“Barselona” klubi so‘nggi 6 mavsum davomida 40 nafar futbolchi bilan shartnoma imzoladi. Ularning barchasi jamoaning o‘yin uslubiga moslashib keta olmagani aniq. Biroq ular orasida bir qancha yorqin nomlar bor: Dembele, Pedri, Koutinyo, Vidal, Grizmann, Pyanich, Obameyang va hokazo. Ushbu davr mobaynida kataloniyaliklar YECHLda zafar qucha olmadi. Xavi klubga bosh murabbiy etib tayinlangach, muxlislar yangi mavsum muvaffaqqiyatli bo‘lishiga umid qilmoqda. Keling, “ko‘k-anorranglilar”ning transferlar bilan bog‘liq faoliyatiga nazar tashlaymiz.
2016/17 yilgi mavsum
Andre Gomesh (“Valensiya”, 37 million yevro), Pako Alkaser (“Valensiya”, 30 million yevro), Samuel Umtiti (“Lion”, 25 million yevro), Lyuka Din (“PSJ”, 16,5 million yevro), Yasper Sillessen (“Ayaks”, 13 million yevro), Denis Suares (“Vilyarreal”, 3,25 million yevro).
Bir mavsumda oltita yangi futbolchi bilan shartnoma imzolandi, biroq ularning barchasi muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Denis Suares maydon markazida ishonchni oqlay olmadi va hozir “Selta”da faoliyat yuritmoqda. Sillessen darvozabon pozisiyasini mustahkamlamadi, Umtitining samaradorligi pastga qarab sho‘ng‘idi. Din “Barselona”da Albaning o‘rnini to‘ldira olmadi, Alkaser jamoadan ketgach, Dortmundda porladi, Gomesh esa kataloniyaliklarga umuman kerak emas edi.
2017/18 yilgi mavsum
Usmon Dembele (“Borussiya D”, 140 million yevro), Filippe Koutinyo (“Liverpul”, 135 million yevro), Paulinyo (“ Guangjou Evergrand”, 40 million yevro), Nelson Semedu (“Benfika”, 35,7 million yevro), Yerri Mina (“Palmeyras”, 12,4 million yevro), Jerar Deulofeu (“Everton”, 12 million yevro), Marlon (“Fluminense”, 5 million yevro).
Yetti nafar yangi kelgan futbolchi “Barselona” uchun yettita yomon kelishuvni yuzaga keltirdi. Mina, Deulofeu va Marlon jamoaga hech qanday foyda keltirmadi va moliyaviy yo‘qotishlar unchalik katta bo‘lmasa-da, klubning moliyaviy inqirozga yuz tutishida o‘ziga xos ahamiyat kasb etdi. Kataloniyaliklar o‘ng qanotni yopishga bo‘lgan befoyda urinishlari sabab Semedu yangi Dani Alveshga aylana olmadi. Aksincha, klub tarbiyalanuvchisi hisoblangan Serji Roberto muhim o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatdi. Paulinyo transferi nisbatan muvaffaqqiyatliroq edi, biroq, “Roma”dan uchralgan mag‘lubiyatda u ham boshqalar kabi yo‘q bo‘lib qoldi va mavsum yakuniga yetgach, kelgan joyiga qaytarib yuborildi.
Koutinyo va Dembele klub tarixidagi eng asosiy transfer muvaffaqiyatsizliklari qatoriga kiradi. Ularga to‘langan maoshni qo‘shib hisoblaganda jami 400 million yevro mablag‘ sarflandi. Usmon bir haftadan so‘ng erkin agentga aylanadi. U qolishi uchun ko‘p pul taklif qilish kerak, biroq so‘nggi kunlarda Dembele “Chelsi”ga o‘tishi haqida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Koutinyo esa ijara asosida “Bavariya”ga o‘tgach, YECHLda zafar quchdi va chorak finalda sobiq klubi darvozasiga ikkita gol urdi. U hozir “Aston Villa”da. Katta ehtimol bilan birmingemliklar arzimagan summa evaziga uni sotib oladi.
