Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

O‘zbek futbolida porlagan Andrey Pyatniskiy haqida

O‘zbek futbolida porlagan Andrey Pyatniskiy haqida

Baho:
+ | -

O‘zbek futboli tarbiyalanuvchisi, o‘tgan asrning 90-yillari butun sobiq ittifoq hududidagi eng yaxshi tayanch yarim himoyachilaridan biri sifatida gavdalangan Andrey Pyatniskiy 27 sentyabr kuni 55 yoshga to‘ldi.

Ha, bu futbolchi sobiq ittifoq parchalangach, Rossiya terma jamoasida o‘ynashni ma’­qul ko‘rib, muxlislarimizni ranjitgan. Nima bo‘lgan taqdirda ham, Pyatniskiyning yorqin faoliyati ildizi Toshkent bilan bog‘liq, baribir.

*** 

Andrey Pyatniskiyning ota-onasi 1966 yilgi dahshatli zilziladan keyin Toshkentni qayta tiklash safarbarligi doirasida poytaxtimizga ko‘chib kelishgan. Aynan Toshkent­da tug‘ilgan Andrey futbolga mahalliy «Start» klubi maktabida qadam tashlaydi. Xususan, 15 yoshidayoq sobiq ittifoq chempionati ikkinchi ligasi ishtirokchisi sanalgan «Start» tarkibiga qo‘shiladi va «Paxtakor» tayyorlov guruhida ko‘rikdan o‘tadi. Aslida Andrey bolaligida futbol emas, xokkeyni tanlashi ham hech gap emasdi. Zero, o‘sha davrda Toshkentda «Binokor» xokkey klubi ham mashhur edi. To‘g‘ri, Andrey yakunda millionlar o‘yinini ma’qul ko‘radi. Binobarin, 20-asrning 80-yillari boshida Toshkentda yangi, yosh «Paxtakor»ni shakllantirish boshlangandi. 1979 yilgi aviahalokatda hayotdan ko‘z yumgan «paxtakorchilar» esa barcha o‘zbekistonlik bolalarga bo‘lgani kabi Andreyga ham chin kumirlar sanalishgan. Xullas, 1985 yili 17 yoshli Pyatniskiyni Respublikaning o‘sha vaqtdagi asosiy jamoasi - «Paxtakor»ga qabul qilishadi va u bir mavsum sobiq ittifoq chempionati birinchi ligasida to‘p suradi. Andrey o‘sha vaqtdayoq ancha tanilib ulgurgandi, iqtidorli futbolchini ittifoqdagi tamoyilga ko‘ra, SSKAga «chaqirishadi». «Harbiy xizmatdan qochib qutulishning iloji yo‘q edi. Shuning uchun darhol majburiyatdan soqit bo‘lishni o‘ylab, SSKAda o‘ynashga qaror qilgandim», - deya xotirlaydi Pyatniskiy. 

Toshkentlik yigit Moskvada ham allaqachon tanilgandi. U jumladan, Fransiyada tashkil etilgan turnirda yorqin taassurot qoldirish asnosida sobiq ittifoq yoshlar terma jamoasidan joy oladi. Umuman, Pyatniskiy SSKAda ikki mavsum to‘p suradi. Birinchisi ancha muvaffaqiyatli o‘tadi: Yuriy Morozov boshqaruvidagi «armiyachilar» elit ligaga qaytishadi, ammo keyingi yil ular yana omadsizlikka yo‘liqib, kuchlilar qatoridan tushib ketishadi. Pyatniskiy esa ikkinchi mavsum davomida deyarli amaliyotsiz qoladi. Boz ustiga, leytenant bo‘lish va xizmatni SSKAda davom ettirishdan bosh tortgani uchun haqiqiy armiyaga yuboriladi. To‘g‘ri, Toshkent klubi uni ko‘p o‘tmay, yengillik bilan ortga qaytaradi.

*** 

«Paxtakor»ga qaytgan Pyatniskiy yoshiga nisbatan olganda, aql bilan o‘ynaydi, ko‘p gol uradi va jamoani  harakatga soluvchi haqiqiy yetakchiga aylanadi. Toshkent klubi 1990 yili bosh murabbiy Fyodor Novikov qo‘l ostida nihoyat, elit ligaga qaytadi, Pyatniskiy esa 11ta gol urgancha chempionatning eng yaxshi futbolchilari safiga kiradi. U ke­yingi mavsum kuchlilar qatorida ham binoyidek mahsuldorlik ko‘rsatadi - 10ta gol. Biroq o‘sha mavsum oxiridayoq ittifoq chempionatining tarixga kirgani ko‘pchilikka ayon bo‘lgandi.

