Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/11 00:45 Parma 1-3 Atalanta
24/11 01:00 Selta 2-2 Barselona
24/11 15:00 Metallurg 1-0 Surxon
24/11 16:30 Jenoa 2-2 Kalyari
24/11 17:15 So‘g‘diyona 2-0 Lokomotiv
24/11 18:00 Osasuna 2-2 Vilyarreal
24/11 19:00 Sautgempton 2-3 Liverpul
24/11 19:00 Torino 1-1 Monsa
24/11 19:00 Komo 0-2 Fiorentina
24/11 20:15 Sevilya 1-0 Rayo Valyekano
24/11 21:30 Ipsvich 1-1 Man. Yunayted
24/11 22:00 Napoli 1-0 Roma
24/11 22:30 Leganes 0-3 Real Madrid
25/11 00:45 Lasio 3-0 Bolonya
25/11 01:00 Atletik Bilbao 1-0 Real Sosyedad
25/11 22:30 Empoli - Udineze
26/11 00:45 Venetsiya - Lechche
26/11 01:00 Nyukasl - Vest Xem

Didye Desham: «Har bir shogirdimni eng yaxshi holatga chiqarsam, bas»

Didye Desham: «Har bir shogirdimni eng yaxshi holatga chiqarsam, bas»

Baho:
+ | -

Fransiya terma jamoasi - Yevro-2016 finalchisi va JCH-2018 chempioni. Fransuzlar Rossiyada ikkinchi marta jahon toji sohibiga aylanishgandi.

Biroq amaldagi chempion oxirgi 6ta o‘yinda atigi 1 bora g‘alaba ko‘chasiga kirdi, boz ustiga, o‘z maydonida Daniya va Xorvatiya termalariga yutqazdi. Xo‘sh, bu natijalar jamoa bosh murabbiyi Didye Deshamni nechog‘li xavotirga solmoqda, sizningcha? U har qanday taqdirda ham, Qatarga faqat jahon kubogini ko‘zlagan holda boradi, baribir. Har holda, tajribali murabbiy FIFA rasmiy saytiga bergan keng ko‘lamli intervyusida jamoasining so‘nggi o‘yinlardagi muvaffaqiyatsizliklariga ko‘pam e’tibor qaratmaslikni maslahat berdi va shogirdlari chempionlik unvonini himoya qilish salohiyatiga ega ekanliklarini baralla ta’kidladi.

- Keling, suhbatni 1998 yil voqealari xususida boshlasak. JCHda futbolchi sifatida g‘olib bo‘lish qanday ekanligini ayta olasizmi?

- O‘sha lahzalardagi ehtiros, quvonch va telbavorlikni so‘z bilan ifodalab berishim qiyin. Turnirning Fransiyada tashkillashtirilgani his-tuyg‘ularni yanada ko‘pirtirib yuborgandi. Qolaversa, mamlakatimizga birinchi marta jahon kubogini taqdim etganimizni ham unutmaslik kerak. Xullas, o‘sha g‘alabamiz ortidan Fransiyaning har bir fuqarosi chempionlik tuyg‘usidan bahra olgani yaqqol sezilgandi. Oddiy ayt­ganda, unutilmas ajoyib kunlarni boshdan o‘tkazgan, juda ko‘p yoqimli tuyg‘ularni baham ko‘rgan va shunga yarasha chinakamiga g‘ururga to‘lgandik.

- Hozirgi jamoangizda 1998 yilgi tajribadan ham foydalanasizmi?

- Albatta, futbolchilik davrida to‘plangan tajriba menga avvaliga klub murabbiyi rolida asqotdi, endi 10 yildan buyon Fransiya milliy jamoasini boshqarishda katta yordam beryapti. Chunonchi, har doim o‘yinlarda o‘sha vaqt tajribasidan ham keng foydalanaman. Shogirdlarim duch keladigan holatlarga o‘xshash vaziyatlarni shaxsan boshdan kechirganim ular bilan do‘stona muloqot o‘rnatishimda muhim ahamiyatga ega. Katta g‘alabadan so‘ng futbolchi ham, murabbiy ham deyarli bir xil holatga tushadi. Demoqchimanki, JCHda futbolchi va murabbiy sifatida g‘olib chiqishning o‘rtasida hech qanday farq yo‘q. 2018 yili Rossiyada futbolchilar bilan buni amalda sinab ham ko‘rganimdan bag‘oyat mamnunman.

- Statistikaga qarasak, Fransiya termasi oxirgi 6ta o‘yinning atigi 1tasida g‘alaba qozondi. Bu holat sizni xavotirga solmayaptimi?

- Tushuning, hamon amaldagi jahon chempionimiz. Eng yuqori cho‘qqida turgan payt o‘sish juda qiyin. Hozir bosh­qa terma jamoalar ham astoydil ishlamoqda, muvaffaqiyat sari odimlashga zo‘r bermoqda. Raqobat darajasi baland va bunday holatda qaysidir jamoaning muayyan o‘yinlarda natija ko‘rsatolmasligi - tabiiy jarayon. Muhimi, Fransiya termasi chinakam raqobatbardosh kuch bo‘lib qolmoqda va hozir ham nafaqat Yevropa, balki butun jahonning eng yaxshi jamoalari qatorida turibdi. Umuman, jahon chempionati kabi yirik musobaqalar arafasida har doim bosh sovrin yutish imkoniyatiga ega 7-8ta jamoa topiladi. Hozir Fransiya termasi shulardan biri, shubhasiz.