2018/19 yilgi mavsum
Malkom (“Bordo”, 40 million yevro), Kleman Langle (“Sevilya”, 35,9 million yevro), Artur (“Gremio”, 31 million yevro), Arturo Vidal (“Bavariya” 18 million yevro), Emerson (“Atletiko Mineyro”, 12 million yevro), Jelson (“Valensiya”, ijara miqdori 1,2 mln. yevro), Kevin-Prins Boateng (“Sassuolo”, ijara miqdori 1 mln yevro), Jan-Kler Todibo (“Tuluza”, 1 million yevro).
Sakkiz nafar yangi o‘yinchi, biroq samaradorlik foizi juda kam. Hozir ularning aksariyati jamoada mavjud emas. Hatto Langle ham yuqori maoshi tufayli zaxirada o‘tirishga rozi. Chunki boshqa hech bir klub fransuzga jiddiy qiziqish bildirmagan. Shunday bo‘lsa-da, himoyachi, Xavi ishongan futbolchilar ro‘yxatida yo‘q. Malkom “Zenit”da, Artur esa Pyanich uchun uyushtirilgan g‘alati savdoning bir qismiga aylandi. Ro‘yxatimizdagi na braziliyalik, na fransiyalik, na germaniyalik futbolchilar ko‘k-anorrangli liboslarni kiyib, o‘z baxtlarini topa olishmadi.
2019/20 yilgi mavsum
Antuan Grizmann (“Atletiko”, 120 million yevro), Frenki De Yong (“Ayaks”, 86 million yevro), Neto (“Valensiya”, 26 million yevro), Xunior Firpo (“Betis”, 20 million yevro), Martin Breytueyt (“Leganes”, 18 million yevro), Pedri (“Las-Palmas”, 17,5 million yevro), Mateus Fernandes (“Palmeyras”, 7 million yevro), Mark Kukurelya (“Eybar”, 4 million yevro).
Nihoyat, birinchi muvaffaqiyatli transferni topdik! Agar kuchli yosh yarimhimoyachi jamoada saqlanib qolinsa, Pedri bilan shartnoma imzolanishi juda muvaffaqiyatli yurish bo‘ladi. Agar bu ish bermasa ham, “Barsa” hisob raqami hech bo‘lmaganda, bir necha o‘n millionga boyiydi. Klub uni “Las-Palmas”ga to‘laganidan ancha ko‘proq summa evaziga sotib yuborishi mumkin. Katta ehtimol bilan futbolchi Xavi jamoasida asosiy yulduzlardan biri bo‘ladi. Ammo qolgan yettita transfer futbolchilar uchun ham, klub uchun ham omadsizlikdir. Grizmann “Atletiko” rahbariyatidan uni qayta sotib olishlarini so‘rab yuribdi.
Frenki de Yong esa sobiq ustozi Erik Ten Xag “Manchester Yunayted” bosh murabbiyiga aylangach, Angliyaga oshiqmoqda. Ushbu transfer amalga oshishi mumkin, chunki kataloniyaliklarga pul kerak. Klub kelajagi bo‘lishi kutilgan yosh futbolchilar esa hatto maydonga tushmadi. 18 million yevroga sotib olingan daniyalik Breytueyt haqida esa ortiqcha gapirish shart emas.
2020/21 yilgi mavsum
Miralem Pyanich (“Yuventus”, 60 million yevro), Fransishku Trinkau (“Braga”, 31 million yevro), Serjinyo Dest (“Ayaks”, 21 million yevro).
“Barselona” menejerlari yosh portugaliyalik Trinkauni ikkinchi Rivaldo bo‘lishiga umid qilishgan edi. Biroq u hozirda “Vulverxempton”da ijara asosida to‘p tepmoqda. Dest esa Ronald Kumanning istaklari evaziga jamoaga olib kelingan edi. Yangi mavsumda Xavi unga ishonch bildirishi mumkin, chunki Serjinyo endigina 22 yoshga to‘ldi va kelajakda klub yulduziga aylansa, ajab emas. O‘yin uslubi jihatdan “Barsa”ga mos bo‘lgan Pyanich hatto Artur darajasidagi o‘yinni ham namoyish etib bera olmadi. Mavsum avvalida u "Beshiktosh"ga ijara asosida o‘tdi va endilikda o‘ziga yangi klub izlamoqda.
