Futbolning o‘tmishi voqealarga boy. Tarixda shunday himoyachilar bo‘lganki, odamlar ular haqida dastlab xato o‘ylashgan. Buning yaqqol misolini "MYU" futbolchisi Lisandro Martinesda ham ko‘rishimiz mumkin. Ko‘pchilik, jumladan, sobiq futbolchi Grem Suness ham Martinesni "Manchester Yunayted"ga mos emas, o‘ynab keta olmaydi deb o‘ylagan. Ammo hozir buning aksini ko‘rmoqdamiz. Ha, Lisandroning bo‘yi himoyachilarniki kabi barvasta emasdir. Ammo uning harakatlari jamoasiga katta foyda olib kelmoqda. Quyida Martinesga o‘xshash hikoyalar haqida so‘z boradi.
Franko Barezi
Futbol tarixidagi eng yaxshi markaziy himoyachilardan birining bo‘yi 1 metr 70 santimetrga yetmasdi. Ha, u baquvvat emasdi. Hatto tezkorlik borasida ham maqtana olmasdi. Ammo hech qachon notog‘ri harakat qilmasdi. Frankoning barqaror o‘yinlari hammani lol qoldirgan. Uning bosib o‘tgan yo‘li ko‘pchilikka, jumladan, Paolo Maldiniga ham o‘rnak bo‘lgan. Barezi 20 yillik faoliyati davomida faqat "Milan" sharafini himoya qildi. Bu davrda himoyachi 719 ta bahsda klub, 81 ta o‘yinda esa Italiya terma jamoasi safida maydonga tushib, afsonaga aylandi.
Karles Puyol
Martin Kioun 2010 yilda bo‘yi 5 futdan balandroq bo‘lgan himoyachi haqida shunday degan: "Ha, uni bu sochlari bilan hech kim pastak demaydi. Balki haqiqatdan uning bo‘yi himoyachi uchun normaldir".
"Barselona" afsonasi haqiqiy yetakchi edi. U faoliyatining so‘nggi davrida o‘z bilimlarini o‘sha paytda endi yetishib chiqayotgan avlodga, Jerar Pikega ulashib ketgan. Puyolni Frank Raykard va Pep Gvardiola eng yaxshi himoyachi sifatida ta’riflaydi. Bu esa haqiqat edi.
Xavyer Maskerano
Argentinalik futbolchini bo‘y masalasi o‘ylantirmasdi. U yarim himoyachi ham bo‘lishi mumkin edi. Ammo Maskeranoning o‘zi mudofaani tanladi. Gvardiolaga 2011 yilda Puyol a Abidalning o‘rnini bosa oladigan nomzod kerak bo‘ladi. Dastlab, Serxio Buskets sinab ko‘riladi. Ammo bu ish bermaydi. Shundan keyin "Liverpul"da yarim himoya va qanot himoyasida o‘ynagan Maskerano tanlab olinadi. Shu-shu, u olti mavsum davomida "Barselona" himoyasida harakat qildi. Aytish mumkinki, hozirda Xavyerni hamma "Barsa"ning yorqin davrlaridagi yorqin siymo sifatida ko‘radi.
Fabio Kannavaro
Bo‘yi 170 santimetr atrofida bo‘lgan futbolchi "Oltin to‘p"ga erishgan sanoqli himoyachilar sirasiga kiradi. U 2006 yilda Italiyani Jahon chempioniga aylantirgan. Kannavaro yoshligida "Napoli" yarim himoyachisi bo‘lgan. Ammo uning murabbiylaridan biriga himoyachi kerak bo‘ladi va Fabioni ortga o‘tkazadi. Shundan keyin hammasi o‘zgardi. U "Parma", "Inter", "Real" va "Yuventus"da muvaffaqiyatli himoyachi bo‘la olgan. Kannavaro o‘z faoliyatini shunday xotirlaydi: "Bilasizmi, yaxshi futbolchi bo‘lish uchun sizga bo‘y, tezlik yoki texnika muhim emas. Eng asosiysi, sizda o‘zingizga bo‘lgan ishonch bo‘lishi kerak. Himoyachi sifatida siz har xil gavdaga ega bo‘lishingiz mumkin: past bo‘yli, ammo tez, baland bo‘yli va katta qadamlar bilan chopadigan...
Bularning unchalik ham ahamiyati yo‘q. Asosiysi, maydonga chiqqaningizda o‘zingizga bo‘lgan ishonchingiz kuchli bo‘lsa, bo‘lgani".
Billi Rayt
Futbol Raytning davridan beri ancha o‘zgardi. Billi tarixda terma jamoa bilan 100 o‘yinda zafar quchgan ilk futbolchiga aylangan. Ammo uning himoyachi sifatida bo‘yi pastroq edi. Rayt 20 yil davomida "Vulverxempton" himoyasida harakat qilgan. 1939-1959 yillar davomida u Angliyaning eng ko‘zga ko‘ringan yulduzlari qatorida edi. Himoyachi bo‘lishiga qaramay, qahramonimiz o‘z faoliyatida birorta sariq yoki qizil kartochka olmagan. Qolaversa, Rayt kichik bo‘yi bilan havoda fantastik harakat qila olgan va asosiy gollarini bosh bilan kiritgan. Rayt 90 marotaba Angliya terma jamoasini sardor sifatida maydonga olib tushgan.
ISMATOV J.