*** 

Ittifoq imperiyasi parchalanib ketgach, har bir respublika mustaqil chempionatini yo‘l qo‘yadi. Aslida MDH chempionatini tashkil etish g‘oyasi ham yo‘q emasdi (bu vaqt oralig‘ida Yevro-1992da aynan MDH terma jamoasi ishtirok etadi), biroq Moskva klublari so‘nggi pallada qo‘shma turnirda qatnashishdan bosh tortadi. Aniqrog‘i, «Spartak», SSKA, «Torpedo», «Dinamo» va «Lokomotiv» jamoalari bu borada tegishli memorandum imzolaydi. Shu tariqa «Paxtakor» O‘zbekiston milliy chempionatida o‘ynay boshlaydi. Andrey Pyatniskiy esa jamoa yetakchilari - Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin va Gennadiy Denisov qatori Rossiyaga yo‘l oladi. Andrey «Spartak»dan jozibali taklif olgandi. Moskva klubi o‘sha vaqt Nikolay Starostin tufayli Rossiyaning moliyaviy tomondan eng barqaror jamoasiga aylangandi. Xullas, Pyatniskiy Rossiya chempionati ilk mavsumidan «qizil-oqlar» safida o‘ynay boshlaydi va nisbatan qisqa faoliyatining eng yaxshi 5 yilini Moskvada o‘tkazadi.

*** 

Pyatniskiy o‘zi bilmagan holda, «Deportivo» a’zosiga aylanishi mumkin edi. To‘g‘ri, yolg‘iz emas, Oleg Romansev bilan birga. Ispaniya klubi bilan muzokara jarayonida qatnashgan Aleksey Prudnikov murabbiyning «Men va «Spar-tak» haqidagi haqiqat» nomli avtobiografiyasida shunday eslaydi: «Romansevni «Deportivo» stadioniga olib kelishdi va murabbiylar shtabiga tanishtirishdi. O‘shanda jamoani Arsenio Iglesias boshqarar va u Romansev bilan hamkorlikda ishlab, unga yordam berishga moyil edi. Yakunda Dasayev shtabga tarjimon-murabbiy sifatida kirishi, Romansev bunga qo‘shimcha ravishda o‘zi bilan ikki futbolchi - Kulkov va Pyatniskiyni olib kelishi bo‘yicha kelishuvga erishdik. O‘shanda Andrey hali «Spartak»da o‘ynamagan, lekin Romansev allaqachon unga ko‘z tikkandi. Yakunda Ispaniya­ga na Romansev bordi (jur’at etmadi), na Pyatniskiy. Lekin ular 1992 yili Tarasovkada birlashdilar». Yana shu kitobdan iqtibos: «Romansev yoniga kelganimda, u dangal aytdi - «Jamoa yo‘q. Uni yig‘ish kerak». Bunisi Romansevning yordamchisi Aleksandr Tarxanovga tegishli. U davom etadi: «Shunda Yesaulenko («Spartak» vise-prezidenti) bilan birga jarayonga qo‘shildik. Jumladan, «Paxtakor»dan Pyatniskiy va Kechinov, «Chernomores»dan Simbalar va Nikiforovni olib keldim». Andrey mavsumni muvaffaqiyatsiz boshlaydi - ham o‘yin, ham ruhiy tomonlama qiynalgandi. Chunki «Paxtakor»da tayanch yarim himoyachi nuqtasida o‘ynagan futbolchi «Spartak»da hujumga yaqin joyda harakatlanadi. Asosiysi, Andrey bir necha oyda barchasiga ko‘nikadi. Bunda Romansevning Pyatniskiy va Ledyaxov o‘rnini almashtirish qarori katta rol o‘ynagandi. Ya’ni Andrey tayanch nuqtasiga qaytadi. Tarxanovning aytishicha, Nikolay Petrovich Starostin hattoki, unga tanbeh berishgacha borgan ekan: «Pyatniskiyni nega olib kelding?» - Starostinning bu gapini eshitgan Andrey «Spartak»dan ketishga ham chog‘landi. Lekin futbolchi o‘z pozisiyasida o‘ynay boshlaganida, Staros­tinning fikri keskin o‘zgardi: «Pyatniskiyni taklif qilib, to‘g‘ri qilishdi!»

