Qatar mundialining ilk turida musobaqa mezbonlari g‘alabaga erisha olmay, mahalliy muxlislarni ranjitishdi.
Lekin ularning qo‘shnilari — Saudiya Arabistoni futbol tojining 2 karra sohibi ustidan, qit’adoshlari Yaponiya esa 4 karra chempion ustidan zafar quchib, Osiyodan futbol olamiga otashin salom yo‘lladilar. Bu 2 g‘olib jamoa murabbiylari esa startdagi sensasiyalar mualliflari sifatida tur qahramoni bo‘ldilar. Ana shu qahramon mutaxassislar haqida kengroq ma’lumot berishni lozim topdik.
Erve Renar - terma jamoalar uchun tug‘ilgan murabbiy
Vivyen Deyening yostiqdoshlari har 20 yilda bir marta o‘z juftlari uchun o‘ziga xos zarba - JCH favoritlari ustidan g‘alabani tortiq etadilar. Xonimning birinchi turmush o‘rtog‘i Bruno Metsyu Senegal bilan Fransiyani tiz cho‘ktirgandi. Deye xonim xususida yomon fikrga bormang, u xiyonat yo‘liga kiradiganlar toifasidan emas. Afsuski, bundan 9 yil avval Deye xonim beva bo‘lib qoldi, yana bir necha yildan keyin fransiyalik boshqa mallasoch yigitni uchratib qoldi. Bruno Metsyudan unga 3 nafar farzand qolgandi. Renarning ham shuncha farzandlari bor, ammo ular ulg‘ayib ulgurishgan. «Arablar Ervesi» Valeriy Karpindan 1 yoshga katta.
Renarning uslubidan yonida olifta ayol borligi sezilib turadi. U - oq kuylaklar shaydosi - ularni muvaffaqiyat uchun tanlaydi. 10 yil avval Erve «Ural» o‘yinchisi Lungu bilan Zambiyani AML g‘olibligiga olib chiqqandi. Uch yildan keyin u Kot-d`Ivuar bilan qit’a chempionligini qo‘lga kiritib, turli jamoalar bilan shohsupaga ko‘tarilgan dastlabki murabbiyga aylandi. Vaholanki, «fillar» omadsizlar favoriti edilar. Drogba biror marta chempionlikka erisha olmadi, Renar bilan qo‘lga kiritilgan g‘alaba - 30 yillik faoliyatdagi yagona muvaffaqiyat.
Afrika va Yaqin Sharqdagi terma jamoalar risoladagidek saviyaga egalar, ammo federasiyalardagi pala-partishliklar tufayli, JCHlarida yirik g‘alabalarga erishish imkoniyati deyarli yo‘q hisobida. Renar esa futbolchi sifatida yulduz darajasiga ko‘tarilmagan bo‘lsada, doimo o‘ylab ish qiladigan yigit. Jarohatlar tufayli quyi ligadayoq butsalarini mixga ilgan Erve qisqa muddat farrosh bo‘lib ishlagandi. Hozir Fransiya janubidagi ayrim qariyalar kampirlarini yonlariga chorlab, ular bilan ishlagan sobiq farroshni televizorda ko‘rsatishganini aytib, maqtanishmoqda.
Murabbiylik sohasida Renar olis yo‘lni bosib o‘tdi. Xitoy, Vyetnam va Angliyada tajriba to‘pladi. Biroq malakali murabbiy bo‘la olmadi, «Sosho» va «Lill»dagi urinishlari samara bermadi. Marokash terma jamoasida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmadi, Marokash AMLning pley-off bosqichida Benindan yengilgach, bosh murabbiy ketishga qaror qildi. Biroq bungacha Renar Rossiya mundialida qatnashgan, uning shogirdari Eron va Portugaliyaga minimal hisobda imkoniyatni boy berishgan, Ispaniya bilan jangovar (2:2) durangni qayd etishgandi.
Murabbiy tajribasizligidan noligan, 1 yildan keyin zo‘ravon muxlislardan arz qilgandi. Ivuarga qarshi o‘yindan keyin bir guruh muxlislar Renarning qizi Kendisga hujum qilib, boshiga zarba berishgan, soqchilar qizni zambilda arenadan olib ketishgandi. Fransiyada realiti-shouda qatnashadigan qizning futbolga qanday aloqasi bor? Qisqasi, 2019 yilda Renar Marokash termasini tark etdi.
