«Rossonerlar»ning sobiq yarim himoyachisi Roberto Donadoni La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida «Milan» va «Inter» klublarining «A» seriya yangi mavsumidagi istiqboli haqida gapirdi.
U shuning barobarida uzoq davom etgan «tortishish»lardan so‘ng «qizil-qoralar» safiga qo‘shilgan belgiyalik iqtidor - Sharl de Ketelarega katta ishonch bildirdi.
- Sizningcha, yangi mavsumda ham «Inter» va «Milan» skudetto uchun chinakamiga kurasha oladimi?
- Menimcha, bemalol. Har holda, hozirgi manzaraga qarasak, aynan shu ikki klub boshqa ishtirokchilarga nisbatan yaxshiroq tayyorgarlikka ega. Shuningdek, «Inter»da ham, «Milan»da ham nisbatan shakllangan tarkib bor. Qolgan barcha jamoalarga qandaydir qo‘shimcha kuch kerakdek tuyulmoqda. Masalan, «Yuventus»ni olaylik. Turin superklubi uzoq yillik gegemoniyadan so‘ng ma’lum muddat qiyinchiliklarni boshdan kechirdi va endi-endi muvozanatni tiklashga harakat qilmoqda. Menimcha, «keksa sinyora» hali chiziqlar bo‘yicha mukammallikka erishishi lozim. Joriy mavsum yana «Roma»ni kuzatish ham ancha qiziqarli. Ikki hujumkor yarim hujumchi va Abraxamdek to‘purarga ega jamoaning qanday o‘ynashi hamma qatori meni ham qiziqtirmoqda. Ayniqsa, Dibalaning tarkibga qo‘shilgani jamoada ishtiyoqni oshirsa, ajabmas. Ammo «Roma»da o‘yin tuzilmasini qayta tiklash masalasi bor. Bu vaqtda «Inter» va «Milan» allaqachon mustahkam poydevorga ega bo‘lib ulgurdi. Qisqasi, Milan klublari chempionatda ma’lum ustunlikka ega.
- «Neradzurralar» va «rossonerlar» o‘rtasida o‘yin falsafasi bo‘yicha katta farq yo‘q emas. Binobarin, «Inter» jismoniy kuchga ko‘proq tayanadi, «Milan» esa futbolchilarning texnik salohiyatlariga. Bu fikrga qo‘shilasizmi?
- To‘g‘ri, shunday. Lekin unutmaslik kerak, barchasi klublarning DNK tahliliga borib taqaladi. «Inter» azaldan jismonan baquvvat jamoa sifatida ajralib turgan. Misol uchun, Elenio Errera davrida ham Sandro Massola tezligi, Jachinto Fakketti va Luis Suaresning krosslariga ko‘proq tayanilgan. «Milan» aksincha, texnik futbol tarafdori - aniq yo‘lga qo‘yilgan o‘yin, to‘pning reja bo‘yicha harakatlanishi, driblinglar hisobiga maydonda ustunlik qilish... Nazarimda, Simone Inzagi va Pioli boshqarayotgan hozirgi jamoalar o‘tmishdan ildiz otgan g‘oyalar mahsulidir.
- Sharl de Ketelareni qanchalik yaxshi bilasiz?
- Uncha ko‘p bo‘lmasa-da, harqalay, ba’zi o‘yinlarini ko‘rdim. Shularga asosan Sharl haqida faqat ijobiy fikr bildirishim mumkin. Ha, u hali yosh, muhimi, har tomonlama o‘sish uchun tabiiy resurslari yetarli. Jumladan, yetakchilik xususiyatlarini ham rivojlantirish imkoniyatiga ega. Ishonchim komil, de Ketelare «Milan»da yo‘qolib qolmaydi, aksincha, tabiiy salohiyatini yanada dadilroq namoyon etadi.
- Umuman, Sharl qanday tasnifga mansub futbolchi?