Mamlakatning eng kuchli klubi sanalgan «Spartak» mavsum-92ni notekis boshlaydi, Romansev uzoq vaqt o‘yinni to‘g‘ri yo‘lga burolmaydi. Pyatniskiy maydon markazida Ledya­xov bilan o‘ynay boshlagach, vaziyat o‘zgaradi. «Romansev meni Ledyaxov o‘rniga qo‘ygach, chuqurroq o‘ynay boshladim va «Spartak»ni to‘xtatib bo‘lmay qoldi», - deya xotirlaydi Pyatniskiyning o‘zi. O‘sha yili «Spartak» Yevropa Kubok egalari kubogi turnirining kuzgi bosqichida muvaffaqiyatli qatnashib, barcha raqiblarini yengadi. Umuman, Pyatniskiy 

«Spartak»dagi birinchi mavsumda 23 marta maydonga tushib, 5ta gol uradi. Keyingi yili statistikasi keskin yaxshilanadi: 39ta o‘yin, 14ta gol va 12ta samarali uzatma. Andrey jumladan, «qizil-oqlar» uchun dramatik tus olgan Kubok egalari kubogi turniri davomida «Liverpul», «Feyenoord» va «Antverpen» jamoalari darvozasini ishg‘ol qiladi. Qolaversa, «Spar­tak»dagi faoliyatida 3 marta mavsumning eng yaxshi 33 futbolchisi ro‘yxatiga 1-raqam ostida kiradi, Rossiya termasi safida JCH-94ga boradi.

*** 

Valeriy Karpin ko‘p yillardan so‘ng Rossiya tarixidagi eng yaxshi 5 nafar futbolchi qatoriga Pyatniskiyni ham qo‘shgandi: «Uning imkoniyatlarini bilaman, axir birga o‘ynaganmiz. Andrey ehtimol, o‘z salohiyatini to‘liq anglay olmagandir...». «Spartak» qatorasiga 3 mavsum Rossiya futbolida tengsiz ekanligini isbotlaydi. Romansev jamoasining o‘yini «devor orqali o‘ynash», yugurish va raqib jarima maydoni yaqinida to‘pni nazorat qilish ustida qurilgandi. Keyinchalik bunday futbol «Barselona» klubi va Ispaniya termasi tomonidan sayqallandi, ayniqsa, Xavi va Andres Inyesta porlashdi. 90-yillar boshida esa «Spartak»da Pyatniskiy tayanch zonasining dirijyori rolida hammani o‘ziga qaratgandi. Uni maydonda raqami emas, «imzo»sidan tanib olish juda oson edi. 

*** 

Pyatniskiy 1990 yili sobiq ittifoq termasining Isroil jamoasiga qarshi norasmiy o‘yini (3:0)da qatnashadi. 1992 yilning qishida esa MDH termasi tarkibida Shimoliy Amerika bo‘ylab safarga chiqadi, lekin yakunda Yevropa chempionatidan chetda qoladi. Pyatniskiy o‘sha yili O‘zbekis­ton milliy jamoasi safida ham 2ta o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi, ammo yakunda Rossiya termasi sharafini himoya qilishni ma’qul ko‘radi, baribir. Andrey JCH-94ga boradi va Braziliya termasiga qarshi kechgan birinchi o‘yin (0:2)da maydonga tushadi, ammo Rossiya bosh jamoasida yetakchilar guruhiga qo‘shilolmaydi. Taqdirni qarang, Pyatniskiy aynan Rossiya termasi o‘yinida jarohatlanadi va bu uning uchun halokatli bo‘lib chiqadi. Ko‘ngilsiz voqea 1995 yilning 6 may kuni Farer orollari termasiga qarshi kechgan bahsda ro‘y bergandi. O‘shanda Pyatniskiyning to‘pig‘i raqib aybi emas, «Lujniki»dagi dahshatli maydon tufayli jiddiy shikastlangandi. Futbolchi may oyidagi bayram kunlari tufayli vaqtida sifatli muolaja olmaydi, faqat bir haftadan so‘ng Moskva shifoxonasida normal davolanadi. Biroq yo‘qotilgan vaqt yakunda o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, baribir. 

