Bruno Fernandesh «Manchester Yunayted»ning asosiy futbolchisiga aylangan. U yaratilgan vaziyatlar sifati bo‘yicha jamoaviy rekordga ega va ko‘proq golli uzatmalarga mualliflik qilmoqda. Portugaliyalik o‘zi qatnashgan hujumlardagi XG miqdori bo‘yicha birinchi bo‘lib turibdi. Undan so‘ng ikkinchi o‘rinni Eriksen band etgan. Aynan Eriksen Premyer-ligada De Xea, Bruno va Reshforddan tashqari hammadan ko‘proq daqiqalar o‘tkazgani bejiz emas. Afsuski, «Liverpul»ning sobiq hujumchisi, hozirda «Reding»da o‘ynayotgan Endi Kerroll daniyalikka og‘ir jarohat yetkazdi.
Natijada ushbu jarohat 30 yoshli yarim himoyachini kasalxonaga tushishiga sabab bo‘ldi. Eriksen endi bir necha oyni o‘tkazib yuboradi. Ten Xag «Barselona» va boshqa xavfli raqiblarga qarshi bahslarda mavsumdagi 31 ta o‘yinda 2 ta gol va 9 ta golli uzatmalar muallifi yordamidan foydalana olmaydi. «Manchester Yunayted»ning uslubi endi o‘zgaradimi? Ten Xag shu paytgacha birinchi jamoa bo‘lib o‘ynash ko‘nikmasini shakllantirmagan. Murabbiy kerak bo‘lganda Fredni Kazemiro bilan birga ishlatgan. Fernandeshning pozisiyasini o‘zgartirgan. U yangi kelgan Vegxorst bilan ham tajriba o‘tkazdi, yangi hujumchi maydon markazidan o‘z o‘rnini topib ketdi. Ammo Eriksen, o‘z yoshiga qaramay, umumiy sxemaning ajralmas qismi edi. Daniyaliksiz butun mexanizm buzilib qolishi mumkin, chunki van de Bek lazaretda, Maktominay esa o‘ziga yangi klub qidirish bilan ovvora. Yaqingacha muhokamalar markazida bo‘lgan Zabitser hujumda o‘ng qanotda o‘ynaydi. Uni qat’iy markaziy yarim himoyachi deb bo‘lmaydi. Ammo «buzg‘unchilik» funksiyalari Zabitser uchun begona emas, shuning uchun «Manchester Yunayted» sport direktori Jon Murto Ten Xag bilan birgalikda uning transferini tasdiqladi: «Marsel» biz uzoq vaqtdan beri kuzatib kelayotgan futbolchi. U bilan shartnoma imzolash imkoniyati kutilmaganda paydo bo‘ldi, lekin biz Zabitser yangi klubiga o‘z mahorati va xarakteri bilan ta’sir o‘tkazishi mumkinligini darhol angladik. U tarkibimizga qo‘shimcha kuch qo‘shadi, uning tajribasi yechinish xonasida yordam beradi. Uni «Manchester Yunayted»da kutib olishdan barchamiz xursandmiz», — dedi Murto.
Ten Xag uchun avstriyalik yangi futbolchini o‘z uslubiga tushirish juda muhim - u to‘pni uzun paslar orqali oldinga tashlashni yaxshi ko‘radi, uzoq masofadan zarba bera oladi va aniq uzatmalar borasida deyarli xato qilmaydi. To‘pga egalik qilish bo‘yicha «qizil iblislar» Premyer-ligada oltinchi o‘rinni egallab turibdi. Eriksen to‘pni qancha vaqt ushlab turishni aniq biladigan, bosim ostida jamoani tinchlantira oladigan futbolchilardan biri. Zabitser esa aksincha shoshilinch qarorlar qabul qilishni afzal ko‘radi. Angliyada ko‘pchilik nega Ten Xag Enso Fernandes uchun kurashda qatnashishga shoshilmaganiga hayron bo‘ldi. Muxlislar bu borada yana bir jahon chempioni - Makallisterni ham esladi. Biroq argentinalik uchun Manchesterdan hali xaridorlar kelmagan. Bunga Entonining yozgi transferi sabab bo‘lishi mumkin. Klub direktori van der Sar «Ayaks»ga katta pul to‘ladi. Natijada, agar braziliyalik futbolchi yaqin oylarda to‘langan pullarni oqlay olmasa, Gleyzerlar o‘zlarini aldangandek his qilishlari mumkin. Amerikalik milliarderlar «Manchester Yunayted»ni sotishga ruxsat berdi. Eriksen jarohatidan keyin qimmat xaridlar bo‘lmaganining yana bir sababi shu. Ammo ingliz manbalari Zabitser transferi uchun ko‘pchilik futbolchilar rad etilganligini tasdiqladi. «Qizil iblislar» short-listida dastlab Isko, Saul, Auar va Karraskolar bo‘lgan. Endi esa Zabitser o‘ziga bildirilgan ishonchlarni qanchalik oqlaydi, buni vaqt ko‘rsatadi. Yozda Ten Xag yana de Yongga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin. Frenkining qarori «Barselona»ning moliyaviy ahvoli va «Manchester Yunayted»ning APL turnir jadvalidagi o‘rni bilan bog‘liq. Agar «qizil iblislar» Chempionlar ligasida ishtirok etsa, u holda Kazemiro va de Yong Manchesterda «el-klasiko» juftligini tashkil qilishlari mumkin.