Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Temurxo‘ja Abduxoliqov: «Haqiqiy emosiyalarni yil oxirida ko‘rishingiz mumkin»

Temurxo‘ja Abduxoliqov: «Haqiqiy emosiyalarni yil oxirida ko‘rishingiz mumkin»

Baho:
+ | -

Yaxshi do‘st jon ozig‘i deganlaridek yaxshi suhbatdosh ham kishiga ruhiy tetiklik, o‘ziga xos kayfiyat ulasha oladi.

 Ayniqsa, u siz sevgan soha vakili, aytaylik futbol kishisi bo‘lsa. Biz aynan shunday yaxshi suhbatdoshga bo‘lgan ehtiyoj yuzasidan «Navbahor» klubi qarorgohiga tashrif buyurdik hamda jamoa hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqovni suhbatga tortdik.

- Mavsum avvalida «Navbahor» sizdek tajribali va mahoratli hujumchini qay tariqa «o‘ziniki» qila oldi?

- Yaxshi bilasiz, Namanganga katta futbol havosi kirib kelganiga ancha bo‘lgan. «Navbahor» esa oldingi mavqe’ini tiklash bilan bir qatorda undanda kattaroq marralarni zabt etishni maqsad qilgan. Bu jamoa meni nimasi bilan qiziqtira oldi? Birinchi galda maqsadi. Bu yil klub oldiga chempionat va kubok o‘yinlarida maksimal natijaga erishish, qolaversa, OCHL saralash bahslaridan muvafaqqiyatli o‘tib guruh bosqichiga yo‘l olish vazifa qilib belgilangan. Jamoaga kelib qo‘shilishimning asosiy sabablari aynan shular.

- Namanganlik muxlislar qay darajada talabchan ekanliklaridan xabaringiz bo‘lsa kerak. Bu yerda muxlislar bosimini yenga olgan futbolchilargina o‘zini ko‘rsata olishadi... 

- «Navbahor»ga kelishimning sabablaridan biri shu bosimni his qilish edi. Nazarimda o‘zini hurmat qilgan har qanday futbolchi mana shunday maqsadli jamoa, o‘ziga xos bosim va raqobat hamda muxlislar tomonidan katta aura tashkil qilinadigan jamoada to‘p surishni xohlaydi. Men ham shuni o‘zim xohladim. Namanganda futbolchilarni katta auditoriya qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa jamoa a’zolarining o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Kattagina muxlislar armiyasiga ega bo‘lgan jamoada o‘ynash hamisha yoqimli. «Navbahor»ni tanlashimda bu jihatni ham alohida e’tiborga oldim.

- Qisqa fursat ichida «Nav­bahor»ning muhim futbolchilaridan biriga aylandingiz. Demak, jamoaga moslashish jarayoni va umuman olganda hammasi jo­yida, shundaymi?

- Albatta, bu borada nafaqat menga balki barcha futbolchilarga murabbiylar shtabidan tortib klub oshpazi va shifokorlari, umuman barcha xodimlari nimaiki qulaylik kerak bo‘lsa, yaratib berishyapti. Futbolchi o‘zini qanchalik qulay his qilsa kirishib ketishi ham shuncha oson bo‘ladi. Ochig‘i, bu borada ortiqcha qiyinchilikka duch kelmadim.

- «Paxtakor»ga qarshi safarda kechgan uchrashuvda «Navbahor» muxlislariga javob qaytarishga uringan Shahzod Azmiddinovga keskin e’tiroz bildirdingiz. Bunday futbolchilarni muxlislar qadrlashadi...

- Har qanday holatda ham futbolchining muxlislar hatti-harakatiga javob qaytarishi noto‘g‘ri, deb hisoblayman. O‘sha vaziyat aslida qizil kartochka bilan jazolanadigan holat ekan, ammo hakam nima uchundir bunga jiddiy e’tibor qaratmadi. Ha, o‘yin davomida asabiylashish va emmosiyalar bo‘ladi lekin futbolchi bunday vaziyatlarda sovuqqon bo‘lishi talab etiladi. Azmiddinov noto‘g‘ri ish qildi. Extimol biroz yoshligi va qiziqqonligi pand bergandir. Ochig‘i, shu paytgacha muxlislar maydonga buyum uloqtirsa uni tribunaga qarata uloqtirgan futbolchini endi ko‘rishim. «Navbahor» muxlislari u yerda bizni qo‘llab-quvvatlashayotgandi. Ularni ham himoya qilishni bilish kerak. O‘sha vaziyatda nafaqat men, balki istalgan futbolchi Shahzodni koyishi mumkin edi.

- Umuman olganda bu yil shu kabi ko‘ngilsiz hodisalar ko‘p uchramoqda. Aytaylik, provakasion harakatlar, provakasiyaga uchish... Qizil kartochkalar soni ham bu mavsumda odatdagidan ko‘proq kuzatilyapti. Bunday holatlar ko‘lga kiritiladigan har bir ochkoning qadri baland bo‘layotganidan yuzaga kelmayaptimikin?

