Marokash terma jamoasi shu paytgacha jahon chempionati pley-off bosqichida eng katta sensasiyani yaratib, Ispaniyani uyiga qaytarib yubordi. Ajablanarlisi: “Atlas sherlar”ning 13 nafar futbolchisi boshqa mamlakatlarda tug‘ilgan, jumladan Ispaniyada tug‘ilgan futbolchilar ham bor.
Yasin Bono
Marokash - Ispaniya uchrashuvining bosh qahramoni Kanadada, Monrealda tug‘ilgan. Biroq, uning ota-onasi Bono hali bolaligida vatanlariga qaytishgan. Sakkiz yoshidan boshlab darvozabon Marokashning “Vidad” klubi tizimida tarbiyalangan.
Munir Muhammadiy
Marokash terma jamoasining zaxira darvozaboni Melilla shahrida tug‘ilgan. Marokashliklar so‘nggi 40 yil davomida bu shaharni o‘z hududlarining ajralmas qismi deb da’vo qilishmoqda, ammo u hali ham Ispaniya tomonidan nazorat qilinadi.
Roman Sais
Marokash terma jamoasi sardori Parijdan 480 km uzoqlikda joylashgan Fransiyaning Bur-de-Pej kommunasidan. Uning otasi marokashlik, onasi esa fransuz. Sais Fransiyada o‘sgan va uzoq vaqt mahalliy klublarda o‘ynagan.
Ashraf Hakimi
Marokash terma jamoasining yana bir asosiy futbolchisi madridlik. Hakimi marokashliklar oilasida o‘sgan va "Real Madrid"da tarbiyalangan. Ashraf Ispaniya terma jamoasiga nomzod edi, hatto uning mashg’ulotlar bazasiga ham borgan, lekin keyin u muhit unga mos kelmasligini tushundi, himoyachi Marokash madaniyatida bo‘lishni xohlagan.
Nussayr Mazraui
Marokash terma jamoasining chap qanot himoyachisi Niderlandiyaning Leyderdorp shahrida tug‘ilgan. To‘qqiz yoshidan boshlab "Ayaks" akademiyasida futbolni o‘rgangan, u "Bavariya"ga o‘tishidan oldin aynan shu klubda faoliyat yuritgan. Uning otasi Mustafo 1980 yillarda Marokashni tark etgan.
Sofyan Ambarat
Ispaniya bilan o‘yin qahramonlaridan biri bo‘lgan ajoyib yarim himoyachi ham Niderlandiyada tug‘ilgan. U Utrextda tarbiyalangan, hatto Niderlandiya yoshlar jamoasida ham o‘ynagan. Uning ota-onasi marokashliklar, akasi Nordin ham 2019 yilgacha terma jamoada o‘ynagan.
Selim Amalla
Ispaniyaga qarshi 82 daqiqa o‘ynagan yana bir yarim himoyachi Belgiyada tug‘ilgan. Ammo uning ota-onasi Marokash va Italiya ildizlariga ega. Demak, nazariy jihatdan u uch mamlakatdan birida o‘ynay oladi. Ammo 2019 yilda u Marokashni tanladi. Shu bilan birga, u butun faoliyatini Belgiya chempionatida o‘tkazdi va hozir “Standard”da o‘ynaydi.
Ilyos Shoir
Bu yarim himoyachi hali jahon chempionatida bir daqiqa ham maydonga tushmagan. Ammo uning taqdiri ham qiziq: u ham Belgiyada marokashlik va polyak oilasida tug‘ilgan. U mahalliy klublarda ham tarbiyalangan va boshqa terma jamoani tanlashi mumkin edi.
Hakim Ziyesh
Marokash terma jamoasining yulduz futbolchilaridan biri asli Niderlandiya fuqarosi hisoblanadi. Va u mamlakatning barcha yoshlar terma jamoalarida o‘ynagan. Biroq, kattalar darajasida u ota-onasining vatani uchun o‘ynashni boshladi. Va afsuslanmadi. Qizig‘i, 2022 yil boshida u sobiq bosh murabbiy Vohid Halilxodjich bilan mojaro tufayli terma jamoani tark etishi mumkin edi. Ammo keyin yangi ustoz keldi va Hakim yana o‘z vazifasiga qaytdi.
Sofyan Bufal
Bu hujumkor yarim himoyachi parijlik, ammo ko‘plab jamoadoshlari singari marokashliklar oilasida o‘sgan. U “Anje” tizimida tarbiyalangan, ammo Fransiya terma jamoasidan hech qachon taklif olmagan. Shuning uchun 2016 yilda u Marokashning kattalar jamoasidan taklifni qabul qildi.
Volid Xeddira
24 yoshli "Bari" hujumchisi Italiyada tug‘ilgan, ammo marokashliklar oilasida. U o‘z vatanining turli klublariga, jumladan, quyi divizionga ham safar qildi va bu mavsumda “B” seriyasida ko‘p gol ura boshladi. Bu esa murabbiylar shtabi e’tiborini tortdi. Xeddira jahon chempionati oldidan o‘rtoqlik o‘yinlarida qatnashgan va keyin asosiy ro‘yxatga kiritilgan. U esa Ispaniya bilan o‘yinda zaxiradan maydonga tushdi - bu uning jamoadagi ilk rasmiy uchrashuvi bo‘ldi.