Mavsumning birinchi yarmida «Milan» unchalik barqaror emas edi, ammo A Ceriyada yuqori o‘rinlarni egallash imkoniyatini saqlab qoldi. «Inter» va «Yuventus» ochko yo‘qotayotgan edi, shu bois «rossonerilar» ma’lum vaqt davomida joriy mavsumda «Napoli» bilan chempionlik uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Biroq jahon chempionati uchun tanaffusdan so‘ng «qizil-qoralar» uchun hammasi teskarisiga ketdi. Ketma-ket uchta mag‘lubiyat va barcha musobaqalardagi g‘alabasiz yetti o‘yinlik seriya Stefano Pioli shogirdlarini kuchli to‘rtlikdan joy uchun kurashga olib keldi. «Torino» ustidan qozonilgan g‘alaba bu holatda alohida ta’kidlanadigan ko‘rsatkich emas. «Milan» avvaldan unchalik barqaror bo‘lmadi va endi nihoyat to‘xtab qoldi. Buning sabablari bor.
Asosiy darvozabonning jarohati
Mayk Menyan 2021 yilning yozida 15 million yevro evaziga «Lill»dan «Milan»ga o‘tgan edi. Fransiyalik futbolchi «PSJ»ga jo‘nab ketgan Janluiji Donnarummani to‘liq almashtirdi. «San-Siro»dagi birinchi mavsumida u 17 ta o‘yinda qatnashib, «A» Seriyaning eng yaxshi darvozaboni bo‘ldi. Menyan «rossonerilar»ning chempionligiga katta hissa qo‘shdi. Joriy mavsumda u Italiya chempionatida bor yo‘g‘i 7 ta o‘yin o‘tkazdi. Fransiyalik futbolchi jarohat olgan, shu sababli u oktyabr oyidan beri maydonga tushmayapti. Uning o‘rnini Chiprian Teterushanu egalladi, ammo u hozircha unchalik yaxshi ishlamayapti. Ruminiyalik darvozabon katta tajribaga ega bo‘lishiga qaramay, ko‘pincha jamoani qutqarib qolishning uddasidan chiqqani yo‘q. Joriy mavsumda 36 yoshli darvozabon A Seriyaning 15 ta uchrashuvida 22 ta gol o‘tkazib yubordi. O‘rtacha hisobda bu har bir o‘yinga 1,5 tadan to‘g‘ri keladi va bu juda ko‘p. Teterushanuni oqlash uchun aytish mumkinki, «Milan»ning orqa chizig‘ida ham katta muammolar bor. Himoyadagi o‘yinchilar to‘pni oldinga ko‘p vaziyatlarda xato yetkazishadi va hujum bilan bog‘lamlar uzilgan. Darvozabon himoyachilarga, ular esa old chiziq vakillariga yaxshi tayanch bo‘la olishmayapti. Muammo o‘zaro bog‘liq.
Psixologik muammolar
«Rossonerilar»ning noaniq harakatlari psixologik muammolar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Natijalar har qanday jamoaga bosim o‘tkazadi va «qizil-qoralar» umuman yaxshi formada emaslar. 2023 yilda «Milan» uch marta halokatli tarzda mag‘lub bo‘ldi. «Rossonerilar» «Lasio» (0:4) va «Sassuolo»ga (2:5) yutqazdi, Italiya Superkubogi uchun o‘yinda «Inter»ga ham imkoniyatni boy berdi (0:3). Shundan so‘ng «neradzurrilar»dan yana bir mag‘lubiyat qayd etildi, ammo minimal hisobda. Doimiy ochko yo‘qotishlar davom etdi, Italiya kubogidan erta chiqib ketishdi. «Milan hozir yaxlit jamoa emas. Ular bir jamoa bo‘lib o‘ynab, Skudettoni qo‘lga kiritgandilar, ammo endi bu xususiyatlarni yo‘qotdilar. Bu yana sodir bo‘lishi mumkin. Yoshlar bilan ishlashda sabrli bo‘lish kerak. Bu yosh yigitlar alohida mavqega ega: «skudetto»ni munosib qo‘lga kiritib, to‘satdan katta sahnaga chiqishdi. Bu vaziyatni beqarorlashtirishi mumkin, biroq ayni damda emas», - dedi «qizil-qoralar»ning sobiq murabbiyi Arrigo Sakki.
Pioli jamoa ishonchni yo‘qotayotganini tasdiqladi:
«Ko‘p jihatlar yaxshi ishlamayapti, ham aqliy, ham taktik tomonlama. Oxirgi o‘yinlardagi salbiy natijalar o‘zimizga bo‘lgan ishonchni olib tashladi. Hammasini boshidan boshlashimiz kerak», - dedi «Milan» bosh murabbiyi.
Muhim o‘yinchilarning jarohati
Bu, birinchi navbatda, fransuzlarga tegishli - Teo Ernandes va Olivye Jiru. Har ikkisi ham jahon chempionatidan charchoq bilan kelgan, formada emas. So‘nggi uch mavsumda Teo A Seriyada gol+pas tizimi bo‘yicha kamida 10 ochko to‘pladi. Joriy mavsumda 25 yoshli himoyachi bor-yo‘g‘i 2 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi. 2023 yilda fransuz deyarli har bir o‘yinda 90 daqiqani maydonda o‘tkazgan bo‘lsada, faqat bitta gol urdi. Ernandesning paslar samaradorligi, birinchi navbatda, jamoaning hujumdagi salohiyatini aks ettiradi, chunki raqiblar uchun eng ko‘p xavflar doimo uning qanotidan kelgan. Xuddi shu narsa Jiru uchun ham amal qiladi. Zlatan Ibrahimovichning uzoq vaqt yo‘qligi sababli, fransiyalik futbolchi «rossonerilar»ning asosiy zarba beruvchi kuchi bo‘lishi kerak edi, biroq u har doim ham samarali harakat qila olmaydi. Jahon chempionatidan qaytgach 36 yoshli hujumchi bor-yo‘g‘i 2 ta gol urgan. «Qizil-qoralar»ning chempionlik mavsumida Jiru jamoaning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. Joriy mavsumda u ko‘pincha darvozani aniq nishonga olmoqda, biroq gol urish bo‘yicha ancha oqsayapti (26 ta samarasiz zarba). Faqat Lautaro Martines undan ko‘proq vaziyatlarni ko‘kka sovurgan (33 marta), lekin shu bilan birga «Inter» hujumchisi Jirudan 2 baravar ko‘p gol urdi.
Muvaffaqiyatsiz transferlar
O‘tgan yozda «Milan» transferlar uchun 46 million yevro sarflagan. Bu mablag‘ning 32 millioni «Bryugge»dan Sharl de Ketelareni sotib olishga ketgan. O‘tgan mavsumda belgiyalik o‘z chempionatida 14 ta gol urdi, shundan so‘ng unga top-klublar tomonidan qiziqish paydo bo‘la boshladi. «Rossonerilar» bu borada hammadan o‘zib ketdi va istiqbolli o‘yinchini qo‘lga kiritdi, ammo u Italiya chempionatida o‘zini ko‘rsata olmayapti. A Seriyaning joriy mavsumida 21 yoshli yarim himoyachi 18 ta o‘yinda atigi bitta golli uzatmani amalga oshirgan. Bu hujumkor yarim himoyachi uchun juda zaif ko‘rsatkichdir.