Saudiyalik shayxlar jamoani JCHga olib chiqishi va gal yaxshiroq ishtirok etish uchun murabbiyni o‘z jamoalariga taklif etishdi. Erve Argentinaga qarshi puxta tayyorgarlik ko‘rdi, Skalonining uslubi esa o‘zini oqlamadi. Saudiya munosib o‘yini bilan chinakam sensasiyani namoyish etdi, guruhdan chiqish uchun ishonchli qadam tashladi. Shundan keyin saudiyaliklar o‘rtasida «hammasi Vivyen Deyening ishi» degan hazilnamo fikr paydo bo‘ldi. Go‘yoki, «Oq shaman»ning bevasi 20 yil avvalgi Senegal kabi omad olib kelganmish. Hazil o‘z yo‘liga, albatta. Lekin mutasaddilar Yevropa klublarida qunt bilan ishlay olmagan murabbiyga ishonch bildirib, yanglishmadilar. Erve terma jamoalar uchun yaratilgan, shogirdlarini ilhomlantirishga qodir. U arab tilida so‘zlasha olmaydi, lekin vajohati va qichqirishlari ko‘magida o‘z maqomini ko‘rsata oladi. Renardagi yo‘lboshchilik fazilati jamoalarni taraqqiyotga yo‘llaydi.
Ishdan bo‘sh vaqtlarida murabbiy o‘z xohishiga ko‘ra yashaydi, ma’shuqasiga bolalar tarbiyasi va uy ishlarida ko‘maklashadi. Afrika mamlakatlarida o‘ziga yarasha hurmat qozongan mutaxassis Saudiyada ham doimiy e’tiborda. Yozda Qatar Osiyo Kubogi turniriga mezbonlik qiladi. Renar esa 2019 yildagiga nisbatan yaxshiroq natijaga erishishga urinishi aniq. Darvoqe, o‘shanda arablar uchun qur’a omadsiz bo‘lgan, ular Qatardagi 2-shov-shuvning muallifi bo‘lmish Yaponiya to‘sig‘idan o‘ta olmagandilar.
Xazime Moriyasu - namunali yaponiyalik
Ha, Moriyasu yaxshi ma’nodagi klassik yapon, tashqi ko‘rinishidan, ofis xazmatchisiga o‘xshaydi, u ham Renar tug‘ilgan yilda dunyoga kelgan. Bolaligidan futbolga mehr qo‘ygan Xazime 22 yoshida Manchesterga yo‘l oldi. Lekin ser Aleks ko‘rigidan o‘ta olmadi va uyga qaytib, 14 yil bitta klubda to‘p surdi. Shuningdek, universitetda tahsil oldi. Uning 2 nafar farzandi professional futbolchi.
Moriyasuning klassik yapon ekanligini uzoq vaqt murabbiy o‘rinbosari bo‘lib ishlagani ham tasdiqlaydi. Avvalgi mundialda sobiq yarim himoyachi Nisinoning yordamchisi edi. Jamoaning ishtiroki chakki bo‘lmadi, Belgiyaga qarshi nimchorak finalda 2:0 hisobida oldinda borib, Shadlining 94-daqiqadagi golidan so‘ng imkoniyatni boy bergandi. Moriyasuning bosh murabbiy maqomidagi omadsizligi JCH-94ning saralash bosqichida yuz bergan - «Doxadagi talvasa» nomini olgan bahsda jamoa Eronni yenga olmagandi - 2:2. Shu sababli final bosqichi yo‘llanmasi Janubiy Koreyaga nasib etgan va ular ashaddiy raqiblari omadsizigini «Doxa mo‘’jizasi» deb nomlagandilar. Qizig‘i shundaki, Yaponiya Germaniyani bosh murabbiyning kuchli iztirobiga guvoh bo‘lgan shaharda mahv etdi.
Xuddi Renar kabi Xazime ham shukuhli kunlarni uzoq kutdi. 2011 yilgacha u assistent maqomida ishladi. Keyin qadrdon klubini boshqardi va shundan keyin 23 yoshgacha bo‘lgan terma jamoaga o‘tdi. Tokio Olimpiadasida aynan uning jamoasi ishtirok etdi. Moriyasu shogirdlari guruhdan 3ta g‘alaba bilan chiqib, Yangi Zelandiya to‘sig‘idan penaltilar seriyasi ko‘magida o‘tishdi. Yarim finalning qo‘shimcha vaqtida jamoa yulduzli Ispaniyadan yengildi. Bronza medallari uchun kechgan bellashuvda jamoa Meksikaga imkoniyatni boy berdi. Qatarga kelgan futbolchilarning ko‘pchiligini Xazime ancha yillardan beri biladi. Endi nemislarni mahv etgan Yaponiya Ispaniyaga qarshi bahsda ijobiy natijaga erishishi shart. Aks holda, mundialni barvaqt tark etishga majbur bo‘lishi mumkin.
Xullas, o‘z vazifasini yaxshi anglagan murabbiylar, terma jamoada vatan sharafini himoya qilish ulkan sharaf ekanligini his etadigan o‘yinchilar, ozgina omad va mashaqqatli mehnat - kutilmagan natijalar resepti. Saudiya va Yaponiyaning «pley-off»ga chiqishiga kafolat yo‘q. Lekin bu 2 jamoaning shov-shuvli natijasi unutilmaydi.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi