Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Andre Ayyu Gana–O‘zbekiston o‘yinini hali unutgan emas...

Andre Ayyu Gana–O‘zbekiston o‘yinini hali unutgan emas...

Baho:
+ | -1

Gana yoshlar termasi 2009 yilning oktyabr oyida Misr mezbonlik qilgan U-20 toifasidagi jahon chempionati finalida Braziliya jamoasini yengib (0:0dan keyin penaltilar seriyasida 4:3), tarixga kirgandi.

O‘sha hal qiluvchi bahsda «qora yulduzlar» milliy jamoasining bugungi sardori Andre Ayyu ham qatnashgandi. Demakki, Gana futboli faxri o‘z mamlakati uchun olamshumul voqelikka aylangan Misr mundialini juda yaxshi eslaydi. Tabiiyki, 33 yoshli hujumkor yarim himoyachi kichik JCH-2009 taassurotlari haqida so‘z ochilsa, o‘zgacha qo‘msashni tuyadi. Mana, «Nottingem Forest»ning ganalik legioneri FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida o‘sha turnirni butun faoliya­tidagi eng go‘zal xotira sifatida tilga oldi. U jumladan, guruh bosqichi 1-turida O‘zbekiston termasiga qarshi kechgan o‘yin o‘ta og‘ir kechganini alohida ta’kidladi.

- Andre, 2009 yili Gana yoshlar terma jamoasi safida U-20 belgisi ostidagi JCHda zafar quchgansiz. O‘sha chempionlik shaxsan siz uchun nimani anglatadi va uning faoliyatingizga ta’siri qanday?

- O‘sha g‘alaba butun Ganaga katta quvonch bag‘ishlagani o‘z-o‘zidan tushunarli, bizga esa qiyosi yo‘q sharaf va g‘urur keltirgandi. Binobarin, hech kim bizdan oltin medal yutishimizni kutgan emas. Zero, o‘sha mundialga qadar Afrikaning biror vakili bu yosh toifasida jahon chempioni bo‘lmagandi. Misr voqeliklari hamon butun faoliyatimdagi eng yaxshi lahzalar bo‘lib qolmoqda. Haligacha Ganaga qaytganimizda, ko‘chalarda nimalar ro‘y bergani xayolimdan ketmagan. Go‘yoki, mamlakatimiz futbol ichra suzgandi. O‘zi biz aynan shunday lahzalar uchun o‘ynaymiz. Faoliyatim davomida bir necha ajoyib g‘alabalarni ko‘rdim, ammo Misrdagi zafar nafaqat Gana, balki butun Afrikaga shodlik ulashgani tufayli boshqa daraja, baribir. Chempionlik shaxsan mening futbol yo‘limni yoritib bergani ham ayni haqiqat. 

- Misr mundiali finalida dahshatli Braziliya termasiga qarshi maydonga tushgansizlar. Jamoangiz o‘sha o‘yin­ga qanday shaylangan edi?

- Avvalo, aytish kerak, Gana va Braziliya futboli o‘rtasida yoshlar miqyosida alohida tarix shakllangan. Deylik, o‘sha o‘zaro uchrashuvimizdan oldin ham ikki jamoa qarama-qarshiligi hamisha keskin tus olgan. To‘g‘risi, Misrda «selesao» bilan finalgacha to‘qnashishni aslo xohlamagandik. Zero, Braziliya termasi turnirga asosiy favorit maqomida borgandi. Final esa butunlay boshqa masala. Shu o‘yin tarixga kirish uchun ajoyib imkoniyat ekanligi, buni qo‘ldan chiqarishga haqqimiz yo‘qligini teran anglagandik. Qisqasi, o‘zimizni jahon taxtidan atigi 90 yoki 120 daqiqalik uzoqlikda turganimizga qalban ishontirganmiz.

- Yoshlar terma jamoasi sardori sifatida qaysi bos­qichda butun yo‘lni bardam bosib o‘tishinglar mumkinligini tushungandingiz?

