Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

«To‘pchilar»ning tengsiz topilmasi

«To‘pchilar»ning tengsiz topilmasi

Baho:
+ | -

«Arsenal»ning joriy mavsumdagi g‘olibona yurishi beixtiyor 2004 yilda yakuniga yetgan mavsumni eslatadi.

Ana shu ijobiy o‘xshashlikning asosiy sababchilaridan biri, «Atletiko»dan kelganidan beri tobora ochilib borayotgan ganalik tayanch yarim himoyachisi Tomas Parti.

«Parti tengi yo‘q o‘yinchi. U jismonan juda baquvvat va raqib hujumlarini ishonchli tarzda to‘xtatadi. Tomas - men bilan o‘ynagan eng yaxshi yarim himoyachilardan biri», - degandi Kiran Trippyer ganalik kasbdoshi Londonga kelganida.

O‘sha pallada Tomasni jarohatlar qiynab qo‘ygan, 2020 yilning noyabridan 2022 yil avgustiga qadar u 38ta uchrashuvni o‘tkazib yuborgandi. Ammo hozir yaxshi sport formasini tiklab, ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda. quyidagi hikoya Partining «to‘pchilar»dagi o‘rni va muvaffaqiyatga qo‘shayotgan ulushi haqida.

To‘pni egallagan paytida «Arsenal» elastik sxemani qo‘llaydi. Maydon markazida barqoror uchlik shakllangan: Parti hujum paytida to‘pni saqlab qolish va oldinga yetkazib berish uchun mas’ul. Jaka chap qanotda bosimni oshirib, jarima maydonchasi tomon reydlar uyushtiradi, Edegor maydon kengligi bo‘yicha bo‘shliq topish bilan mashg‘ul.

Tomas himoya va hujum chiziqlari o‘rtasidagi bog‘lovchilik rolini a’lo darajada uddalayapti. O‘yin amaliyoti va uzatmalar soni bo‘yicha yaqin ko‘rsatkichni qayd etayotgan Jorjinyo va Fabinyolarga taqqoslaganda, Tomas uzatmani chiziqlar oralig‘ida, aniqroq va tezroq amalga oshiradi. Bundan tashqari, turli fintlar yordamida to‘pni har xil uslubda olib yuradi. Uzatmalarining atigi 50 foizida u osonroq va oddiy variantlarni tanlagan.

Agar «to‘pchilar» tayanch yarim himoyachisi bosimni oshiradigan usulni tanlasa, uzatmalarining 52 foizida xavfli vaziyatlar yuzaga kelgan. «Tottenxem»ga qarshi o‘yin bunga misol bo‘la oladi. Parti bosim ostida - eng oson variant to‘pni Gabrielga uzatish edi. Biroq Tomas endi ochilayotgan Edegorni payqadi va to‘pni to‘xtatmasdan unga uzatdi.

«Partining eng asosiy vazifasi - hujumga o‘tishda to‘g‘ri muvozanatni va kerakli harakatchanlikni ta’minlash», - degandi Arteta 2021 yil sentyabrida «Byornli» ustidan erishilgan g‘alabadan keyin. Lekin to‘pni qabul qilish uchun avvalo, bo‘shliqda ochilish kerak. Bu borada Partida kamchilik yo‘q. U jamoaning 5 uzatmasidan bittasini qabul qilishga doimo shay, agar hujum o‘z yarim maydonidan boshlansa, 4 uzatmaning bittasiga qulay vaziyat yaratadi. «Atletiko»dan kelganida, yangi jamoa uslubiga moslashish Parti uchun hal qiluvchi masala bo‘lgandi. Joriy mavsum u hujumkor uslubda to‘pni toplarga xos mahorat bilan olib yurishini tasdiqladi. Uni toplarga qiyoslashgandi, endi u toplardan ham oldinda.

To‘psiz harakatlanishda ham Tomas e’tiborni tortmaydigan, lekin o‘ta muhim vazifalarni ado etadi. Pressing chog‘ida jamoadoshini straxovka qiladi, markaziy himoyachilar bilan ishonchli o‘ynaydi. Agar raqib bosimdan chiqib ketsa, to‘p bilan erkinlikka erishadi. Shu sababli, tayanch yarim himoyachisi va himoyachilar ulkan hududni qo‘riqlashlariga to‘g‘ri keladi.

Qahramonimizning tayanch hududidagi yana bir muhim jihati - vaziyatga juda tez baho berish va qarorga kelish. Shu fazilati evaziga u raqibning to‘satdan uyushtirgan reydlarini to‘xtatish va jamoadoshlarining xatolarini to‘g‘rilashga ulguradi. «MYU»ga qarshi bahsda «Arsenal» yuqori pressingni qo‘lladi. De Xea to‘pni Shouga uzatganda, Uayt himoyachi tomon yurdi. Eriksen qanotga siljib, chap qanot himoyachisiga yordamga oshiqdi. Biroq Parti o‘z hududini vaqtincha tark etdi va daniyalik raqibiga to‘pni egallab olish imkonini bermadi.

