Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/11 00:45 Parma 1-3 Atalanta
24/11 01:00 Selta 2-2 Barselona
24/11 15:00 Metallurg 1-0 Surxon
24/11 16:30 Jenoa 2-2 Kalyari
24/11 17:15 So‘g‘diyona 2-0 Lokomotiv
24/11 18:00 Osasuna 2-2 Vilyarreal
24/11 19:00 Sautgempton 2-3 Liverpul
24/11 19:00 Torino 1-1 Monsa
24/11 19:00 Komo 0-2 Fiorentina
24/11 20:15 Sevilya 1-0 Rayo Valyekano
24/11 21:30 Ipsvich 1-1 Man. Yunayted
24/11 22:00 Napoli 1-0 Roma
24/11 22:30 Leganes 0-3 Real Madrid
25/11 00:45 Lasio 3-0 Bolonya
25/11 01:00 Atletik Bilbao 1-0 Real Sosyedad
25/11 22:30 Empoli - Udineze
26/11 00:45 Venetsiya - Lechche
26/11 01:00 Nyukasl - Vest Xem

Erve Renar: «Mundialga ambisiyasiz borishdan ma’no yo‘q»

Erve Renar: «Mundialga ambisiyasiz borishdan ma’no yo‘q»

Baho:
+ | -

Fransiyalik Erve Renar 4 yil oldin Marokash milliy jamoasi bosh murabbiyi rolida mundial guruh bosqichida hafsalasizlikka uchraganiga qaramay, Rossiyadan boshini baland ko‘targan holda qaytgandi.

JCH-2018 yakunlaganidan atigi 2 oy o‘tgach, Saudiya Arabistoni bosh jamoasida ish boshlagan tajribali mutaxassis endi yana 4 yillikning eng katta futbol turnirida ishtirok etish arafasida turibdi. Saudiya termasining saralash dovonidagi yurishi ancha ta’sirli chiqdi - «yashil burgutlar» zukko Renar rahbarligida chinakamiga yayrab-yashnab to‘p surishdi. Hozirda saudiyalik muxlislar milliy jamoa 1994 yilgi muvaffaqiyatni takrorlab, Qirollik tarixida ikkinchi marta mundial guruh bos­qichidan chiqishi, bunda Renarning taktik tajribasi qo‘l kelishiga shubhalanmayaptilar. To‘g‘ri, arablarga oson bo‘lmasligi tayin. Zero, ularni oldinda Pol-sha, Meksika va Argentina termalariga qar-shi og‘ir o‘yinlar kutib turibdi.

- Saudiya termasi saralashning ikkinchi bosqichida 8ta o‘yindan 6ta, so‘nggi raundda esa 10ta uchrashuvdan 7ta g‘alaba qayd etib, JCH yo‘llanmasini ishonch bilan rasmiylashtirdi. Saralash kampaniyasida shunday tetik ishtirokni kutganmidingiz?

- Saudiya Arabistoni termasi boshqaruvini 2019 yilning avgust oyida qo‘lga olgan bo‘lsam, shundan buyon shogirdlarimning ishga yondashuvlaridan bag‘oyat mamnunman. Ularga biror jabhada e’tiroz yo‘q. Axir saralashda Yaponiya va Avstraliya termalari kabi kuchli raqiblarni yengish asnosida maqsadga erishdik - bu katta yutuq. To‘g‘ri, eng katta sinovlar hali oldinda.

- Jamoa yetakchisi Salim al Dovsariyga alohida to‘xtalish kerak. Uning roli qanchalik muhim, kuchli tomonlari nima?

- Salim Osiyoda eng yuqori saviyada o‘ynash bo‘yicha katta tajribaga ega yigit, deylik, «Al-Hilol» bilan OCHLning oxirgi 3 mavsumidan 2tasida g‘alaba qozondi. Salmon al Faraj xuddi Salim kabi bugungi «yashil burgutlar»ning eng yaxshi futbolchilaridan biridir. Ular endi barchasini xalqaro darajada ham isbotlashga shaylar. Har ikkisining mashg‘ulotlar va o‘yinlarga yondashuvi butun jamoani ilhomlantirishi kerak.

- Salmon al Faraj ko‘p yillar davomida Saudiya Arabistoni futbolida asosiy «figura» sanaladi. O‘zi u qanday futbolchi, sardor sifatida eng muhim xislatini ayta olasizmi?

- Bebaho futbolchi va sardor. Salmon «Al-Hilol»da ham barchani birlashtiruvchi kuch hisoblanadi. U muhim pallada o‘z qobiliyati bilan yetakchilikni qo‘lga olib, jamoani harakatga soladi. Ikkinchi sardor Salim ham shunday sifatga ega.

- Afrikadagi uzoq yillik faoliyatdan so‘ng Saudiya Arabistonida ish boshlash va mahalliy sharoitlarga moslashishda qiynalmadingizmi?

- Yo‘q, chunki o‘zim shunday keskin o‘zgarishni xohladim. Bunga qadar 10 yilcha Afrikada yashadim, to‘g‘ri, orada kichik tanaffus bilan - Fransiyaga qaytib, Sosho-Monbelyar va Lillda qisqa vaqt ishladim. JCH-2018dan keyin esa boshqa qit’ada ham salohiyatimni sinab ko‘rishni xohladim. Oldimda Osiyo termalaridan biri boshqaruvini qo‘lga olish imkoni tug‘ilgandi. Albatta, Saudiya termasida ish boshlagach, avvaliga ma’lum qi­yinchiliklar yuzaga keldi. Muhimi, atrofimda yig‘ilgan insonlar bilan katta hajmda ish bajardik. Jumladan, mamlakat futbol federasiyasi prezidenti Yosir al Meshal bizni qo‘llab-quvvatlab turdi.  O‘ylashimcha, aynan ahillik va o‘zaro tushunish evaziga JCHga chiqish missiyasini bajardik. 

- Terma jamoada aynan nimalarni o‘zgartirdingiz?

- Murabbiy avvalo, o‘z ixtiyo­ridagi jamoa va uning futbolchilari madaniyatiga moslashishi kerak. Ko‘pchilik yordami bilan ham o‘yin, ham hayotiy qarashlar masalasida saudlarga yaxshi moslashdik. Hozir bir-birimizni ko‘p yillardan beri biladigandekmiz. Shu o‘rinda futbol mohiya­tini ham unutmaslik kerak - natija chiqayotgan payt hammasi zo‘r ko‘rinadi. Demoqchimanki, endi jiddiy sinovlarga tayyor bo‘lishimiz kerak, zero, bir-ikki o‘yindagi mag‘lubiyat ruhiy muvozanatni buzib yuborishi hech gap emas. Murabbiy sifatidagi asosiy vazifam - shunday holatga yo‘l qo‘ymaslik.

- Jamoangiz o‘yin uslubini qanday tavsiflaysiz?

- Saudiya milliy jamoasi uslub jihatidan Jazoir, Misr, Marokash va Tunis termalariga o‘xshash. Bu jamoalarning barchasida jozibali futbolga moyil texnik salohiyati baland iqtidorlar yetarli. Lekin JCH kabi yirik turnirlarda o‘yinga tartib-intizom qo‘shishingiz shart, aks holda... Oddiy aytganda, bizda iqtidorlar bor, faqat o‘yin intizomini ham yo‘lga qo‘yish talab etiladi.

- 2ta milliy jamoa bilan Afrika Millatlar kubogida zafar quchgan birinchi murabbiy sanalasiz...

- Aslida faoliyatim boshida Afrikada ishlash xayolimga ham kelmagandi. Taqdir esa meni shu qit’aga olib bordi: Klod Le Rua tufayli 2007 yili Gana termasida yordamchi murabbiy rolini bajardim. 2008 yilgi AMK men uchun birinchisi bo‘ldi va keyinchalik yana 6ta turnirda qatnashdim. Afrika chempionatida 2 marta g‘alaba qozonish - ajoyib tuyg‘u. Ikki jamoani shohsupaga boshlash esa - qadrli rekord. Shunday natijaga erishishimda yordam berishgan  zambiyalik va ivuarliklarga katta rahmat.

- Hozirgi jamoangizning barcha futbolchilari milliy ligada o‘ynashadi. Bunga munosabatingiz...

- Afzal tomoni - Saudiya Arabistoni chempionatini to‘liq kuzatib borish imkoni bor. Murabbiylar shtabida yetti kishimiz va har bir o‘yinni ko‘rish uchun butun mamlakat bo‘ylab tarqalamiz. Lekin saudiyalik futbolchilar vaqti kelib, xorijga ham chiqishlari kerak. Zero, ular o‘zlarini yuqori saviyada sinab ko‘rishga loyiqlar, xususan, YECHLda. Ayni holatda esa, safimizda legioner yo‘qligi - biz uchun kichik ustunlik, garchi bu yigitlarimiz yevrofutbolning beqiyos tajribasiga ega emasliklarini anglatsa ham.

- Guruhdagi raqiblarga ham baho berib chiqsangiz...

- Meksika termasi FIFA reytingining 9-qatorida, turnir favoritlaridan biri Argentina milliy jamoasi esa 4-pog‘onada. Shuning o‘zi hammasini aytib turibdi. Polsha termasida esa Levandovskidek goleador bor. Ha, bizni murakkab o‘yinlar kutib turibdi, ammo murabbiy yoki futbolchi uchun JCHda eng kuchlilarga qarshi kurashish - katta imkoniyat. Dunyoning eng yaxshi jamoalari hamisha g‘alabani ko‘zlaydi. Muhimi, turnirdagi eng «kichik» jamoalardan biri bo‘lsangiz ham, hayratlanarli natijalarga umid bog‘lashingiz, bunga ishonishingiz kerak.

- Xo‘sh, Saudiya termasi Qatarda qanchalik uzoqqa bora oladi?

- Futbolda hech qanday chegara yo‘q. Muntazam ravishda qo‘ldan kelganicha tayyorgarlik ko‘rish va xatolarni tuzatib borish muhim. Agar talab darajasida ishlasangiz, nega orzu qilmasligingiz kerak? O‘zi JCHga kuchli ambisiyasiz borishdan ma’no yo‘q. Saudiya Arabistonida ko‘p takrorlashadi: «Alloh xohlasa!» Qisqasi, Xudo xohlasa, uzoqqa boramiz.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:00, 18.10.2022.
O'qildi: 1207 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.