- Birinchidan, turli taktik chizmalarga muammosiz moslashuvchan yigit. Bunday hujumchilar har doim o‘zgacha qadrlangan. Aytmoqchimanki, Sharl o‘yin uslubi bo‘yicha yopiq klassik trekvart emas, balki jamoa falsafasi asosida harakatlanadigan, har qanday tarkibga mos tushadigan va astoydil ter to‘kadigan futbolchi sanaladi. Uning mehnatkashlik xususiyati ham tahsinga sazovor. Men ko‘rgan o‘yinlarda o‘yinning barcha bosqichlarida faol ishtirok etishi bilan e’tiborimni tortdi, har holda. Qisqasi, de Ketelaredagi barcha fazilatlar, uning o‘yin dinamikasi meni zamonaviy futbolchi haqida o‘ylashga undamoqda, shunga umid uyg‘otmoqda. Zamonaviy futbol - bu tezlik, bosim va doimiy yuqori sur’at. Sharlda esa bularning barchasi mujassam.
- Biroq de Ketelarening Pioli yo‘lga qo‘ygan tizim-loyihaga mos kelish-kelmaslik masalasi ham bor-ku...
- Uning moslashuvchanlik qobiliyatini bejiz tilga olganim yo‘q. Ishonamanki, Sharl «Milan» strategiyasiga ko‘nikish uchun ko‘p vaqt sarflamaydi. To‘g‘ri, yangi chem-pionatga endigina qadam tashlagan yigitchadan darhol osmondagi yulduzni urib tushirishini kutmaslik kerak. Bilamizki, Pioli boshqaruvidagi «Milan» ko‘p jihatdan jamoaviy harakatlar, pozisiyalarni amlashtirish uslubi, vertikal uzatmalarga tayanmoqda. Menimcha, de Ketelare ayni shu tizimda juda foydali. Pioli unga maydonda eng maqbul joyni topib bersa, bas. Xoh markaziy hujumchi orti bo‘lsin, xoh qanot... Yana bir jihatni e’tiborga olish kerak: Sharl raqibning o‘z o‘yinini ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilish borasida ham benazir. Xullas, «Milan» zarur pallada o‘yin borishini o‘zgarishga qodir kelajagi porloq futbolchiga ega bo‘ldi.
- De Ketelarening to‘purarlik fazilatlarini baholashga hali erta. Lekin shunday bo‘lsa-da, uning ilk mavsumda loaqal 10ta gol marrasiga yeta olishini taxmin qilish mumkinmi?
- Bunisini faqat avliyo shaxs biladi. Qaytaraman, Sharl juda ko‘plab ajoyib fazilatlarga ega, zarbalari chakki emas, gol urish ishtiyoqi ham joyida. Tan olish kerak, Romelu Lukaku yaqqol favorit hujumchi, ammo bu hali hech narsani anglatmaydi. Avvalgi mavsumga qarasak, «Milan»da ko‘plab futbolchilar gol urishdi, chunki hujumda butun jamoa qatnashdi.
- «Inter»ning jismoniy kuchi va «Milan»ning texnik salohiyati - qay birini ustun qo‘yasiz?
- Har doim sof «milanchi» sifatida gavdalanganman, klubga muhabbat qonimda bor. Shuning uchun bu kabi savollarga xolis javob berolmaslikdan qo‘rqaman. Tabiiyki, ustunlikni Pioli jamoasiga berishni xohlayman, keling, yaxshisi, «rossonerlar»da o‘yin qanday va nimalarning evaziga rivojlanishiga kuzataylik. Ajoyib ijrochilik mahorati bor Rafael Leauning nihoyat, boricha ochilishini kutyapman. Shuningdek, Tonalini ham alohida kuzataman. To‘g‘ri, «Inter» tarkibida ham e’tiborga loyiq yigitlar bor. Deylik, Brozovich katta qiziqish uyg‘otmoqda, yana Mxitaryanning jamoa o‘yiniga qanday qo‘shilishini bilishga ham sabrim chidamayapti.
- Sizningcha, joriy mavsum xalqaro o‘yinlar, jumladan, JCH-2022 ta’siri qanchalik seziladi?
- «Milan» ham, «Inter» ham mavsumning birinchi qismini gaz pedalini qo‘yib yubormasdan o‘tkazishi kerak. Sprint-start ishonchni mustahkamlash uchun juda zarur. Takrorlayman, hozirgi holatda «Milan» va «Inter» qolgan ishtirokchilardan bir qadam oldinda, chunki har ikkisida o‘yin chizmasi allaqachon shakllangan. Albatta, Chempionlar Ligasi ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan katta kuch talab etadi. Shunday ekan, rotasiya masalasini aslo unutmaslik kerak.
M.PO‘LATOV tayyorladi.