Tomas muntazam ravishda ortga chekinib, oldinga o‘tib ketgan himoyachilar o‘rnini to‘ldirib turadi. Chunki u hushyorligi evaziga raqibning qarshi hujumlarini oldindan his etadi va qarshi choralarni ko‘radi. «Tottenxem»ga qarshi oxirgi derbi bahsi Tomasning to‘psiz foydali harakatlariga misol bo‘la oladi. Bu harakatlarni bir necha toifaga bo‘lish mumkin:

• Qanotni qo‘riqlash. O‘yinning ilk daqiqalarida Uayt oldinga o‘tib ketgani bois, to‘pni egallash uchun ortga qaytdi. Parti bu lahzada markazda edi. U jarima maydonchasi tomon intilib, Sessenyonga yaqinlashdi va uning uzatmasini bartaraf etdi.

• Himoya markazini qo‘riqlash. Yuqoridan yo‘llangan to‘p uchun Gabriel kurashga kirishganda, Tomas uning pozisiyasiga o‘tib, himoyaning yaxlitligini ta’minladi.

• Markazdagi uzilishlarda qo‘riqlash. 28-daqiqada Gabriel Kulushevskini to‘xtatish uchun qanotga otalaganida, Parti uning o‘rnini egalladi. Aynan shu hududdan Son hujumga o‘tishi mumkin edi. Tomas uni bartaraf etdi.

• Pressing paytida qo‘riqlash. Noodatiy vaziyat - Saliba pressingga yordam berishga ketib, raqib jarima maydonchasi yaqinida Sonni zararsizlantirdi. Parti esa zudlik bilan uning hududiga o‘tdi, «Tottenxem» fransuzning yo‘qligidan foydalana olmadi.

• Tayanch hududidagi buzg‘unchilik. 2-bo‘limda Uayt o‘ng qanotdan oldinga o‘tdi va to‘p bilan kelayotgan raqibga tashlandi. Uning yonida bo‘sh qolgan Sonni esa Tomas to‘xtatdi. Juda ko‘p vaziyatlarda u to‘pga teginmagan bo‘lsada, zukkoligi evaziga ishonchli himoyani ta’minladi.

«Tomas o‘tish fazalarida a’lo darajada harakatlandi!» - Mikel Artetaning 2021 yil sentyabridagi e’tirofi yana bir marta tasdiqlandi. Avvallari bunaqa maqtovni faqat onda,sonda eshitardik. Hozir barqarorlikka erishgan Parti har bir uchrashuvda maqtashga arziydigan o‘yin ko‘rsatmoqda. U tom ma’noda «Arsenal»ning tengsiz javohiriga aylandi.

Parti Jakaning yangi rolga moslashishiga ham yordam berdi. «U olis yo‘lni bosib o‘tdi va maqsadimizni tushunadigan bo‘ldi. Uning tirishqoqligi va jamoadoshlari bilan hamjihatligi tobora ortib bormoqda», - degandi murabbiy o‘tgan mavsum yakunida.

Darhaqiqat, so‘nggi oylar ichida Tomas yuksak sport formasiga erishdi. Usiz «to‘pchilar» bunchalik samarali va ishonchli o‘yinni ko‘rsata olmasdilar. Partining yonida Jaka ham chinakamiga «ochildi». Joriy mavsumda Granit ko‘proq vaqtini raqib yarim maydonida, jarima maydonchasi ichida o‘tkazmoqda. Mazkur ijobiy o‘zgarishlar Tomasning barqarorligi bilan bog‘liq. U Jakaning hududini ishonchli tarzda qo‘riqlab, to‘p yo‘qotilgan pallada tezroq egallab olish va maydonning ikkinchi yarmiga yetkazishni ta’minlaydi. Tomasning talabga javob bermaydigan jihati yo‘q, yuqorida zikr etilgan pozisiyalarda u liganing eng sara o‘yinchilaridan biri. Partining o‘rnini to‘ldirishning hozircha, iloji yo‘q. «Arsenal»ning tayanch hududida u kabi rangba,rang sifatli o‘yinchi yo‘q. El,Nenni to‘psiz harakatlanganda ko‘proq manfaat keltiradi va uzatmalarni Parti hajmida amalga oshira olmaydi. Lokongaga esa barqarorlik yetishmaydi, barcha pozisiyalarda o‘rtamiyona o‘yin ko‘rsatadi.

Yana bir e’tiborli jihati shundaki, «Arsenal»ning avgust oyida «MYU»dan qabul qilgan APLdagi yagona mag‘lubiyatida jarohatdan keyin muolaja olayotgan Tomas Partining yo‘qligi sezilib qolgandi. Arteta uning o‘rnini to‘ldirishga urinib ko‘rgan bo‘lsada, bunga to‘liq erisha olmadi. «Parti o‘yin shiddatini yaxshi his etadi, jismoniy tayyorgarligi a’lo darajada, nostandart harakatlarni qoyilmaqom qilib uddalaydi. U maydonda bo‘lsa, biz doimo hukmronlik qilishga qodirmiz», - degandi murabbiy.

Tengsiz - hozirgi «Arsenal» uchun Tomas Parti aynan shu martabaga loyiq. Saka, Edegor yoki Zinchenko balki yorqinroq o‘ynayotgandir. Lekin nima bo‘lganda ham, agar «to‘pchilar» 19 yillik tanaffusdan keyin yana shohsupaga ko‘tarilsalar, Partining ulushi ularnikidan kam bo‘lmaydi.

Sodiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 08:43, 06.03.2023.
O'qildi: 1767 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.