Afsonaviy Rudi Fyoller Germaniya milliy jamoasiga qaytdi. Sobiq hujumchi bu gal bundestim bosh menejeri rolini bajaradi.
U oxirgi JCHda kuzatilgan omadsizlik ortidan iste’foga chiqarilgan Oliver Birxoff o‘rnini egalladi. Xullas, Fyoller 1 fevraldan e’tiboran o‘ta mas’uliyatli vazifani ado etishga kirishdi. Sobiq futbolchi 2000 yili zarurat tufayli terma jamoa bosh murabbiy rolida ishga kirishgan va noqulay shart-sharoitlarga qaramay, uning faoliyati chakki chiqmagandi. Rudining o‘zi o‘sha tajribani qanday eslaydi? Quyida shu haqda bilib olamiz.
- Rudi, oldin Germaniya terma jamoasi boshqaruvida ham ishlagansiz. O‘sha vaqtni endi «unutilgan davr» sifatida tavsiflasak bo‘ladimi?
- O‘sha tajribada biror yirik sovrin yutmadik, qolaversa, ba’zi jihatlarda mukammallikka erisholmadik. Shunga qaramay, shaxsan o‘zim o‘sha vaqtga ijobiy qarayman, baribir.
- Bundestim bosh murabbiyi rolidagi faoliyatingizning eng muhim voqeliklari...
- Birinchi navbatda, qanday holatda ishlaganimni unutmaslik kerak. Binobarin, jamoa boshqaruvini 1 yillik kelishuv bo‘yicha qo‘lga olgandim - vaqtincha bosh murabbiy. Rejaga muvofiq, Kristof Daum 2001 yili meni almashtirishi kerak edi. Agar shunday bo‘lganida, «Bayer»ga qaytib, yana sport direktori lavozimini egallardim. Muhimi, bundestim bu davrda JCH finaliga chiqdi, qolaversa, Yevropa chempionati saralash bosqichini mag‘lubiyatsiz yakunladi. Shunday ekan, chakki ishlamadim, natija ham yomon bo‘lgani yo‘q.
- Germaniya termasida qanday ish boshlaganingiz yodingizdami?
- Halokatli Yevropa chempionati-2000dan so‘ng Germaniya futbol ittifoqi milliy jamoaga munosib murabbiy qidirishga tushdi. O‘shanda asosan «Bavariya» ustozi Ottmar Xitsfeld va «Bayer» bosh murabbiyi Kristof Daum nomzodi ko‘rib chiqildi. Aslida mas’uliyatli ishni Daum o‘z zimmasiga olishi kerak edi, lekin bunda avvalo, «Bayer»ni ko‘ndirish talab etilardi. Axir klubning Daumga munosib o‘rindosh topishiga vaqt ketardi, baribir. Shunday mujmal holatda Germaniya futbol ittifoqi rahbari Mayer-Forfelder qo‘qqisdan kutilmagan taklifni o‘rtaga tashladi: «Rudi, bu ishni o‘z zimmangga ola qolsang-chi...». O‘sha vaqt barcha muhim vakillar stol atrofida edilar va g‘alati tomoni, qaltis masala bo‘yicha darhol kelishuvga erishildi.
- Taklifdan bosh tortishingiz ham mumkinmidi?
- G‘oya bo‘yicha Kristof Daum bilan yaqindan hamkorlik qilishim kerak edi, baribir. O‘sha payt bundestimning ko‘plab asosiy futbolchilari Leverkuzenda o‘ynashganini hisobga olsak, futbol ittifoqi juda aqlli qarorda to‘xtagandi. Muddat ham belgilandi va missiyam aniqdek tuyuldi. Ikkinchi tomondan, terma jamoa murabbiyi sifatida siz klubdagi kabi hamisha diqqat markazida bo‘lmaysiz, ayniqsa, turnirlardan xoli vaqtda. Ehtimolki, meni xotirjamroq muhitda ishlash varianti qiziqtirgandir.
- Fakt shuki, terma jamoaning ancha eskirgan qiyofasini yangilash vazifasi sizning chekingizga tushgandi. Umidlarni oqlolmaslikdan cho‘chimaganmisiz?
