Bundan 20 yil oldin (2002 yilning 31 may kuni) Fransiya milliy jamoasi jahon va Yevropaning amaldagi chempioni sifatida Janubiy Koreya/YAponiya maydonlarida tashkillashtirilgan JCH ochilish o‘yinida turnir debyutanti - Senegal termasiga qarshi maydonga tushgandi.
O‘shanda guruh autsayderidek ko‘ringan «sherlar» Seulda katta shov-shuv ko‘tarishgan - 1:0. Asosiysi, fransiyalik Bruno Metsyu boshqaruvida jamlangan jamoa o‘yin sifati bo‘yicha ham Fabyen Bartez, Lilian Tyuram, Marsel Desayi va Tyerri Anri (Zayniddin Zidan jarohat tufayli maydonga tushmagandi) kabi yulduzlarni lol qoldirgandi. 2013 yili hayotdan ko‘z yumgan murabbiy shogirdlari mundialning keyingi o‘yinlarida ham go‘zal futbol namoyish etib, millionlar mehrini qozonishgandi. Debyut o‘yinining 30-daqiqasida al Hoji Diuf chap qanotdan yorib kirib, mukammal uzatma bilan Pap Buba Diop goliga assistentlik qilgandi (darvoqe, yagona gol muallifi 2020 yili vafot etdi). FIFA rasmiy sayti o‘sha unutilmas o‘yin va Senegal termasining 1/8 finalgacha bo‘lgan qoyilmaqom yurishini eslash uchun «Sosho», «Lans», «Liverpul», «Bolton», «Reynjers» kabi klublar futbolkasini kiygan, jismoniy quvvatiyu, tezkorligi bilan xotiralarga muhrlangan sobiq hujumchi al Hoji Diufni suhbatga chorladi.
- Janob Diuf, 2002 yilgi mundialdan so‘z ochilsa, birinchi navbatda, nimalarni eslaysiz?
- Avvalo, qur’a natijasini! O‘sha payt «Lans» tarkibida Monakoga borgandik va murabbiyimiz Joel Myuller yigitlarni qur’a tashlash marosimini ko‘rish uchun jamladi. Qarangki, jamoamiz Fransiya termasi bilan 1ta kvartetga tushdi. «Lans»da Bruno Rodriges, Siril Rule, Daniel Moreyra va Giyom Varmyuz kabi Fransiya termasiga nomzod yigitlar bilan birga o‘ynardim. Xullas, chempionatda fransuzlar bilan o‘ynashimiz oydinlashgani hamono hamma o‘rnidan turib, meni kalaka ostiga ola boshladi. «Bo‘ldi, hukm o‘qildi, Senegal termasida zarracha imkoniyat yo‘q» qabilidagi so‘zlar yangradi. Lekin bizda kuchli jamoa shakllanayotganini yaxshi bilardim. To‘g‘ri, tarkibimizda hech kim chinakam yulduz emasdi, muhimi, mundialni uzoq kutgan butun Senegalga quvonch ulashish va tarix bitish ishtiyoqida yonayotgan ahil guruh edik. Yashirmayman, Fransiya termasiga qarshi ilk o‘yindagi durang ham mamlakatimiz uchun katta sovg‘a hisoblanardi. Zero, hamma fransuzlar bizni bir zarbadayoq «yanchib» tashlashlarini taxmin qilgandi. O‘zimiz esa 2002 yilning 31 mayi biz uchun alohida kun bo‘lishi mumkinligiga ich-ichimizdan ishonganmiz.
- Aytingchi, jamoa o‘sha kuni, ya’ni maydonga tushishdan oldin qanday holatda edi?
- Fransiya termasi bir kun oldin o‘yin bo‘ladigan stadionga kelmagani va rasmiy mashg‘ulot o‘tkazmaganiga e’tibor qaratdik. Bilmadim, fransuzlar Senegal termasini raqib o‘rnida ko‘rmay, mashg‘ulotga ehtiyoj sezmagandirlar. Fransiya matbuoti esa o‘ta dahshatli hisobni bashorat qilgan - 8:0.... Bu kabi kamsituvchi taxminlar shu qadar ko‘p yangradiki, jamoa ichida o‘zimizni alohida shaylantirdik: «Hoy, yigitlar, biz tovuq emas, shermiz! Xo‘roz sherni qanaqasiga yeydi? Bu mumkin emas!» O‘zim esa klubdoshlarim meni qanday kalaka qilishgani, o‘z oldilaridan haydab solishganini esladim. Xullas, mag‘rur kompaniya edik va mamlakatimiz, oilamiz hamda o‘zimizga baxtiyorlik ulashishga bir ovozdan so‘z berdik. Oddiy aytganda, butun Senegal biz bilan chinakamiga faxrlanishini istagandik.
