«RB Leypsig» bosh to‘purari Timo Verner klub rasmiy saytiga YECHL 1/8 finali doirasidagi «Manchester Siti»ga qarshi dastlabki o‘yin (o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgan)dan keyin intervyu berdi. Unda hujumchi o‘zining uzoq yillik jarohati va jamoadagi yangi roli haqida gapirib berdi.
- Timo, uzoq vaqt tiklanishni talab etgan jarohatdan keyin o‘zingizni qanday his qilyapsiz?
- Garchi jarohat tufayli boshqa ishlar bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, umuman olganda yaxshi. Oyog‘im o‘zi yaxshi edi, lekin tovonim shunchalik og‘rirdiki, yugurgan paytim, ayniqsa sprintda qattiq og‘riq azob berardi. Ammo, mana ikki hafta bo‘ldiki hozir o‘zimni yaxshi his qilyapman.
- Shikastlanish oqibatlariga qaramay, siz ko‘p o‘ynadingiz. Bu yordam berdimi?
- Ha, albatta! Intensiv o‘yinlar va ko‘p yugurish to‘liq jismoniy holatga qaytish uchun yaxshi va muhim edi.
- Tabiiyki, hujumchi gollari bilan o‘lchanadi. So‘nggi paytda shu tomonlama oqsayotganingizdan xavotirdamisiz?
- Albatta, har bir hujumchiga gollar va golli paslar kerak. Ammo professional bo‘lganimga ancha vaqt bo‘lgan va agar biror narsa ishlamay qolsa, juda asabiylashishim shart emasligini ham bilaman. «Leypsig»da gol urish imkoniyati hamisha bor va qanchalik xotirjam bo‘lsangiz, ulardan shunchalik yaxshi foydalanasiz. Shuning uchun hozir juda xotirjamman va majburlashdan ko‘ra, ularning kelishini afzal ko‘raman.
- Jarohatga qaramay, joriy mavsumda 25 o‘yinda 12ta gol va 5ta assist qayd etdingiz. Bu raqamlar sizga qanchalik mos keladi va o‘z oldingizga maqsadlar qo‘yasizmi?
- Yo‘q, o‘z oldimga maqsadlar qo‘ymayman. Men jahon chempionati oldidan juda yaxshi natijalarga erishdim, ammo jarohat hammasini buzdi. Orqaga nazar tashlasam, o‘z darajamga qaytishim uchun bir nechta o‘yinlar kerak bo‘ldi. Bu mening birinchi jiddiy jarohatim edi va bundan juda g‘azablandim. Yilning dastlabki o‘yinlarida «Shalke» va «Xoffenxaym» darvozalariga gol urganimdan so‘ng, bu unchalik oson emasligini tan olishim kerak edi. Eng yaxshi jismoniy holatda bo‘lmay turib, to‘satdan raqiblar bilan uchrashish unchalik yoqimli emasligini angladim. Endi ishlar yaxshi yo‘nalishda ketayotganidan xursandman va hech qanday shikoyatim yo‘q.
- Ha, «Ayntraxt» bilan o‘yindagi samarali harakatlaringiz buni isbotlaydi. Bundesligadagi ilk yillaringiz haqida ham o‘ylab ko‘rganmisiz, Yusuf Poulsen va Emil Forsberg bilan hamma narsa yaxshi ketganmi?
- Biz har kuni birga mashq qilamiz. Shunday ekan men ular qanday o‘ynashlarini yaxshi bilaman. Shuning uchun «eski kunlar» haqida o‘ylamadim. Bu yerga qaytganimda, jamoada hamon tanish chehralar ko‘pligini ko‘rish ajoyib. Va biz shunchaki jamoada yaxshi ishlaymiz. Yigitlar mendan uch, to‘rt, besh yosh katta bo‘lishiga qaramay, hamon yuqori darajada o‘ynashayotganini ko‘rish juda yoqimli.
- «Qaytish» - kalit so‘z shu yerda. Leypsigga olti oy oldin qaytib keldingiz. Bu vaqtni qanday umumlashtirasiz?
