Garet Beyl “Los-Anjeles” klubida “Real”dagiga qaraganda 24 baravar kam maosh oladi. Bu qanday sodir bo‘ldi? Buning o‘ziga yarasha sabablari bor.
Uelslik futbolchi MLSga yo‘l olgach, “Los-Anjeles” bilan erkin agent sifatida shartnoma imzoladi. Bitim yana 18 oyga uzaytirish imkoniyati bilan bir yil muddatga tuzilgan.
“Los-Anjeles”ga ko‘chib o‘tganimdan juda xursandman. Bu men va oilam uchun to‘g‘ri tanlov. Hatto o‘tish vaqti ham to‘g‘ri. Men jamoa bilan mashg‘ulotlarda ishlashni kuta olmayman va sovrinlarni yutish uchun tayyorlanyapman”, – dedi Garet yangi klubga o‘tganidan so‘ng.
The Athletic xabariga ko‘ra, Beyl “Los-Anjeles”da yiliga 1,3 million funt maosh oladi. Taqqoslash uchun: “Real”da uelslik futbolchi yiliga 31 million funt sterling maosh olgan. Garet ixtiyoriy ravishda o‘z darajasidan pastga tushdi.
AQSHga ko‘chib o‘tishning birdan-bir sharti doimiy o‘yin amaliyotining mavjudligi (bu Jahon chempionati oldidan muhim) va shaharga bo‘lgan muhabbat edi. 32 yoshli vinger “Los-Anjeles”ga ko‘chib o‘tishning ikkita sababi bor.
Birinchisi – Beyl UYEls libosida to‘p tepish unga “Real”da o‘ynashdan ko‘ra ko‘proq zavq olib kelishini yashirmadi. Garet terma jamoaning 2022 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma olishida katta hissa qo‘shdi – agar Uels yarim asr orzu qilingan yo‘llanmani qo‘lga kirita olmaganida, hatto o‘tgan mavsum oxiridayoq uning faoliyatini yakunlashi mumkin edi. Endi qanot hujumchisi hech bo‘lmaganda JCHgacha formasini saqlab qolishi kerak. Qolgan savollarga keyinchalik javob topiladi.
2020 yilda Garet G‘arbiy sohildagi shaharga ko‘chib o‘tishga qarshi emasligini aytdi:
“Menga MLS yoqadi. Liga o‘sish va rivojlanishda davom etmoqda. Hozirda ko‘plab futbolchilar ushbu chempionatga o‘tishni xohlashadi. Bu, albatta, men uchun qiziq. Men dam olish uchun Los-Anjelesga kelishni yaxshi ko‘raman. U yerda tez-tez golf o‘ynayman”.
Ikkinchisi – mukammal moslik.
Xo‘sh, MLSdagi futbolchilar maoshi haqida nima deyish mumkin?
MLSda ishtirok etuvchi har bir jamoa futbolchilar uchun 4,9 million dollardan ortiq maosh to‘lay olmay. Ammo liganing har bir klubiga yana qo‘shimcha uch nafar o‘yinchini ro‘yxatdan o‘tkazishga imkon beruvchi qat’iy belgilangan qoida (Bekxem qoidasi sifatida ham tanilgan) mavjud.
Shu bilan birga, klub har bir bunday futbolchi uchun 612,5 ming dollar jarima to‘lashi kerak – bu katta yoshli futbolchining maksimal maoshi hisoblanadi.
Yaqin vaqtgacha “Los-Anjeles”da faqat bitta shunday o‘yinchi bor edi – Karlos Vela. Beyl va Jorjio Kyellinining kelishi bilan jamoa moliyaviy cheklovni buzish imkoniyatidan foydalanib bo‘ldi.
Ayni paytda MLSda eng ko‘p maosh oladigan futbolchilar uchligi quyidagicha ko‘rinish olgan:
Jerdan Shaqiri (“Chikago Fayr”) – 8,15 million dollar;
Xavyer Ernandes (“Los-Anjeles Gelaksi”) – 6 million dollar;
Gonsalo Iguain (“Inter Mayami”) – 5,79 million dollar.
Nega “Real Madrid” Beylga bu qadar katta maosh to‘lagan?
Beylning “Real Madrid” bilan 2022 yilning yozida yakuniga yetgan shartnomasi 2016 yilning oktyabrida imzolangan. Bungacha Garet Ispaniyada yiliga 12 million funt sterling maosh olardi. Yangi kelishuvga ko‘ra, uelslik futbolchi 2,5 barobar ko‘p maosh ola boshladi va bu borada Krishtianu Ronalduga yetib oldi.
O‘shanda “Real Madrid” Beylni portugaliyalik yulduzga o‘rinbosar sifatida ko‘rgan edi. Bu mantiqiy qaror bo‘lib – Krishtianu allaqachon 30 yoshdan oshgan va Garet hali klubda ajoyib o‘yin ko‘rsatayotgandi. Bundan tashqari u o‘zini jamoada baxtli his etgan.
Ammo Krishtianu ketganidan keyin Karim Benzema haqiqiy yetakchiga aylandi. Beyl bir necha marta jarohat oldi va ispan tilini yaxshi bilmasligi tufayli jamoadan tobora uzoqlashib borardi. Bu esa muxlislarning g‘azabini va rahbariyat bilan tushunmovchilikni keltirib chiqardi. Peres futbolchidan qutulishga harakat qildi.
Ammo “Tottenxem”dagi ijara muddati davomida – Garet sport formasini tiklay boshlab, 20 uchrashuvda 11 ta gol urdi. “Los-Anjeles”da esa natijalar bundan ham yaxshiroq bo‘lishi aniq.
“Real” Garet Beylni 2013 yilda “Tottenxem”dan 100 million yevro evaziga xarid qildi. O‘sha mavsumda uelslik iqtidor egasi “Bi-Bi-Si” triosining ajralmas bo‘lagi bo‘ldi. Jamoa 12 yillik tanaffusdan so‘ng YECHL bosh sovrinini qo‘lga kiritdi. “Barselona”ga qarshi kechgan Ispaniya kubogi finalida esa Garet Mark Bartrani qay tarzda dog‘da qoldirib, g‘alaba goli muallifiga aylangani yodingizda bo‘lsa kerak.
Beylning eng katta kamchiligi o‘z ustida ishlamasligi va jarohatlarga moyilligi edi. Bundan tashqari vinger basketbol va golf o‘yinlari orqali ijtimoiy tarmoqlarni “gullatib” yurdi. Bu esa uning asosiy tarkibdagi o‘rni va rahbariyatning ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘ldi. Uning okean orti mamlakatidagi faoliyati qanday kechishi haqida bir narsa deyish qiyin. Biroq o‘z vataniga JCHda yordam berish uchun ham avvalgi sport formasini tiklab olishi kerak. Aks holda muxlislar uni shon-shuhrat sabab iste’dodidan mahrum bo‘lgan futbolchilar qatorida tilga olishadi.