Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Kamida Nobel mukofoti medalini oladi, agar...

Kamida Nobel mukofoti medalini oladi, agar...

Baho:
+ | -
Bo'lim: OSIYO / Futbolchilar
Rukn: Intervyular

Yaponiyalik Daichi Kamadaga Nobel mukofoti medali va’da qilishmoqda. Futbolchi buning uchun «Ayntraxt»da qolishi kerak.

 Qiziq, yarim himoyachi chindan ham, ijtimoiy sohada katta obro‘ga ega mukofot medali egasiga aylanishi mumkinmi? Qanaqasiga?

Buni qanday tushunish kerak?

«Ayntraxt» CHL 1/8 finalidan o‘rin olgan dastlabki o‘yinda «Napoli»ga bas kelolmadi, boz ustiga, o‘z maydonida (0:2). Shunga qaramay, jamoa yarim himoyachisi Daichi Kamadaga Nobel mukofoti medali topshirish haqida va’da berishmoqda. Faqat bitta shart bor - yaponiyalik futbolchi «Ayntraxt»da qolishi kerak. Oddiy aytganda, Nobel mukofoti laureati shunday holatda o‘z medalini Kamadaga bermoqchi. Gap germaniyalik Benjamin List haqida ketmoqda. U 2021 yili Devid Makmillan qatori ximiya sohasidagi Nobel mukofoti sovrindori bo‘ldi. E’tiborlisi, ikki olim ham «asimmetrik organokatalizni rivojlantirish» yo‘nalishi bo‘­yicha molekulalar yaratishning yangi usulini ishlab chiqdi mus­taqil tarzda. Ularning ilmiy ishlari samaraliroq tibbiy dori vositalarini tayyorlash va quyosh panellari quvvatini oshirishga qaratilgan.

List - «Ayntraxt»ning ashaddiy muxlisi. U sevimli klubi yetakchilaridan biriga aylangan Kamadaning shartnomasi joriy mavsum oxirida o‘z kuchini yo‘qotishidan xabardor, albatta. Xullas, olim Amazon Prime efirida yaponiyalik yigitga g‘ayrioddiy taklif bilan chiqdi: «Birinchidan, Yaponiya termasini qo‘llab-quvvatlayman. Anchadan buyon Makoto Xasebe o‘yini ixlosmandiman. Kamadaning klubdan ketishi esa yuragimni cho‘ktirishi tayin. Bugungi imkoniyatdan foydalanib, Nobel mukofoti medalini o‘rtaga tikaman. Qisqasi, Daichi jamoa­mizda qolsa, uni qo‘liga tut­qazaman». Ha, ha, List klub manfaati yo‘lida o‘zi uchun qadrli go‘zal medaldan voz kechishga ham tayyor. «Ayntraxt» sport direktori Markus Kreshe shu lahzada hazil ohangida qo‘shimcha qildi: «Ochig‘i, agar Daichi bu gapingni eshitsa, klubda qoladi va sen medalingdan ayrilasan». Hozircha futbolchining munosabati noma’lum.

Kamada chindan ham, klub yetakchilaridan biri

Kamada Frankfurt jamoa­sida 4-yilni o‘tkazmoqda. Ortda qolgan mavsumlarning har biridan qiziqarli jihat topish mumkin. Deylik, yaponiyalik yarim himoyachi 2019|2020 yillar mavsumi YELda «xet-trik» qayd etdi (bunga qadar yevrokuboklarda yaponiyaliklar orasida birgina Takumi Minamino shunday natijaga erishgandi). Daichi keyingi mavsum samaradorlik bo‘yicha shaxsiy rekordini o‘rnatdi - Bundesligada 5ta gol va 12ta assist. Avvalgi mavsum ham unutilmas bo‘ldi - Kamada jamoasi bilan YELda g‘alaba nashidasini surdi. Qolaversa, turnir davomida 4ta raqib darvozasini nishonga oldi, final o‘yinidan keyingi penaltilar seriyasida ham gol urdi. Hozirgi sur’ati esa eng yaxshi mavsumga dalolat bermoqda. Har holda, Germaniya chempionatining 19ta o‘yinida 7ta gol va 4ta samarali uzatma muallifiga aylandi. Barcha turnirlar hisobidan esa «Gol+pas» tizimi bo‘yicha 13ta ochko yig‘ishga ulgurdi. Bunisida ham yangi natija bor - Kamada CHL guruh bosqichida barcha raqiblarga gol tortiq etdi. 