- Umuman olganda, yaxshi. «Chelsi»daligimda Leypsigga qaytishdan umidvor edim va men hozir avvalgidan ko‘ra ko‘proq nazorat ostidaman. Ammo men shunday bo‘lishini kutishim va buni qabul qilishim kerak. O‘zimni shaharda va jamoada uyimdagidek his qilyapman. Yigitlar hamon juda mehmondo‘st. Siz bizni ajoyib jamoa ekanligimizni ko‘rishingiz va his qilishingiz mumkin, biz juda hamjihatmiz va bu juda yoqimli.
- Ikki yillik tanaffusdan keyin jamoadagi rolingiz o‘zgarganmi?
- Ha, bu muqarrar ravishda sizni ko‘proq yetakchiga aylantiradi, shu jumladan yosh nuqtai nazaridan. Dushanba kuni 27 yoshga to‘ldim va endi shunchaki yosh futbolchi bo‘la olmayman, hatto ba’zida shunday qilsam ham (kuladi). Men endi yoshlardan emasman, lekin kattalardan ham emas, balki o‘rtada. Va shuning uchun asta-sekin maydonda yetakchiga aylanaman. Buning uchun rivojlanishda davom etishim kerak.
- Tug‘ilgan kuningizni eslatdingiz. Sizda maxsus tilaklar bormi?
- Birinchi navbatda, har birimiz sog‘lom bo‘lishimizni tilayman - bu eng muhimi. Jarohatim tufayli bunday davr qanchalik og‘ir bo‘lishi mumkinligini angladim.
- Har doim «RB Leypsig»ning o‘yinlarida tribunalarda Timo Verner formasidagi juda ko‘p bolalarni ko‘ryapmiz. Ushbu qo‘llab-quvvatlash haqida nima deb o‘ylaysiz?
- Buni his qilish va ko‘rish juda yoqimli. Bizning muxlislar bazamiz har doim yaxshi bo‘lgan, ayniqsa o‘z uyimizda, yangi turgan fan bloki yanada ta’sirli va qo‘shimcha o‘rindiqlar uni yanada balandroq qiladi. Bizning muxlislarimiz o‘yinga ishtiyoqlidir va biz ularga imkon qadar ko‘proq quvonch baxsh etishga harakat qilamiz.
- Siz 107ta gol bilan «RB Leypsig»ning bosh to‘prurari bo‘lib oldingiz. Bu siz uchun nimani anglatadi?
- Bu men uchun juda ko‘p narsani anglatadi. Garchi avval aytganimdek, o‘z oldimga maqsad qo‘ymayman. Lekin albatta, imkon qadar ko‘proq gol urmoqchiman. Balki 150talik marrasini ham zabt etarman. Bunga erishish mumkin. O‘ylaymanki, jarohatdan oldingi - «Chelsi»dagi og‘ir davrimdan keyin yana xuddi shunday o‘ynashim mumkinligini ko‘rsatdim va endi yana ko‘rsataman. Shuning uchun men har bir goldan xursandman va ayniqsa bu yerda jamoa, muxlislar tomonidan qadrlanganim uchun.
- Angliyaga «qaytish»ingiz haqida gapirib bersangiz.
- Angliyadagi davrim ajoyib o‘tdi. Men juda ko‘p narsalarni o‘rgandim va ko‘plab ajoyib o‘yinlarni o‘tkazdim, ayniqsa «Chelsi» bilan aynan «Manchester Siti» ustidan zafar quchib Chempionlar Ligasi kubogini qo‘lga kiritganimiz o‘zgacha bo‘lgandi. Shunday ekan, YECHLdagi «Siti»ga qarshi natijam unchalik yomon emas (kuladi). Biz Angliyaga katta ishonch bilan boramiz va qo‘limizdan kelganini qilamiz. Birinchi o‘yinning ikkinchi yarmida buni amalga oshirishimiz mumkinligini ko‘rsatdik. Demak, u yerda raqibga kurash taklif etishimiz mumkin. Agar buni ko‘rsata olsak, biz uchun yaxshi o‘yin bo‘ladi.
MUHAMMADXON tayyorladi