Ha, Pyatniskiy 2,5 oyda jarohatdan forig‘ bo‘lib, maydonga qaytadi, xususan, CHL o‘yinida ham qatnashadi. O‘shanda «Spartak» eng yaxshi mavsumini o‘tkazib, guruh raundida 6ta g‘alaba qayd etgandi. Ammo Pyatniskiy endi jamoaning asosiy futbolchisi emasdi. Uning o‘rnini o‘zbek futboli maktabining yosh tarbiyalanuvchisi Valeriy Kechinov egallashga ulgurgandi. Keyingi mavsum Georgiy Yarsev «Spartak» tarkibini keskin yoshartirishga qaror qiladi, chunki deyarli barcha yetakchi futbolchilar xorijga yo‘l olishgandi. Pyatniskiy ham ketishi kerak edi, ammo jarohati xalaqit beradi. «Spartak»da esa yoshlar uchun «amaki-ustoz» maqomida bo‘lib qolgan Pyatniskiy asta-sekin tarkibdan butunlay chiqib ketadi. Shu tariqa chempionlikni tantana qilgan «Spartak» yorqin mavsumni Pyatniskiysiz yakunlaydi. Keyinchalik Saratovning «Sokol» jamoasiga borgan And­rey faoliyatiga jimgina nuqta qo‘yadi. 

*** 

Andrey Pyatniskiy faoliya­tini yakunlagach, hayotda murakkabliklarga yuz tutadi. Chunki daromadi keskin pasaygan, asosan faxriylar turnirlaridagi ishtirok ortidan pul topardi. «Yo‘q, hali ham jamg‘armam bor. Lekin agar deylik, Germaniya termasida o‘ynab, jiddiy jarohatga yo‘liqqanimda, ehtimolki, qandaydir nafaqaga ega chiqardim. Bizda esa bunday narsa yo‘q», - degandi Pyatniskiy o‘z intervyusida. U ma’lum vaqt «Spartak» akademiyasi va o‘rinbosarlar jamoasida ishladi, lekin muntazam emas. Andrey Vladimirovich keyinchalik Novomoskovskda murabbiylik amaliyotiga qayt­di. 2019 yili esa «Ximki-Arsenal» shtabiga qo‘shildi. Pyatniskiy vaqtida «Gazovik» va «Vityaz» jamoalarini bosh­qargan, lekin muvaffaqiyat qozonmagandi. Muhimi, Pyatniskiy futbolsiz yasholmaydi, uning ekspert sifatidagi fikrlari muntazam gazeta sahifalari va internetda paydo bo‘lmoqda. Andrey - oilaparvar inson, hozirda rafiqasi Svetlana va qizi Darya bilan Moskvada yashamoqda. Yana ona yurti Toshkentga tez-tez tashrif buyuradi, «Paxtakor»-79 xotira turnirlarida qatnashadi.

Fakt

Andrey Pyatniskiy faoliyati davomida naq 4ta terma jamoada o‘ynagan: sobiq ittifoq, MDH, O‘zbekiston (2ta «o‘rtoqlik») va Rossiya. U shuningdek, sobiq ittifoq yoshlar va o‘smirlar terma jamoalari safida ham maydonga tushgan va 1990 yili U-21 toifasidagi Yevropa chempionatida oltin medal yutgan.
***
Uning yutuqlari:

Milliy terma jamoa a’zosi: SSSR; Rossiya; MDH; O‘zbekiston (ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi), SSSR yoshlar va o‘smirlar terma jamoasi a’zosi.

Jamoaviy yutuqlari: Rossiya chempioni: 1992, 1993, 1994, 1996, 1997. SSSR kubogi sohibi: 1991/92. Rossiya kubogi sohibi: 1993/94. 1990 yil (SSSR terma jamoasi tarkibida) yoshlar o‘rtasida Yevropa chempioni (21 yoshgacha). Hamdo‘stlik kubogi g‘olibi: 1993 (4 o‘yin, 3 gol)

Shaxsiy yutuqlari: SSSRda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi; SSSR xalqaro toifadagi sport ustasi. SSSRda mavsumning 33 nafar eng yaxshi futbolchisi ro‘yxatida № 3 - 1991. Rossiya chempionatining 33 eng yaxshi futbolchisi ro‘yxatida: № 1 - 1992, 1993, 1994. Kubok egalari kubogining eng yaxshi to‘purari 1992-1993.

Andrey Pyatniskiy oilaparvar inson, rafiqasi Svetlana bilan ular qizi Dariyani tarbiyalashdi. Hozirda Andrey oilasi bilan Moskvada yashaydi, ona yurti Toshkentga tez-tez tashrif buyuradi, "Paxtakor" - 79ning unutilmas futbol turnirlarida qatnashadi va hokazo.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 14:29, 26.10.2022.
O'qildi: 1783 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.