Bugun hamma Karim Mustafo Benzemani olqishlamoqda. Ha, fransiyalik hujumchi «Oltin to‘p»ga yetishish yo‘lida katta matonat ko‘rsatdi.
U bu orada barchaga ma’lum mojaro ortidan ham ma’lum vaqt Fransiya milliy jamoasida o‘ynash huquqidan ham mahrum bo‘ldi. Ayni shu chetlatish Benzemani jahon chempioniga aylanish baxtidan mosuvo etdi. Muhimi, «Real» goleadori har qanday to‘siqlarga parvo qilmay, oldinga intilaverdi va mana, futbol olamining bosh individual sovrini «Oltin to‘p» endi unga tegishli!
KARIM BENZEMA VA «OLTIN TO‘P» SO‘ROVI
Diqqat qiling, «Oltin to‘p»ning yangi sohibi bunga qadar sovringa jiddiy da’vogarlik qilgan emasdi. Har holda, «Oltin to‘p» so‘rovida qayd etgan eng yuqori natijasi atigi 4-o‘rin bo‘lib, bu ham 2021 yili kuzatildi. Umuman, 34 yoshli hujumchi ilk marta 2012 yili sovringa da’vogarlarning 30talik ro‘yxatiga kiritilgan, ammo 21-o‘rin bilan cheklangan. Benzemaning butun faoliyatiga qarasak, u 2008-2009 va 2011 yillarda nomzodlar qatoriga ham qo‘shilmagan, qolaversa, bir necha marta top-30dan chetda qolgan. Alohida ta’kidlash kerak, Karim 2021 yilgacha atigi 6 marta top-30da qayd etildi. Xususan, 2021 yilgacha erishgan eng yuqori natijasi 16-o‘rin bo‘ldi.
«REAL» MUTLAQ QIROL!
Chempionlar Ligasining mutlaq qiroli «Real» «Oltin to‘p» masalasida ham shu maqomga intilmoqda. Harqalay, sovrinning oxirgi 9ta so‘roviga qarasak, ularning 6tasida «Madrid» jamoasi vakili g‘alaba qozondi. Shuningdek, Karim Benzema «Oltin to‘p»ga «Real» futbolchisi sifatida yetishgan 8-futbolchi bo‘ldi. Fransiyalik hujumchi shu tariqa Raymon Kopa, Alfredo di Stefano (2 marta), Luish Figu, Ronaldo, Fabio Kannavaro, Krishtianu Ronaldu (4 marta) va Luka Modrichdan iborat «oltin» guruhga kirdi.
SON XYUN MINNI OLQISHLANG!
«Tottenxem» safida o‘ynayotgan Janubiy Koreya milliy jamoasi yetakchisi Son Xyun Min «Oltin to‘p» so‘rovi tarixida Osiyo futboli uchun eng yuqori natijani qayd etdi - 11-o‘rin. Osiyolik biror futbolchi sovrin poygasida bu qadar yuqorilagan emasdi. Koreys yigiti bu safar so‘rovda norvegiyalik goleador Erling Xoland va Jazoir faxri Riyod Mahrez o‘rtasiga joylashdi.
ENDI IKKISI TENG
Karim Benzemaning yutug‘i bilan «Real» o‘z hisobidagi «Oltin to‘p»lar soni bo‘yicha «Barselona»ga tenglashib oldi. Endi Ispaniyaning har ikki grandi hisobida 12tadan «OT» bor va bu rekorddir. Ikkinchi yuqori natija esa Italiyaning ikki klubi - «Yuventus» va «Milan»ga tegishli. Bu jamoalar futbolchilari 8 martadan «OT» laureatiga aylanishgan.
BENZEMA FRANSIYANING 5-VAKILI
Yana bir fakt shuki, Karim Benzema 1998 yildan buyon «Oltin to‘p»ni bo‘ysindirgan fransiyalik birinchi futbolchiga aylandi. Fransiyadan oxirgi marta Zayniddin Zidan laureat bo‘lgandi. Butun tarixda esa bu mamlakatning 5 nafar vakili «OT» yutgan. Xullas, Raymon Kopa, Mishel Platini, Jan-Pyer Papen va Zayniddin Zidan to‘rtligi Benz hisobiga beshlikka aylandi.