- Bilasizmi, hozirgi futbolda birgina epizodni yutqazib qo‘ysangiz bu jiddiy xatoga olib kelishi mumkin. Shu sababli o‘yinlar o‘ziga yarasha bosim va hissyot ostida o‘tmoqda. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham futbolchi o‘zini jilovlay olishi va sovuqqon bo‘lishi lozim. Qizil kartochkalarning soni ko‘payib ketgani esa VAR aralashuvi natijasida yuzaga kelyapti, deb o‘ylayman. Misol uchun, hakamlar ko‘rmay qolgan epizodlarda VARdagi hakamlar ma’lumot yetkazib turishibdi.

- Bugungi «Navbahor»da istalgan futbolchi havas qiladigan barcha narsa bor. Shunday ekan, bu jamoadagi faoliyatingizda futboldan qay darajada rohat olyapsiz?

- Bu savolga butun jamoa nomidan javob berishim mumkin. Eng asosiysi biz futbolchilarni namanganlik muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi va rahbariyatning e’tibori nihoyatda xursand qilmoqda. Ayni damda barchamiz bu yil chempionlikni qo‘lga kiritish haqida o‘ylayapmiz. Ha, o‘ziga yarasha kamchiliklarimiz bor, xatolar uchrab turibdi, lekin unutmang-ki, biz hamisha g‘alabani ko‘zlagan holda maydonga tushib kelyapmiz va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Bu futbol - o‘yinimiz ba’zida o‘xshayapti, ba’zan esa yo‘q. Ammo maqsad bitta. Nasib qilsa, chempion bo‘lsak, haqiqiy emosiyalarni yil oxirida ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi.

- «Navbahor» har yili o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yib kelmoqda, ammo yakunda nimadir yetishmay qolyapti. Ana o‘sha yetishmayotgan narsa chempionlik ruhi emasmikin?

- Ehtimol shundaydir. Bu futbolchiga emas, balki murabbiylar shtabiga beriladigan savol, deb o‘ylayman. Ochig‘i, nima yetishmayotganini bilganimizda shu kamchilikni barataraf etishga harakat qilgan bo‘lardik. Futbolda kichik detallar bo‘lmaydi. Hatto e’tiborsiz qoldirilgan arzimagan narsalar ham yil oxiriga kelib qimmatga tushishi mumkin.

- 2017 yil «Al-Sayliya» (Qatar)va 2019 yil «Xor Fakkan» (BAA)dagi faoliyatingiz orqali sobiq jamoangiz «Lokomotiv»ga umumiy hisobda 1 mln. 850 ming dollar miqdorida foyda keltirgansiz. Mana shu transferlar bilan kimlar ishlagandi?

- Mazkur transferlarda agentlar ish olib borishgandi. Bunga OCHLdagi o‘yinlarim turtki bo‘lgandi, deb o‘ylayman. Bu jamoalarga ko‘chib o‘tishim ortidan kelib tushgan summa siz keltirib o‘tgan darajada katta bo‘lmagan. Bu menimcha shunchaki qog‘ozdagi raqamlar bo‘lsa kerak.

- Faoliyatingizdagi eng katta maoshni qaysi jamoa­da olgansiz?

- Xorijda o‘ynagan klublarim orasida Qatarda («Al-Sayliya») eng ko‘p maosh to‘lashgan. O‘zbekistonda esa «Qizilqum» va «Navbahor». Ikkala jamoa bilan ham bir xil summaga kelishilgan.

- O‘zbekistonda yoinki «Navbahor»da mo‘ljalingizdagi mablag‘ni ishlab topa olyapsizmi?

- Nima desam ekan... barchamiz ham odammiz, bugun o‘n so‘m topsak, ertaga bir so‘m topishimiz mumkin. Muhimi topganimizni yaxshilikka ishlatsak bo‘lgani. Aytishadiku, olganim emas, bergani meniki deb.

- Yurtimizda asta-sekin xususiy jamoalar soni ortib bormoqda. Bundan tashqari yaqin yillar ichida ko‘plab nomdor klublarimiz xususiy sarmoyadorlar qo‘liga o‘tishi kutilmoqda. Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, o‘n yildan so‘ng futbolimiz darajasi qay ko‘rinishda bo‘lishini tasavvur qila olasizmi?

- Agarda shu ketishda davom etadigan bo‘lsak Insha Alloh rivojlanamiz. Yaqin yillar ichida futbolimiz yangi darajaga ko‘tarilishiga shubha qilmayapman. Sababi hozirda kelishilgan o‘yinlar va uchga-uch o‘yinlar soni keskin kamaydi. Kelgusida ham halol o‘yin tarafdorlari ko‘paysa buning natijasida raqobat oshadi. Raqobat ortishi esa o‘z-o‘zidan o‘sishni ta’minlaydi. Bu jarayon, tabiiyki futbolchilar va jamoalarimizga ham foyda keltiradi. Bularning barchasi o‘zbek futbolining o‘sishiga yordam beradi.

