. "Bavariya" forvardi bir mavsumda 35 ta golni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Polshalikning eng yaqin ta’qibchilari Patrik Shik (“Bayer”, 24 gol) va Erling Xoland (“Borussiya Dortmund”, 22 gol) edi.
Shuningdek, Levandovski Gerd Myullerning rekordini takrorlab, yettinchi marta Bundesliganing eng yaxshi to‘purari nomiga sazovor bo‘ldi. Robert Germaniyadagi cho‘qqilarni zabt etishda davom etadimi, hali ham katta savol. Xoland "Manchester Siti"ga o‘tdi, shuning uchun polyakning raqiblari bittaga kamaydi. Biroq Levandovskining "Bavariya"ni tark etishni istayotgani haqida mish-mishlar bor, klub uni qo‘yib yuborishni istamayapti.
Mavsumning eng yaxshi assistenti
"Bavariya" yarim himoyachisi Tomas Myuller ketma-ket uchinchi mavsum Bundesliganing eng yaxshi assistenti sovriniga ega chiqdi - 18. Boshqa klub a’zolaridan oxirgi marta 2018/19 yilgi mavsumda Jeydon Sancho ushbu nomga sazovor bo‘lgandi. Shundan keyin hech qaysi futbolchi Myullerni ortda qoldira olmayapti. “RB Leypsig” yarim himoyachisi Kristian Nkunku 13 golli uzatma bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.
Kuchli uchlikni Marko Roys (“Borussiya Dortmund”) va Mussa Diabi (“Bayer”) yakunladi. Har ikki futbolchida ham 12tadan golli uzatma bor. Levandovskidan farqli o‘laroq, Myuller "Bavariya" bilan shartnomasini uzaytirdi. Aytgancha, Tomas 11-marta mamlakat chempioni bo‘lib, musobaqa rekordini o‘rnatdi.
Eng yaxshi “gol+pas” tizimi bo‘yicha
Yana Levandovski. “Bavariya” forvardi 38 ochko (35+3) jamg‘arib, gol+pas tizimi bo‘yicha mavsumning eng yaxshi futbolchisiga aylandi. Ushbu reytingda ikkinchi o‘rinni Kristofer Nkunku (33 ochko, 20+13) egallagan bo‘lsa, kuchli uchlikni Erling Xoland (29 ochko, 22+7) yakunladi.
Albatta, agar norvegiyalik futbolchining jarohati bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaganida, vaziyat biroz boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Ammo baribir, to‘purarlar poygasida Robertni ortda qoldirishi dargumon. Bundan tashqari, bir mavsumda 35 ta gol Polsha terma jamoasi hujumchisining faoliyatidagi ikkinchi eng yaxshi ko‘rsatkichdir (2020/21 yilgi mavsum 41 gol urgan).
Mavsumning eng yaxshi darvozaboni
Bu unvonni Yan Zommerga berish adolatdan bo‘lardi. Myonxengladbaxning “Borussiya” klubi darvozaboni joriy mavsumda 131 ta seyv amalga oshirdi. Bu Bundesligadagi eng yaxshi natija hisoblanadi. “Arminiya” kiperi Stefan Ortega shveysariyaliklardan biroz ortda qoldi – 128 ta seyv. “Bayer” darvozaboni Lukash Gradeski 119 ta seyv bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Zommer butun mavsum davomida qo‘lidan kelganicha jamoasiga yordam berdi. Ammo "Borussiya M" mavsumni muvaffaqiyatsiz yakunladi va Bundesligada 10-o‘rinni egalladi.
Mavsumning eng yaxshi futbolchisi
Kristofer Nkunku mavsumning eng yaxshi futbolchisi sovrinini qo‘lga kiritdi. Fransuz bunga loyiq harakat qilganini ham aytib o‘tish kerak. Mavsum futbolchi uchun juda omadli bo‘ldi. Kristofer Bundesligada 34 ta o‘yin o‘tkazib, 20 ta gol va 13 ta golli uzatmani amalga oshirgan. OAV xabariga ko‘ra, futbolchiga ko‘plab top-klublar qiziqish bildirmoqda.
Kristoferning “Leypsig” bilan shartnomasi yana 2 yilga amal qiladi. "Buqalar" yarim himoyachi bilan shartnomani uzaytirmoqchi, ammo bu hozircha amalga oshgani yo‘q. Klub uni o‘z safida saqlab qola olishi katta savol. Nkunku aniq zarbalar, gollar va golli uzatmalar bo‘yicha Bundesliganing eng yaxshi 10 futbolchisidan biri. Bunday futbolchiga talab katta bo‘lishi tayin.
Mavsumning eng yaxshi klubi
Bu unvonga “Leypsig” har tomonlama loyiq. “Buqalar” mavsumning birinchi yarmini omadsiz o‘tkazishdi. Dekabr oyida klub Bundesliga turnir jadvalida 11-o‘rinda edi. Ularda Yevropa musobaqasiga qatnashish imkoni juda kam edi. Ammo “Leypsig” umidsizlikka tushmadi. Yuqori o‘rinlarni egallash uchun rahbariyat Jessi Marshni ishdan bo‘shatib, uning o‘rniga Domeniko Tedeskoni tayinlashdi. Shundan keyin “buqalar”ning o‘yinida ijobiy tomonga o‘zgarish bo‘ldi.
“Leypsig” yangi murabbiy bilan birga Yevropa ligasining yarim finali va Germaniya kubogi finaliga qadar yetib bordi. Bundan tashqari, sakslar Bundesligada 4-o‘rinni egallab, keyingi mavsumda Chempionlar ligasiga yo‘llanma oldi. "Buqalar" asosiy o‘yinchilarni saqlab qolishlari kerak, chunki muxlislar kelasi mavsumda ham ulardan ajoyib o‘yinlar kutmoqda.