22 yoshida “Barselona”dan MLSga ketish haqida hikoya.
Riki Puch: amalga o‘zini ko‘rsata olmagan iste’dodmi yoki vaziyatlar qurboni? Bu, birinchi navbatda, futbolchiga katta umid bog‘langanligi bilan bog‘liq. Puch 14 yoshida Kataloniya klubi tizimida edi. O‘shandan beri u “ko‘k-anorranglilar” akademiyasining turli yosh guruhlarida a’lo darajada o‘ynadi. Yosh yarim himoyachining yoshi ulg‘aygan sari uni Andres Iniyesta va Xavi bilan solishtirishardi.
Puch "Barselona B" (kataloniyaliklarning ikkinchi jamoasi) tarkibida 56 ta o‘yin o‘tkazib, 2 ta gol urdi va 10 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Bu markaziy yarim himoyachi uchun yaxshi ko‘rsatkichlar. Riki 2018 yil 5 dekabr kuni Ernesto Valverde qo‘l ostida asosiy jamoada debyut qilgan. Bu Ispaniya kubogi doirasida "Kultural Leones"ga qarshi o‘yin bo‘lib, unda yosh yarim himoyachi golli uzatmani amalga oshirgandi.
Puch La Ligadagi debyutini 2019 yil 13 aprel kuni “Ueska”ga qarshi o‘tkazdi. O‘shandan beri futbolchini yaqindan kuzatib borishdi, chunki u akademiyada yaxshi natijalar ko‘rsatdi. Biroq Valverde yosh yarim himoyachiga ko‘p imkoniyatlar bermadi, garchi aynan u Rikiga asosiy tarkibda debyutini o‘tkazishiga imkon bergan bo‘lsa-da.
Puch uchun haqiqiy muammolar Ronald Kuman bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyin boshlandi. Uning qo‘l ostida Riki har bir uchrashuvda o‘rtacha 20 daqiqani maydonda o‘tkazdi. Bu uning kataloniyaliklar uchun asosiy tarkibga o‘tganidan beri eng yomon o‘yin vaqtlari edi. Umuman olganda, 2020/21 yilgi mavsumda yarim himoyachi La Ligada 281 daqiqa, Chempionlar ligasida 86 daqiqa va Ispaniya kubogida 162 daqiqa o‘ynadi. Kuman futbolchining ijaraga berilishini ta’kidladi. Qolaversa, "Fulxem", "Benfika" va "Fiorentina" bilan yaxshi variantlar bor edi.
Puch ijaraga ketishdan bosh tortdi. Riki birinchi navbatda "Barselona"ga mos keladigan o‘ziga xos o‘yin uslubiga ega ekanligini aytdi. Kuman ketganidan so‘ng, futbolchi uchun qiyin davr tugashi kerak edi. Negaki, niderlandiyalik murabbiy o‘rniga Puchning ashaddiy muxlisi Xavi Ernandes keldi. Mutaxassis hali “As-Sadd” ustozi bo‘lganidayoq yarim himoyachini o‘zi ijaraga olmoqchi edi. Biroq futbolchi Qatardagi kumiri jamoasiga bormadi. U Kataloniya klubida o‘z imkoniyatini kutishda davom etdi.
Xavining kelishi Puchga dalda berdi. U hatto agentini o‘zgartirdi va hozirgi murabbiy manfaatlarini ifodalovchi odamni ishga oldi. Biroq futbolchining ahvoli unchalik yaxshilanmadi. Avvaliga Riki Xavi qo‘l ostida o‘ynadi, ammo vaqt o‘tishi bilan u yana tez-tez "Barselona" o‘yinlarini zaxira o‘rindig‘ida kuzata boshladi.
Xavi Riki boshqa yarim himoyachilarga raqobatni boy berayotganini ochiq aytdi. Mutaxassis uchun u Gavi, Pedri, Niko Gonsales va Frenki de Yongdan keyin beshinchi variant edi.
Riki klubga sodiqligi tufayli "Barselona"ni tark etishni istamasligini bir necha bor ta’kidlagan. Ammo u bu gaplarida samimiy edimi? Muxlislar shubhalana boshladilar. Avvaliga futbolchini Jerard Pike bilan tungi klublarda yurgan rasmlar tarqaldi. Keyinchalik Internetda bir intervyu paydo bo‘ldi, unda Puch kataloniyaliklarni bir necha marta tark etishi mumkinligini tan oldi. Ma’lum bo‘lishicha, gap futbolchining sodiqligida bilan bog‘liq emas. Riki shunchaki o‘zining komfort zonasini tark etishni xohlamadi, garchi “Milan” va “Chelsi” uni sotib olishga tayyor edi.
Puch oxir-oqibat “Barselona”ni tark etdi. Avgust oyi boshida uning “Los-Anjeles Gelak”siga o‘tayotgani ma’lum bo‘ldi. Tomonlar 3 yillik shartnoma imzolashdi. Kataloniyaliklar futbolchini tekinga qo‘yib yuborishdi, garchi uning shartnomasi tugashiga hali 1 yil qolgandi. Buning evaziga klub o‘yinchini qaytarib sotib olish huquqini yoki uning keyingi qayta sotilgan summasining 50 foizini oladi. Yangilik biroz hayratda qoldirdi. 22 yoshida “Barselona”dan MLSga ketgan futbolchini eslay olmayman.
“Barselona"da muvaffaqiyat qozona olmaganiga qaramay, Puchga Yevropaning jiddiy klublaridan takliflar bor edi. Endi uning transferiga hatto AQSHda ham shubha bilan qaralmoqda, u yerga asosan futbolchilar faoliyatining yakunida ketishardi. Rikki, masalan, Lorenso Insinye yoki Garet Beyl kabi katta nomga ega emas. Ispaniyalik hech narsaga erisha olmadi va ko‘rsatmadi. Qayerdadir vaziyat unga xalaqit berdi, lekin ko‘p narsa futbolchining o‘ziga bog‘liq edi. MLSda Puch hammasini boshidan boshlashi kerak va bu voqea hikoya qanday tugashi “Barselona” muxlislarini befarq qoldirmasligi kerak, nazarimda.