Kirish Ro'yxatdan o'tish
10/10 05:00 Peru - Urugvay

Matyo Valbuena: «Imkon bo‘lsa, «Dinamo»ga qaytardim...»

Matyo Valbuena: «Imkon bo‘lsa, «Dinamo»ga qaytardim...»

Baho:
+ | -

Moskva «Dinamo»sining fransiyalik sobiq yarim himoyachisi Matyo Valbuena Rossiyadagi qisqa faoliyatida chakki taassurot qoldirmagandi.

Ko‘rinishidan, uning o‘zi ham rus diyorida o‘tgan davrdan katta qoniqish hosil qilgan. Har holda, Valbuena «SE» gazetasiga bergan intervyusida RPLga qaytish imkoni tug‘ilsa, bundan bosh tortmasligini yashirmadi. U shuning barobarida Fransiya milliy jamoasining JCH-2022dagi ishtirokiga to‘xtaldi, yana Stanislav Cherchesov qo‘l ostidagi o‘yinlarni esladi.

- Mana, Fransiya termasi jahon chempionati yarim finaliga yo‘l oldi. Angliya­liklarga qarshi kechgan o‘yinni qanday his-tuyg‘ular og‘ushida kuzatdingiz (suhbat JCH-2022 chorak finalidan keyin o‘tkazilgan)?

- Supero‘yin! Maydonda aql bovar qilmas kurash borgani guvohiga aylandik. O‘zi yirik turnirlarda yarim final chiptasini taqdim etadigan o‘yinlar har doim qandaydir sehr­li tus oladi. Hammasi ajo­yib! 

- Angliya milliy jamoasi o‘yini haqida nima deya olasiz?

- Inglizlar ikkinchi bo‘limda faollashib, bosimni kuchaytirishdi va hattoki, g‘alabani o‘z tomonlariga og‘dirishlari ham hech gap emasdi, nazarimda. Faqat alohida hisobga olish kerak, Fransiya termasi - o‘ta jiddiy raqib. Jamoada futbolchilar hamisha eng qiyin sinovdlarni birga yengib o‘tishga odatlanishgan. Didye Desham shogirdlari ayniqsa, himoyada mustahkam turishdi va Angliya termasi ikkinchi bo‘limda birgina imkoniyat yaratdi - penalti. Yaxshiki, inglizlar undan samara chiqarolmadilar.

- Fransiya milliy jamoasining ketma-ket 2-marta jahon chempioni bo‘lish imkoniyatini qanday baholaysiz?

- Menimcha, bu masalada oldindan baralla gapirish no­o‘rin. Shaxsan menga Marokash termasi juda yoqdi, jamoa futbolchilariga tasanno! Qarang, ular Belgiya, Ispaniya va Portugaliya termalarini mag‘lubiyatga duchor qilishdi! Bunaqasini aqlga sig‘dirish mushkul, ochig‘i. Qisqasi, Marokash termasi e’tirofga loyiq. Lekin ko‘ramiz, yarim final oldidan jamoada yo‘qotishlar yetarli, jarohatlangan futbolchilar bor. Umuman, hozir Fransiya termasi finalga chiqolmaydigan ssenariyni ko‘rmayapman. Tushunarliki, oson bo‘lmaydi, axir Marokash jamoasi metindek mustahkam himoyaga ega ekanligini barchamiz ko‘rdik. Afrika vakilining butun turnir davomida atigi 1ta gol qo‘yib yuborgani bejiz emas, albatta. Shunga qaramay, Fransiya termasi finalga qanday chiqishini xayolan ko‘ryapman. Hal qiluvchi uchrashuvda esa 2018 yili xorvatlarga qarshi kechgan bahs voqealari remeykini kuzatishimiz mumkin. To‘g‘ri, Argentina termasi final chiptasini osonlikcha bermaydi. Marokash milliy jamoasi uchun yarim final allaqachon tarixiy natija ekanligi tayin, ammo afrikaliklar fransiya­liklardan ham o‘tish uchun bor kuchlarini ishga solishlari kundek ravshan.

- Rossiyada tashkillashtirilgan jahon chempionati haqida ko‘p gapirilgan. Sizningcha, oxirgi ikki mundialni o‘zaro solishtirish mumkinmi?

