Bilasizmi? Buyuk g‘alabalarga erishish yo‘li juda notekis. Shu bilan birga murakkab. Buning uchun tinimsiz mehnat, iloji boricha xatolarga yo‘l qo‘ymaslik talab etiladi. Qolaversa, yillar davomida orttirilgan tajriba ham ulkan g‘alabalarga erishish uchun juda qo‘l keladi. Qadimgi Xitoy donishmandi Konfusiy aytganidek, yagona va mudhish xato avvalgi xatolarni to‘g‘rilamaslikdir.
Braziliya Xorvatiya darvozasini ishg‘ol qildi. Jindek xotirjamlikka berildi. Natijada munosib jazolandi. Holbuki biz yarim finalda Janubiy Amerika el-klassikosini kutayotgan edik. To‘g‘ri, Braziliyaning tarkibi kuchli edi. Lekin o‘z vaqtida pentakampeonlarda bundan ham kuchli tarkiblar bo‘lgan. Sokrates, Ziko, Falkao, Junior, Josimar, Toninyo Serezo kabi yulduzlar o‘ynagan tarkib o‘z davrida dunyoning eng kuchli jamoasi edi desam yanglishmayman. Ular bosh murabbiy Tele Santana boshchiligida hamma musobaqalarda favorit edilar. XX asrning eng kuchli o‘nta jamoasi safiga kiritishdi bu jamoani. Faqat hal qiluvchi lahzalardagi omadsizlik Braziliyaning bu oltin avlodini sovrinsiz qoldirdi. Shunday jamoa birorta sovrin yutmaganligiga ishonasizmi? Vaholanki, Ziko jamoadoshlari JCH- 1978, JCH-1982, JCH-1986 musobaqalarining yaqqol favoriti edilar.
Argentina terma jamoasi. Necha yillardan beri Leo Messi va uning jamoasi dunyoda birinchi bo‘lish uchun intilib keldi. Buning uchun mukammal jamoa kerak, albatta. Shaxsan o‘zimda JCH-2022'da o‘ynagan tarkib ana shu ta’rifga munosibdek ko‘rindi. JCH-2018'dagi muvaffaqitsizlikdan to‘g‘ri xulosa chiqargan "albiseleste" ajoyib jamoa shakllantiribdi. Izlangan imkon topadi deydi-ku. 35 yoshni qarshi olgan Leo Messi ayni 25-26 yoshlik davridagidek harakat qildi va jamoasini finalgacha yetaklab bordi.
Bu chemponatning o‘ziga xos tomonidan biri Afrika jamoasi birinchi marta yarim finalga chiqdi. Tag‘in ham kimlarni yarim yo‘lda qoldirib ketdi deng: Belgiya, Ispaniya, Portugaliya.
Mag‘ribliklarning o‘z kuchiga ishonchi tufayli Krishtianu Ronaldudek yulduz azaliy orzusiga yetolmadi. Endi Kilian Mbappe ham ularning imtihonidan o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Bu jamoaning shiddati menga JCH-1986'dagi Marokashning shiddatini eslatmoqda. O‘shanda arablar Angliya, Portugaliya, Polsha jamoalari bor "o‘lim guruhi" dan birinchi o‘rin bilan chiqib, nimchorak finalda bo‘lajak vise-chempion Germaniya terma jamoasi bilan tengma-teng kurash olib bordi. Ayrim vaziyatlarda Bundestim darvozaboni Xarald Shumaxer mahorat ko‘rsatdi. Faqatgina 87-daqiqaga kelib nemislar yetakchisi Lotar Matteus jarimadan ajoyib gol kiritib jamoasini chorak finalga olib chiqdi.
Keyin JCH-1994, JCH-1998'da Marokashning ajoyib jamoalarini ko‘rdik. JCH-1994'da Niderlandiya, Belgiya, Saudiya Arabistoni terma jamoalariga qarshi bahslarda birorta ochko ololmagan bo‘lsa ham jamoa o‘yin taraflama o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatdi. Marokashning haqiqiy kuchini JCH-1998'da ko‘rdik. Jamoa tarkibida Mustafo Hoji, Abduljalil Xadda, Nuriddin Naybet, Salohiddin Bassir, Toxar al-Xollaj kabi yetakchilar Marokashni uzoqroq manzilga olib borishlari mumkin edi. Braziliya, Norvegiya, Shotlandiya terma jamoalari orasida yo‘qolib qolmagan mag‘ribliklar oxirgi daqiqalarda yo‘llanmani boy berishdi. So‘nggi turda Marokash-SHotlandiya o‘yinida 3:0 hisobi qayd etilayotgan paytda, Braziliya so‘nggi daqiqalarda Norvegiyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Shunday qilib chempionatda eng chiroyli o‘yinlardan birini ko‘rsatgan, barcha muxlislar hurmatini qozongan JCH-1998'dagi Marokash terma jamoasi alam bilan guruhda qolib ketdi.
Marokashning bugungi g‘alabalari o‘sha alamli xotiralar mahsuli bo‘lgan bo‘lsa ne ajab?
Amaldagi jahon chempioni Fransiya terma jamoasi ko‘pgina yo‘qotishlar, jarohatlar bilan chempionatda ishtirok etdi. Bu shunday yo‘qotishlar ediki, bu futbolchilarning o‘zidan yana bitta jamoa tuzsa bo‘lardi. Mayk Menyan, Pol Pogba, N'Golo Kante, Lyuka Ernandes, Kristofer Nkunku, Presnel Kimpembe, Karim Benzema... Bu nomlar bilan Fransiya jahon chempioni ham bo‘la olardi. Yaxshiki, mamlakatda iqtidorli futbolchilar talaygina ekan.
Xorvatlar va Luka Modrich. Mana bunisi boshqa mavzu. 37 yoshda xuddi yosh yigitlardek o‘ynayotgan Modrich haqiqatan ham hurmatga sazovor. Nima bo‘lganda ham Qatar mundiali sizu bizga uzoq vaqt eslab yuriladigan onlarni taqdim etdi. Shunisiga rahmat!
Safarali Siddiqov