- Siz uchun qay biri muhim: jamoaga gollaringiz bilan yordam berishmi yoki jamoaning bir bo‘lagi sifatida chempion bo‘lish?

- Jamoaning bir bo‘lagi sifatida chempion bo‘lish. Albatta, gollar urib yordam berish ham yaxshi, lekin ikkisidan birini tanlash kerak bo‘lsa, chempionlikni tanlayman. Shaxsiy manfaatlardan ko‘ra jamoa muvafaqqiyati men uchun muhimroq. Ertaga mavsum yakunida hamma ham kim chempion bo‘lganligiga e’tibor qaratadi. Kim to‘purar bo‘lganligi esa ikkinchi darajali masala. Masalan, oxirgi o‘yinimiz «Turon»ga qarshi uchrashuvda men gol ura olmadim, lekin jamoamiz g‘alaba qozondi. Agarda men gol urgan bo‘lsam ham jamoa imkoniyatni boy berib qo‘ysa, bu mutlaqo yoqimsiz holat. To‘g‘ri, gol urganligim uchun o‘zimda ijobiy nimanidir his qila olishim mumkin, lekin qariyib butun bir viloyatning kayfiyati tushkun holda bo‘ladi. Shuning uchun muhimi jamoam g‘alabasi.

- O‘tgan mavsum «Qizil­qum»da yuz bergan vaziyat haqida so‘ramoqchi edim. Bilishimizcha jamoadan Hamidjon Aktamov ketgach, u olib kelgan futbolchilarga bo‘lgan munosabat o‘zgargan. Bu haqda nimalarni ayta olasiz?

- Ha, haqiqatdan ham o‘tgan yilgi jamoani Hamidjon Aktamov yiqqan edi. «Qizilqum»ga yangi rahbariyat tayinlangach Aktamov ishdan bo‘shatildi. Natijada bizning bu mutaxassis bilan shartnomada ko‘rsatilgan bandlardan tashqari kelishuvimiz va bir-birimizga bergan va’dalarimiz amalga oshmay qoldi. Bu masalada jamoa boshqaruvidagilar bilan gaplashganimizda faqatgina shartnomadagi bandlarni ro‘kach qilishdi va qolgan masalada kim bilan gaplashilgan bo‘lsa o‘shaning oldiga borishimiz ta’kidlandi. Menimcha, ularning eng katta xatolaridan biri ham aynan shunda bo‘ldi. Sababi, o‘sha vaqtdagi hech narsa o‘zgarishsiz qolganida edi «qizilqum» mavsumni yuqori o‘rinlarda yakunlagan bo‘lardi.

- To‘purarlar poygasida doimiy peshqadam - Dragan Cheran bu yil ham ta’qibchilardan sezilarli darajada katta farq bilan oldinda bormoqda. Naxotki, Superligamizda unga raqobat ko‘rsata oladigan hujumchi topilmasa?

- Cheran juda kuchli futbolchi. Uning o‘yini menga yoqadi. Lekin shu o‘rinda  uning atrofida yig‘ilgan ijrochilarni ham esdan chiqarmaslik kerak. «Paxtakor»da bir-biriga to‘pni ko‘zini yumib ham yetkazib bera oladigan, uzoq yillardan buyon birga o‘ynab kelayotgan futbolchilar mavjud. Ular maydonda qora ishlarni bajarishadi va Cheranga vaziyat taqdim qilib bera olishadi. Bu bilan Cheranning salohiyatini past baholamoqchi emasman. U aqlli o‘yinchi. Shunchaki, uning atrofida bir necha yillardan buyon birga o‘ynab kelayotgan ijrochilar jamlanganligini ta’kidlayapman, xolos. Raqobat bor, nasib qilsa o‘zimizdan ham Cheranga tenglashadigan hujumchilar yetishib chiqadi.

- Bolalikda qaysi o‘zbek futbolchilariga havas qilardingiz?

- Maksim Shaskixga. Bolaligimdan Yevropa Chempionlar ligasini ko‘rib ulg‘ayganman. Bu turnirda esa milliy futbolimiz vakillaridan birgina Shaskix ishtirok etardi. Uning o‘yinlari o‘zgacha zavq bag‘ishlardi.

- Ukangiz Orifxo‘ja Abduxoliqovning bugungi faoliyatidan ko‘nglingiz to‘l­yaptimi?

- Shunday desam ham bo‘ladi. Aslini olganda bundanda yaxshiroq o‘ynashi va yuqoriga intilsa ham bo‘ladi. Lekin, nasib qilgani bo‘ladi, deyishadiku. Taqdirdan qochib qutulib bo‘lmaydi.

Davomi bor. Mazkur suhbatni to‘liq holda InterFUTBOL nashrimizning 4 may kungi payshanba sonida o‘qishingiz mumkin.

XURSHIDBEK suhbatlashdi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 13:16, 04.05.2023.
O'qildi: 1125 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.