- O‘sha kungi voqeliklar miyangizga qattiq muhrlangandir...
- Uchrashuvdan oldin qanday suhbatlashganimiz hamon esimda: Bruno Metsyu kiyinish xonasiga kirishi bilan odatiga ko‘ra, sochlarini taradi. Keyin ohista so‘z boshladi: «Bugun sizlarga nima deyishim mumkin? Anchadan buyon birgamiz, hammangizni yaxshi bilaman. Aqldan ozgan guruhmiz. Bilaman, o‘yin tugagach, kechqurun butun dunyoda sizlarni gapirishadi. Marhamat, o‘rningizdan turing va aslida nimalarga qodirligimizni ko‘rsating». Ajoyib nutq. Brunoning ortiqcha gapirishi shart ham emasdi. U bizga bir qarashda g‘alaba qozonish qo‘limizdan kelishini tushungandi.
- Diop hisobni ochgach, fransuzlar quturib ketishlaridan cho‘chimadinglarmi?
- Tanaffusga 1:0 hisobidagi ustunlik va tabassum bilan chiqdik. Albatta, bir-birimizga «besh» tashlashni ham unutmadik. Lekin Bruno biroz bezovta edi, ancha jiddiylashgandi: «Yigitlar, hali o‘yin tugamadi, yana 45-50 daqiqa bor. Sumkamizda hozircha hech narsa yo‘q. «Besh» tashlash final hushtagidan keyin. Hozircha shoshilmaymiz». Yovqur jamoamizga ayni zarur gaplar...
- Tarixiy g‘alabadan keyingi kunlar qanday o‘tdi?
- Mehmonxonaga qaytib, televizorni yoqsak, barcha kanallarda chindan ham, bizni gapirishayotgandi. Xitoy, Osiyoning boshqa hududlari va Janubiy Amerika telekanallari - butun dunyoda Senegal termasi ovoza! Shunda g‘ayrioddiy ishni amalga oshirganimizni tushundik.
- O‘sha g‘alaba va mundial-2002dagi ajib yurish hayotingizni nechog‘li o‘zgartirdi?
- Al Hoji Diuf aynan JCH-2002da jahon miqyosidagi futbolchi sifatida namoyon bo‘ldi. CHL yoki katta ligalarda o‘ynash ajoyib, ammo terma jamoa libosida yaxshi o‘ynaganlar - eng kuchli futbolchilar. O‘sha mundial hayotimni butkul o‘zgartirgani ham ayni haqiqat. Deylik, FIFA tomonidan top-100 ro‘yxatiga kirdim, Pele esa meni amaldagi eng zo‘r futbolchilar qatorida e’tirof etdi. Aniq fakt bor - agar JCHga bormaganimda, AFK va FIFA afsonalaridan biriga aylanolmasdim.
- Senegal termasi bo‘yicha do‘stlaringiz bilan hali ham aloqadamisiz?
- Yo‘q, shunchaki, do‘stlar emas, haqiqiy birodarlarmiz. Barchamiz Senegal oilasining bir bo‘lagiga aylangan arslonlarmiz. O‘zaro uchrashganda, bir gapni ko‘p takrorlaymiz: «Sher har doim sherligicha qoladi». Hozirgacha birgamiz - WhatsApp tarmog‘ida alohida guruhimiz bor. Afsuski, ayrimlar oramizda yo‘q. Lekin ular ham biz bilan birgalar. Barchamizni madaniyatimiz va vatanga sodiqlik bilashtirib turadi.
Dakarda tug‘ilgan al Hoji Diuf hozir 41 yoshda. Senegal milliy jamoasining 70ta o‘yinida maydonga tushib, 24ta gol urgan sobiq hujumchi ayni payt o‘z mamlakatining barcha yosh toifasidagi terma jamoalari elchisidir. U shuningdek, Senegal milliy jamoasi bosh murabbiyi Aliu Sisse (JCH-2002da jamoa sardori edi)ning maslahatchisi rolida ishlamoqda.
M.PO‘LATOV tayyorladi