- Esimda, O‘zbekiston termasiga qarshi kechgan birinchi o‘yinimiz o‘ta murakkab tus olgandi. Binobarin, raqib hisobni ochdi va anchagacha tartibli himoyalandi. Muhimi, bor kuchni ishga solib, yakunda g‘alabani o‘z tomonimizga og‘dirdik va shu bilan bosimni nari surdik. Keyin Angliya termasini osongina mahv etdik - 4:0. Ehtimolki, birinchi bahsda iroda ko‘rsatolmaganimizda, keyingilarida qiynalarmidik... Chorak finalda Janubiy koreyaliklarni mag‘lub etganimizdan so‘ng Jonatan Mensa, Muhammad Rabiya, Samuel Inkum, Emmanuel Badu va Daniel Opare bilan oshxonaga kirdik. Shunda ularga baralla xitob qilganimni sira unutmayman: «Yigitlar, eshitinglar, ushbu jahon kubogini bemalol Ganaga tortiq eta olamiz». Yarim finalda Vengriya termasiga qarshi o‘yin kutib turgandi. Tabiiyki, katta musobaqalarning ushbu raundida g‘alabaga xohish katta rol o‘ynaydi. Biz esa ishtiyoqqa to‘la edik. Qolaversa, yarim finalga qadar o‘yinlar va tinimsiz mashg‘ulotlar vositasida ancha-muncha tajriba to‘plashga ulgurgandik. Shuning barobarida jamoaviy muhit, o‘zaro muloqotga ham katta e’tibor qaratdik. Yakunda barcha sa’y-harakatlarimiz ruhiyatimiz va fikrlashimizda o‘z aksini topdi. Oddiy ayt­ganda, final arafasida bir-birimizga juda yaqin edik va ko‘p narsani shu holat hal qildi.

- Braziliya yoshlar termasi mahv etilganidan keyin muvaffaqiyatni milliy jamoa­lar miqyosida ham davom ettirdinglar. Aniqrog‘i, U-20 mundialida porlagan 5 nafar futbolchi (Andre Ayyu, Daniel AgYE, Samuel Inkum, Jonatan Mensa va Dominik Adiyya) atigi bir necha oydan so‘ng JAR-2010 mundiali chorak finaliga chiqdi...

- Shunday. Lekin ko‘pchilik negadir JAR mundialidan oldin aynan 2010 yili Angolada tashkillashtirilgan Afrika Millatlar kubogida finalga yetib borganimizni eslamaydi. Qit’a chempionatiga Misrdagi kichik mundialdan atigi 3 oy o‘tib yo‘l olgan va hal qiluvchi bahsning so‘nggi daqiqalaridagina gol qo‘yib yuborib, misrliklarga yut­qazgandik. O‘sha finalda maydonda 9 kishi bo‘lib qolganimiz pand bergani tayin. Aks holda, tarixiy «dubl»ni rasmiylashtirardik. Qisqasi, 20 yoshlilar chempionatida yaxlit kuchga aylanganimiz keyingi turnirlarda katta yordam berdi. Chunonchi, bir-birimizni so‘zsiz tushunardik va buni JARda o‘tkazilgan jahon chempionatida ham ko‘rsatdik. O‘z qit’amiz - uyda o‘ynaganimiz uchun ham hafsalani pir qilishga haqqimiz yo‘q edi. Asosiysi, katta chorlovga tayyor edik va o‘ylaymanki, JCH chorak finaliga chiqqanimizda ajablanadigan tomoni yo‘q edi. Aslida yanada ko‘prog‘ini ko‘zlaganimiz ham rost. JARda kuchli to‘rtlikka kirishimiz hech gap emasdi, biroq nasib qilmadi, bunisi endi tariximizning yangi qismi...

- U-20 mundiali mavzusiga qaytsak, ushbu yosh toifasida jahon chempioni bo‘lish uchun avvalo, nima kerakligini ayta olasizmi?