- O‘ylaymanki, Qatardagi turnirda o‘yinlar jiddiyroq tus oldi. Harqalay, har bir qarama-qarshilikda o‘ziga xos intriga sezilmoqda. Buni «pley-off» bosqichlaridagi deyarli har bir o‘yinda ko‘ryapmiz. Barchasini jamoalarda ishtiyoq kattaligi va futbolchilarning o‘yinlardan keyingi gaplaridan ham tushunish mumkin. Shaxsiy fikrimcha, Fransiya termasi ham yakka tartib, ham jamoaviy harakat nuqtai nazaridan 2018 yildagidan yaxshiroq holatda. Vaholanki, ayni payt eng asosiy futbolchilardan ayrimlari jamoa bilan birga emaslar. Shunga qaramay, yurtdoshlarimning dadil odimlashayotgani tahsinga sazovor. Ha, Angliya termasi bilan uchrashuvda yigitlarga ozgina bar­qarorlik yetishmadi. Ya’ni ing­lizlar yaxshiroq ko‘rinishdi. Muhimi, qayerdadir omad, boshqa vaziyatlarda esa katta tajriba yordam berdi oxir-oqibat. Ammo unutmaslik kerak, katta jamoalar dovonlarni doim shunday zabt etadi.

- Rossiya futboli haqida yana bitta savol: Moskva «Dinamo»siga daxldor xabarlarini kuzatib boryapsizmi?

- Ha, albatta!

- Sobiq jamoangizning oxirgi natijalari qanday fikr uyg‘otdi? Masalan, o‘tgan mavsum «dinamochilar»da chempionlik uchun kurashish imkoniyati tug‘ilgandi.

- «Dinamo»ning o‘yini ancha yaxshilandi, buni natijalar ham ko‘rsatib turibdi. Qolaversa, endi klubda yangi stadion bor. Bir tomondan, sobiq jamoadoshlarimga achinyapman, chunki ular joriy mavsum Yevropa Ligasida o‘ynashlari kerak edi. O‘ylaymanki, agar diskvalifikasiya bo‘lmaganida, «Dinamo» yevroarenalarda ham tetik futbol namoyish etardi. Afsuski, hozir Rossiya klublari oldida to‘siq bor va xalqaro darajaga chiqishning iloji yo‘q. Lekin umid qilamanki, barchasi yaqin orada ijobiy yechim topadi va «Dinamo» kelasi mavsumlar loaqal Yevropa Ligasida o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Zero, jamoa bunga mutlaqo loyiq.

- Agar sizda Moskva klubiga qaytish imkoniyati tug‘ilsa, undan foydalanarmidingiz?

- Albatta, so‘zsiz! Hozirgacha rossiyalik bir qator kishilar bilan yaqin aloqadaman. Deylik, «Ferensvarosh»ni boshqarayotgan Cherchesov bilan gaplashib turibman. Rossiyada qisqa vaqt yashagan bo‘lsamda, ortga eng ijobiy xotiralar bilan qaytdim. «Dinamo»ga yaxshi natijalar qayd etishiga ozmi-ko‘p yordam bera olganimdan bag‘oyat xursandman. Qisqasi, faoliyatimning o‘sha qismini o‘zgacha qadrlayman.

- «Ferensvarosh» bilan Yevropa Ligasida qatnashayotgan Cherchesovga to‘xtaldingiz. Uning yutuqlari haqida nima deysiz?

- Vengriyada juda yaxshi ishlayapti. Cherchesov qanday ajoyib murabbiy ekanligini klubining Yevropa Ligasidagi natijalari ko‘rsatib turibdi. 

— Umuman, Cherchesov bilan hamkorlikdan qanday xotiralar qolgan?

- Ayniqsa, «Zenit»ga qarshi har bir o‘yin o‘zgacha kechardi. O‘ylaymanki, birga juda yaxshi ishladik, o‘sha mavsum yoqimli voqealarga boy bo‘ldi. Shaxsan men Cherchesov qo‘l ostida o‘ynashdan rohatlandim. U ajoyib murabbiylar shtabini shakllantirgandi. Takrorlayman, «Dinamo»dagi davrni alohida qadrlayman va bunda Cherchesovning ham hissasi katta. 

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 13:13, 23.12.2022.
O'qildi: 1012 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.