Futbol mavzusi ochilib qolganiga. Bir narsani o‘tkazvoribman — 6 oktyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi birinchi marta Osiyo chempioni bo‘lganiga 10 yil to‘lgandi. 2012 yil sentyabr–oktyabrida Eronda bo‘lib o‘tgan musobaqa O‘zbekistonga terma jamoalar darajasidagi ikkinchi Osiyo chempionligini keltirgan edi (bungacha birinchisi Xirosima–94 edi). Men ham o‘sha jamoa a’zosi, jamoa matbuot kotibi edim. Emosiyalarga boy musobaqa bo‘lgandi.
O‘zbekiston musobaqaga favoritlardan biri sifatida kelgandi. Guruh bosqichidan oson o‘tasizlar, degandi hamma (o‘zimiz ham shunaqa o‘ylaganmiz, albatta). Saralashda 9:0 hisobida mag‘lub etilgan Hindistonni guruh bosqichining 1-turida bazo‘r 3:2 hisobida mag‘lub etganmiz. 2-turda Xitoy bilan o‘yinni zo‘r boshlab, oxiri 1:1 hisobida tugatganmiz. Oxirgi turda esa juda rasvo o‘yin ko‘rsatib, Suriyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lganmiz. Guruhda qolib ketishimiz kerak edi.
Lekin bizning o‘yinimiz bilan bir vaqtda o‘tgan Xitoy — Hindiston o‘yinida autsayder hindlar so‘nggi soniyalarda penaltidan gol urib, Xitoyni o‘zi bilan olib qolib, O‘zbekistonni chorak finalga chiqargan (2 daqiqa ichidagi bu kayfiyat o‘zgarishini albatta ko‘rish kerak).
O‘yindan keyingi matbuot anjumanida bosh murabbiyimiz Dilshod aka Nuraliyevning birinchi aytgan gapi “Hindistonga rahmat!” bo‘lgandi (bir guruhdagi jamoalar bir mehmonxonada turardi, kechki ovqat vaqtida Xitoy darvozasiga O‘zbekistonga “g‘alaba” keltirgan golni urgan hind futbolchiga sovg‘alar bergandik).
Ana shundan keyin favorit favoritga o‘xshab o‘ynay boshlagan. Guruh bosqichidagi nursiz o‘yinlarimizdan keyin hamma “Janubiy Koreya O‘zbekistonni chilparchin qilib tashlaydi”, deb turganida, shunaqangi chiroyli o‘yin ko‘rsatganmizki, o‘yindan keyin eronlik jurnalistlar bari “jamoangiz uch kun ichida xuddi almashtirib qo‘yilgandek”, degandi. Kamiga, guruh bosqichida birorta o‘yinda o‘ynamagan hujumchi Akobir To‘rayev hamma uchun syurpriz bo‘lgandi. Koreyslarni yutib, jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritganmiz.
Shundan keyin yelkadan tog‘ ag‘darilgandek bo‘lgan — minimum vazifa jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish edi-da. Yarim finalda mezbon Eron bilan o‘ynaganmiz. O‘yindan oldin “elchilar” kelib, “Eron sizlarni kamida 5:0 ga yutmoqchi ekan”, degani esimda (haqiqatan ham kuchli edi Eron). 3:2 ga yutganmiz, menimcha, musobaqadagi eng chiroyli va eng yengil o‘yinimiz shu bo‘lgan. Otabek Shukurov shunaqangi zo‘r reyd bilan gol urgan, vah! Izzatilla Abdullayevning pushka-goliga ham gap yo‘q!
Finalni ko‘pchilik ko‘rgandir, balki eslar olar — Yaponiya ezib tashlagan, lekin jamoa haqiqiy matonat, mahorat, ayniqsa, darvozabonimiz Sarvar Karimov qahramonlik ko‘rsatib, chempionlikni qo‘lga kiritganmiz. 10 kun avval musobaqa bilan xayrlashib turgan jamoa mana shunday qilib Osiyo chempioniga aylangan.
O‘sha tarkibda bo‘lganlardan Jamshid Boltaboyev (darvoqe, Suriya bilan o‘yindan keyin yig‘lamagan kam sonli futbolchilardan biri, “yig‘lamalaring” deb yig‘layotganlarni urishib ham bergandi) hozir “Navbahor” yetakchilaridan biri (suratlari posterlarga qo‘yilyapti, mana); Javohir Siddiqov hozir Qo‘qonning Messisi; Otabek Shukurov esa hozir Turkiyada Andrea Pirlo qo‘l ostida o‘ynayapti; Akram Komilov , Izzatilla Abdullayev, Doston Hamdamov ham Superligada o‘z jamoalarida asosiy o‘yinchilar.
Xullas, men ham Osiyo chempioni bo‘lganimga 10 yil bo‘ldi shu oktyabrda. Darvoqe, nafaqat Osiyo chempioni bo‘lganimga, balki Sherali Jo‘rayevni eshitishni boshlaganimga ham. Men matbuot kotibi bo‘lsam, Jamoliddin Bobojonov jamoa operatori edi. OAV bir joyda yashaydi-da. Ustozim Jamol Bobo shunda “Sarbon”dan boshlab, Sheralini ohista eshitishni o‘rgatgan (ha, qarishim Tehronda boshlangan). Mana shunaqa.
Shu g‘alabaga aloqador barchani yana bir bor tabriklayman!
Muhrim A’zamxo‘jayev.