2021/22 yilgi mavsum
Ferran Torres (“Manchester Siti”, 55 million yevro), Yusuf Demir (“Rapid” ijara miqdori 500 ming yevro), Pyer-Emerik Obameyang, Memfis Depay, Serxio Aguero, Erik Garsiya (barchasi erkin agent), Lyuk De Yong (“Sevilya”, ijara), Adama Traore (“Vulverxempton”, ijara), Dani Alvesh (klubsiz edi).
2020 yildayoq klubda allaqachon pul tugagani ma’lum bo‘ldi. Ammo yangi futbolchilarga bo‘lgan ehtiyoj yo‘qolgani yo‘q edi. Pedridan tashqari barcha yangi kelganlar oldingi besh mavsumda jamoaga foyda keltirmadi. Shu sababdan Messi jamoani tark etgach, direktorlar kengashi kredit tizimini faolllashtirishdi va erkin agentlarni taklif etishni boshladi. Ammo bu shartnomalar bilan keyinchalik muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Joan Laporta yulduzlar bilan hamkorlik qilishga kirishdi.
Klubga Obameyang, Depay va Aguero olib kelindi va yakunda ro‘yxatdagilarning barchasi Kataloniya klubini tanlaganidan afsuslanishlari mumkin. Argentinalik futbolchi yuragi bilan bog‘liq muammolar tufayli faoliyatini yakunladi, Pyer-Emerikdan esa asosiy tarkibdagi o‘rnini eski “qadrdoni” Robert Levandovski tortib olishi mumkin. Leva Kataloniyaga yangi marralarni zabt etish uchun kelmoqchi. Oba zaxirada qolishni istamasa, o‘ziga yangi klub izlashi kerak.
Torres transfer narxini oqlash uchun o‘z ustida hali ko‘p ishlashi kerak, chunki bu kelishuv tufayli “Barselona” sardorlarining jahli chiqdi – Pike, Alba va qolganlar Laporta ularni maoshni kamaytirishga majbur qilganidan afsusda bo‘lsa kerak. Chunki ushbu transfer “ko‘k-anorranglilar” uchun 55 mln. yevroga tushdi. Adama Traore allaqachon o‘z jamoasiga qaytdi. Kataloniya mushaklari baquvvat yigitga faoliyati avvalida bo‘lgani kabi noqulaylik tug‘dirdi.
Agar Levandovski jamoaga kelsa, turnirlarda g‘olib bo‘lish uchun ko‘p narsalarni yengib o‘tishi kerak, chunki kataloniyaliklarda nafaqat moliyaviy, balki o‘yin bilan bog‘liq muammolar bor. Xarakter jihatidan butunlay boshqacha odamlar, tajribali va yosh futbolchilar va hokazo.
Agar pul muammosi bartaraf etilmasa, Pedri klubdan ketishi mumkin, chunki Frenki de Yongning transferi 500 million yevrolik kamomadni to‘ldira olmaydi. Faxriylar – Pike, Buskets va Alba abadiy emas, ammo Dani Alveshga bo‘lgan munosabat Laportaning harakat rejasi bor yoki yo‘qligini ko‘rsatdi. Birinchidan, jamoa braziliyalik bilan o‘z xohishiga ko‘ra shartnoma imzoladi va endi uni yangilash uchun pul yetishmayapti, garchi himoyachi nominal to‘lov evaziga o‘ynashga tayyor bo‘lsa-da.
“Barselona”dagi muammolar sabab tirik afsona Lionel Messi “PSJ”ga tekinga o‘tib ketdi. Shuning uchun Kataloniya klubining yuqorida nomlari sanab o‘tilgan qirq nafar futbolchiga munosabati ajablanarli emas. Hattoki, Pedri yaqin yillarda jamoasi bilan hech qaysi turnirda zafar qucha olmasa, uning sodiqligidan umid qilmasa ham bo‘ladi. Agar uzoq yillik inqiroz moliyaviy bankrotga sabab bo‘lsa, bir necha yillardan so‘ng, “Barsa” futbolchilarni baxtsiz qilgan klub sifatida eslanadi.