- Futbol olamida g‘o‘r yigitcha emasdim. Avvaliga hammani yorqin istiqbolga ishontirishim zarurligi tayin edi, lekin nozik tomoni, mamlakat tezkor natija kutardi. Shuning uchun ishni jamoa kayfiyatini ko‘tarishdan boshladim. Zero, JCH saralashini muvaffaqiyatli boshlash suv va havodek zarur edi. Futbol ittifoqidan esa nihoyat, yoshlar bilan ishlash tizimini tasdiqlash talab etilardi. Chunki oxirgi yillar bu yo‘nalishga e’tibor ancha pasaygandi.
- Biroq Ispaniya milliy jamoasiga qarshi birinchi o‘yinda tarkibga Yevropa chempionatida portugallar bilan bo‘lgan sharmandali bahsda qatnashgan 9 nafar futbolchini kiritdingiz...
- Qaltis holatda tarkibni birdan yangilab tashlashim kerakmidi? Qolaversa, o‘sha yigitlar mamlakatning eng yaxshi futbolchilari bo‘lib, sport formalari chakki emasdi. Yana ayni kuchga to‘lgan yoshda...
- Ammo ko‘pchilik jamoani butunlay o‘zgartirishingizni kutgandi...
- Tushuning, o‘sha payt ixtiyorimizda «portlash» effektini yuzaga keltirish uchun munosib yangi futbolchilar guruhi yo‘q edi. Asosiysi, «eski» futbolchilar o‘yinlarda uncha yomon ko‘rinishmadi, har holda, ancha mahsuldorlik qayd etdik.
- Loaqal o‘zgacha turtki berish maqsadida tarkibni qayta tuzish haqida bosh qotirgandirsiz...
- Albatta, maxsus kengashda jamoani to‘liq qayta tuzish masalasi ko‘rib chiqilgan. Lekin murabbiy borki, avvalo, tajribali futbolchilar bilan ishlashni yoqlaydi.
- Kristof Daum bilan oldindan qanday kelishib olgandingiz?
- U termada ishlashimga qarshi chiqmadi. Yonimda Maykl Skibbedek tajribali mutaxassis bor edi. Kristof bilan esa faqat ayrim masalalarni muhokama qildik.
- Qanday?
- Deylik, Shtefan Effenberg masalasini. Zero, uning terma jamoaga qaytishi naf keltirishini bilardim, lekin bu borada Kristof bilan gaplashishim zarur edi. Zero, uning keyinchalik Effega tayanish-tayanmasligini aniqlash zarurati tug‘ilgandi. Xayriyatki, Kristof bu fikrni ma’qulladi.
- Yevro-2004 guruh bosqichidan keyin iste’foga chiqdingiz. Vaholanki, futbol ittifoqi qolishingizni istagandi.
- Har doim milliy jamoa murabbiyi pozisiyasini yaxshi tushunganman. Xususan, muvaffaqiyatdan keyin ikki yil davomida yangi eyforiya qo‘zg‘atish qiyinligi ma’lum edi. Muxlislar va futbolchilarga hamisha qandaydir yangi aql kerak. Binobarin, oldinda Germaniya termasini o‘z maydonidagi mundial kutayotgandi.
- Yurgen Klinsmann shu jamoa bilan eyforiya va «yozgi ertak-2006»ni yuzaga keltirganini ko‘rgach, afsuslanganmisiz?
- Yo‘q, aslo. Chunki jamoada qolganimda, ishlar noto‘g‘ri ketishi xavfi kattalashardi. Agar JCH boshqa mamlakatda o‘tkaziladigan bo‘lganida, ehtimol, barchasiga boshqacha qararmidim...?
- Braziliya termasiga qarshi kechgan JCH-2002 finalini qanday eslaysiz?
- Turnirdagi eng yaxshi o‘yinimiz. Meni faqat Mixael Ballak diskvalifikasiya tufayli maydonga tusholmagani qiynaydi, aks holda, hammasi boshqacha tugardi, ehtimol. Umuman, final - ajoyib lahza, chunki hech kim bu qadar uzoqqa borishimizni kutmagandi.
- Rudi, bundestim bosh murabbiyi rolidagi faoliyatingiz hayotingizda qanchalik muhim o‘ringa ega?
- Hayotda duch kelgan murabbiy mamlakat bosh jamoasini boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Demakki, o‘sha tajriba men uchun ko‘p narsani anglatadi. Asosiysi, ko‘tarilish va pasayishlar vositasida ko‘p narsalarni o‘rgandim.
MUHAMMADXON tayyorladi