Yanvar oyida Mundo De-portivo nashri Kamada «Barselona» e’tiboriga tushgani haqida xabar bergandi. 90min.com portalida yozilishicha esa, yaponiyalik yarim himoyachiga befarq qaramayotgan jiddiy klublar safi ancha keng: «Liverpul», «Manchester Siti», «Nyukasl», «PSJ», «Borussiya» D. Shuningdek, Yaponiyaning Sponichi nashrida «Bavariya»ning qiziqishi xususida yozildi. Sport1 jurnalisti Kristofer Mishel esa «Ayntraxt» Kamada pozisiyasida to‘p suruvchi futbolchi qidirishga tushgani, xususan, «Xoffenxaym» va «Kyoln» vakillariga e’tibor burgani haqida xabar tarqatdi. Uning xulosasiga ko‘ra, joriy mavsum yakunida yaponiya­likning «Ayntraxt» bilan xayr­lashishi deyarli hal etilgan masala hisoblanadi. Bir tomonda - katta klublar chorlovi, ikkinchi tarafda - Nobel mukofoti medali. Qiziq, qaysi biri og‘irroq tosh bosadi? Kamadaga qiziqayotgan jamoalar nomidan kelib chiqsak, nobelcha belgi ham futbolchini ketishdan to‘xtatolmasa kerak-ov...

Nobel mukofoti haqida ma’lumot

Nobel jamg‘armasining 1900 yilgi Nizomiga binoan, mukofotning har bir laureatiga katta miqdorda pul, tegishli diplom va Alfred Nobel portreti hamda imzosi tushirilgan maxsus medal topshiriladi. 1975 yili iqtisod bo‘yicha Nobel mukofoti asli sobiq ittifoqdan bo‘lgan Leonid Kantorovich va amerikalik Tyalling Kupmansga topshirilgan. Ammo taqdirlash marosimida ikkisining medali adashmovchilik natijasida almashtirib qo‘yilgan. Laureatlar faqat 4 yildan keyingina uchrashib, o‘zlariga tegishli medalni olishgan. Yana bir qiziq voqea: fizik Nils Bor ikkinchi jahon urushi yillari Daniyadan Shvesiyaga ko‘chib o‘tishni rejalashtirgan, ammo medalni o‘zi bilan olishi katta tavakkal sanalgan. Chunki nemislar tomonidan bosib olingan hududlarda oltin eks­porti qat’iyan ma’n etilgandi. Shuning uchun Bor medalni eritib qo‘yadi. Urushdan keyin esa eritmadan oltin ajratib olinadi va Bor uchun yangi medal yasab beriladi. To‘g‘ri, fizik olim arxivida bu voqea tasdiqlanmagan. Yana bir ma’lumotga ko‘ra, uning medali 1940 yili Finlyandiya qishki urushga yordam berish jamg‘armasi uchun auksionda sotilgan. Lekin Nobel medalini eritish jarayoni amaliyotda kuzatilgan, baribir. Xususan, fizik olimlar Maks fon Laue va Jeyms Frank o‘z medallarini shu tariqa saqlab qolishgan. Urushdan ke­yin esa Nobel jamg‘armasi ularga yangi medal bergan.

Nobel mukofotI medali haqida

** Medallar dizayn jihatidan farqlanadi, lekin fizika va kimyo sohasiniki bir xil.

** Medallar 1980 yilgacha 23 karat oltindan yasalgan. Keyin tarkibi o‘zgargan: 18 karat yashil va 24 karat sof oltin.

** Har bir medalning vazni taxminan 175 gramm­ga teng. Diametri - 66 mm., qalinligi - 5,2 mm.

** Medallar Eskilstun (Shvesiya) va Kongsberg (Norvegiya) shaharlarida ishlab chiqariladi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 16:50, 18.03.2023.
O'qildi: 2930 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.