- Xo‘sh, da’vogarlar haqida nima deysiz - Qatar-2022da qaysi jamoalar chempion bo‘lishga munosib va qodir, sizningcha?

- Har doimgidek Janubiy Amerikaning ikki giganti - Braziliya va Argentina termalarini tilga olish joiz. Shuningdek, Yevropadan 5-6ta yaqqol da’vogar bor - Angliya, Ispaniya, Belgiya, Fransiya, Germaniya, Xorvatiya termalari. Qisqasi, Qatarda ham kubok uchun katta tajribaga ega va so‘nggi turnirlarda raqobatbardosh ekanligini isbotlagan an’anaviy kuchli jamoa­lar o‘rtasida kurash kechsa kerak.

- Endi Fransiya termasining guruh raundidagi raqiblari bo‘yicha xulosangiz bilan o‘rtoqlashsangiz...

- Daniya termasi qattiq qarshilik ko‘rsatishini yaxshi bilamiz. Ayni payt bu jamoa juda kuchli, lekin ko‘pchilik unga to‘g‘ri baho bermayapti. Daniyaliklar individual fazilatlarga egalar. «Dinamit» - mustahkam birlik. Jamoaning Yevro-2020da ko‘rsatgan o‘yiniyu, natijasi va jahon reytingidagi o‘rni hammasini aytib turibdi. Saralash bosqichi «pley-off» o‘yinida Peru termasini nokautga uchratgan Avstraliya jamoasi ham kuchli e’tiborga loyiq. Tunis termasi haqida esa yetarlicha ma’lumotga egamiz, chunki ko‘plab futbolchilari Fransiya klublarida o‘ynashadi. Xullas, hech bir o‘yin oson kechmasligini tushunib turibmiz. Axir gap dunyo futbolidagi eng murakkab musobaqa haqida ketmoqda. Lekin har qanday holatda ham, barcha raqiblardan ustunligimizga ruhan ishonishimiz shart.

- Kilian Mbappe xizmatidan qanday foydalanishni rejalashtiryapsiz? Bu yigitning og‘irroq xarakteri muammo emasmi? 

- Kilian - vaqti-vaqti bilan yuzaga qalqib chiqadigan g‘ayrioddiy iqtidor. Jamoada shunday fenomen borligi yoqimli, albatta. Mbappe fransiyalik ekanligi - baxtimiz. Deylik, u Rossiyada ham g‘alabaga salmoqli ulush qo‘shdi. Kilianning salohiyatini yaxshi bilaman - Qatar mundialida ham bosh rolga da’vo qilishi ta­yin. Statistik ma’lumotlarga qarasak, uning allaqachon g‘ayrioddiy ishlarni uddalagani oydinlashadi. Xarakteriga kelsak, Kilian insoniy darajada ham juda saviyali va aqlli yigitdir. Hamma e’tirof etadigan iste’dodini nazarda tutsak, uni oldinda ko‘plab katta zafarlar kutib turibdi.

- Mbappedan tashqari, tarkibga qaytgan Karim Benzema ham bor. U guruhga aynan nima olib kirdi?

- Karim jahon futbolining eng kuchli hujumchilaridan biri, shubhasiz. Nihoyatda harakatchan yigit. U hozirgi jamoani shakllantirishda muhim rolga ega. Hujum harakatida faol ishtirok etishi esa, biz uchun yaxshilikdan nishona. Bo‘lajak mundial Benzema uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. Har holda, katta ehtimolki, faoliyatidagi so‘nggi jahon chempionati bo‘lib qolsa kerak. Karim maydon tashqarisida boy tajribasini yoshlar bilan baham ko‘rishga moyil, muhimi, bunda e’tiborni o‘ziga qaratish yoki yetakchi ekanligini anglatishni o‘ylamaydi, aksincha, maydonda o‘rnak ko‘rsatadigan do‘st sifatida gavdalanishni yoqtiradi.

- Futbol falsafangizni qanday tavsiflaysiz?

- Falsafammi? To‘g‘risi, bu iboraning futbolda ishlatilishi uncha to‘g‘ri emas. Menimcha, falsafa hayotiy atama va ko‘proq boshqa sohalarga taalluqli. Ish uslubimga kelsak, har doim bir jihatga intilaman: Jamoam raqibga imkon qadar ko‘proq muammo tug‘dirishi kerak. Har bir taktik chizma mutlaqo nisbiydir. Menda esa aniq belgilangan chizma yo‘q. Hammasi ixtiyorimda mavjud yigitlar va ularning o‘yinchilik fazilatlariga bog‘liq. Shuningdek, raqibga qarab taktikani tez-tez o‘zgartiradiganlar toifasiga kirmayman. Tizim qandayligidan qat’iy nazar, maqsad bitta - har bir futbolchining eng yaxshi holatga chiqarish. 

- Futbolchi va murabbiy sifatida 3ta mundialda ishtirok etgansiz. Agar sizdan ulardan alohida bir lahzani ajratib ko‘rsatish so‘ralsa...

- To‘xtang, ikki muhim lahza borki, ulardan birini tanlay olmayman. Albatta, 1998 va 2018 yillardagi g‘alabani nazarda tutyapman. 2014 yili ham yaxshi o‘ynagan bo‘lsak-da, marraga yetolmagandik. Allaqachon aytganman va yana takrorlayman: jahon chempionati - futbolning mutlaq cho‘qqisi. Qaysi turnirda g‘alaba qozonishingizdan qat’iy nazar, JCH boshqa daraja, baribir. Bu - global hodisa!

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:48, 09.11.2022.
O'qildi: 1341 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.