Lionel Messi Jahon chempionatida g‘alaba qozondi va ko‘p jihatdan Argentinaga muhim g‘alabani keltirdi. Endi u futbol tarixida asosiy sovrinlarni yutgan yagona shaxsga aylandi. Bugun futbol ahli buyuk argentinalikni olqishlashga majbur.
So‘nggi o‘n yillikda Lionel Messi haqida qancha tortishuvlar bo‘ldi. Uning muxlislari ko‘p edi, lekin uni yoqtirmaydiganlar ham ancha edi. Argentinalik futbolchi ko‘p gol urgan va sanoqsiz golli uzatmalar bergan bo‘lsada, hujumchining xizmatlarini kamsitishga uringanlar ham topildi.
Messiga nisbatan asosiy e’tiroz uning faqat klub darajasida kuchli ekanligi, u yerda doim top-klubda qulay muhitda o‘ynaganligi edi. 2021 yilgi Amerika kubogidagi g‘alaba ham aksariyat muxlislar tomonidan qadrlanmadi: ular Janubiy Amerikada unchalik kuchli jamoalar yo‘qligini aytishdi. Biroq hozir g‘azabdagi tanqidchilarning qanday qilib Messini kamsitishga harakat qilishlari qiziq. Argentinalik futbolchi endi hammaga barchasini isbotlab berdi.
Messi 2014 yilgi jahon chempionatida g‘alaba qozonishi mumkin edi. Biroq, bu uning chempionati emas edi. Argentina hal qiluvchi o‘yingacha yetib bordi, ammo turnirning eng zo‘r jamoalaridan biri bo‘lolmadi. Shunga qaramay, o‘shanda Messi orzu qilingan sovrinni qo‘lga kiritishi mumkin edi, ammo bu amalga oshmadi. Sakkiz yil o‘tgach, hamma narsa boshqacha bo‘lib chiqdi. Messi o‘zi uchun juda muhim turnirni o‘tkazdi, u jamoaning yetakchisi bo‘ldi, yigitlarni oldinga boshladi. Ha, u penaltidan juda ko‘p gol urdi, lekin polshaliklarga qarshi bahsda o‘tkazib yuborilgan penaltidan so‘ng bosiqlikni saqlab qoldi. Messi ko‘p golli uzatmalar berdi.
Shunisi e’tiborga loyiqki, aynan Messi talab qilingan paytda ishga tushdi. U Argentinani Gollandiya bilan o‘yinda, psixologik jihatdan «albiseleste» ojiz qolganida parchalanib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. Messi finalda ham argentinaliklarni sudrab yurdi, aynan u uchinchi golni urdi va bu gol o‘z mamlakati uchun deyarli oltinga aylandi. U aqldan ozgan tarzda turnirni o‘tkazdi. Bu Messining faoliyatidagi eng yaxshi jahon chempionati bo‘lib tarixga kirdi.
Endi Messining kuboklar to‘plamida bo‘sh joy qolmadi. Uni barcha davrlarning eng buyuk futbolchisi deb atash mumkinmi? Aslida, bu hech qanday ma’noga ega emas. Har doim tortishuvlar bo‘ladi, bu har doim shaxsiy natijalar masalasiga aylanadi. Messi va Maradona yoki Messi va Peleni solishtirish uchun ob’ektiv me’zon yo‘q. Vaholanki, u hozir jahon chempioni bo‘ldi. Mishel Platini yoki Yoxan Kroyffdan farqli o‘laroq u muhim turnirni yutdi. Aytgancha, shu faktning o‘zi Messini fransuz yoki gollandiyalikdan ustun qo‘yishi mumkin.
Messi Jahon kubogini qo‘lga kiritdi va keyingi jahon chempionatida o‘ynashni rejalashtirmaganini aytdi. Skaloni, shuningdek, Messi terma jamoadagi o‘yinlarini to‘liq yakunlashini bildirdi. Biroq, bunday o‘yindan keyin, bunday muvaffaqiyatdan so‘ng, hujumchi umuman futbolni tark etishi g‘alati ko‘rinadi, albatta. U hamma narsada g‘alaba qozondi! Bu sportda u zabt etishi kerak bo‘lgan cho‘qqilar qolmadi. Mavsum so‘ngida u yana «Oltin to‘p»ni olsa ham ajab emas.
Messi hamma narsani isbotladi. Bahslashish, uning xizmatlarini kamsitish allaqachon mutlaqo kulgili endi. U eng yaxshi futbolchimi? Bu yerda siz ko‘p detallarni muhokama qilishingiz, turli o‘yinchilar foydasiga dalillar keltirishingiz mumkin. Messi ajoyibmi? Mutlaqo ha. U jahon chempionatida g‘alaba qozonmaganda ham ajoyib edi. Biroq, Messi 35 yoshida Argentinani sayyoramizning eng kuchli jamoasi nomiga olib chiqqanidan keyin, albatta, uni boshqacha atash mumkin emas.
Messining o‘yinini ko‘rish imkoniga ega bo‘lganimiz — bizning baxtimiz!