- Albatta, avvalo, iste’dod talab etiladi. Ha, yoshlar mundiali Afrika, Yevropa yoki Janubiy Amerika chempionati ham, kattalar o‘rtasidagi JCH ham emas, lekin unda raqobat yirik turnirlar darajasiga ancha yaqin. Deylik, bugungi kunda ushbu yosh toifasiga mansub ko‘plab yigitlar allaqachon professional miqyosda o‘ynab, nom qozonmoqdalar.

- Yaqinda Argentinada boshlanadigan kichik mundialda Afrika sharafini Senegal, Tunis, Nigeriya va Gambiya yoshlar termalari himoya qiladi. Sizningcha, qaysi birida qit’a futboliga plyus keltirish imkoniyati ko‘proq?

- Futbol haqida gap ketar ekan, Afrika qit’asi bir butundir. Bilishimcha, ayni payt Senegal yoshlar termasi juda yaxshi holatda. Bu jamoa Argentinaga Afrika chempioni sifatida boradi, tarkibida haqiqiy iqtidorlar jamlanishgan. Gambiya jamoasining JCHga yo‘l olganida mamlakat futbol federasiyasining tizimli ishi katta rol o‘ynaganini alohida ta’kidlash kerak. Gambiyalik yoshlar o‘rtasidagi oxirgi qit’a chempionatida juda kuchli taassurot qoldirishdi va jamoa shundan buyon yanada kuchayganini taxmin qilish mumkin. Tunisda esa ortiqcha shov-shuvsiz qat’iyatli jamoa yig‘ishdi, nigeriyaliklar turnirlarga hamisha katta maqsadlar bilan borishga odatlanishgan. Xullas, Afrikaning eng kuchli jamoasi g‘alaba qozonsin va qit’a futbolini ulug‘lasin!

BIR O‘YIN TARIXI

U-20 toifasidagi JCH-2009ga Ahmad Ubaydullayev boshqaruvida borgan O‘zbekiston yoshlar termasi «D» guruhida Gana (1:2), Urugvay (0:3) va Angliya (1:1) jamoalariga qarshi o‘ynagan va yakunda 3-o‘rinni band etib, kurashni to‘xtatgan edi. Ismoiliya shahrida ganaliklar bilan bo‘lgan o‘yin chindan ham, o‘ta murakkab tus olgan va yoshlarimiz yakunda alamli mag‘lubiyatni tan olgandilar. 

2009 yil 26 sentyabr

JCH-2009 (U-20).  «D» guruhi. 1-tur

GANA - O‘ZBEKISTON - 2:1 (0:0)

Ismoiliya (Misr). «Ismoiliya» stadioni. 12500 tomoshabin. 

Bosh hakam: Alberto Undiano

 Malyenko (Ispaniya).

Gollar: Rensford Osey (60), Dominik Adiyya (75) - Sherzod Karimov (47).

Gana (boshlang‘ich tarkib): Daniel AgYE, Samuel Inkum, Jonatan Mensa, Daniel Addo, Devid Eddi, Emmanuel Badu, Opoku Agyemang, Andre Ayyu, Muhammad Rabiya, Rensford Osey, Dominik Adiyya.

Zaxira: Gladson Avako, Abeyku Kuansa, Latif Salifu, Gandi Kassenu, Daniel Opare, Filip Boampong, Robert Dabuo, Jon Benson, Yarki Addae, Jozef Addo.

Bosh murabbiy: Sellas Tette.

O‘zbekiston (boshlang‘ich tarkib): Sanjar Quvvatov, Sherzod A’zamov, Dilyor Ermatov, G‘ulom O‘runov, Murod Xolmuhammedov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Sunnatilla Mamadaliyev, Sherzod Karimov, Oybek Qilichev, Jasur Hasanov, Kenja To‘rayev.

Zaxira: Muhiddin Xudoyorov, Sarvar Otaboyev, Kamoliddin Tojiboyev, San’at Shixov, Davron Mirzayev, Doston Abdurahmonov, Ivan Nagayev, Sardor Mirzayev, Zohir Pirimov, Doniyor Usmonov.

Bosh murabbiy: Ahmad Ubaydullayev.

Manba: fifa.com, MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:01, 06.05.2023.
O'qildi: 3245 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.