APLdek eng kuchli chempionatda 100dan ortiq gollarni urgan, shuningdek, liganing eng mohir darvozaboni unvoniga sazovor bo‘lgan futbolchilar orasida YECHLdek eng nufuzli klub turnirida ishtirok etish baxtiga musharraf bo‘lmaganlari ham yo‘q emas.
Ishonish qiyin, lekin bu haqiqat. Quyidagi material ana shu armonli afsonalar haqida.
Darvozabon - Nevill Sautxoll
Qayiqchi, yordamchi ishchi, farrosh, chiqindi tashuvchisi - futbol olamiga kirib kelguniga qadar Katta Nev turli-tuman oddiy ishlar bilan shug‘ullangan, yakunda Britaniya futbolining yorqin afsonalaridan biriga aylandi. Afsuski, «Yil o‘yinchisi» sifatida e’tirof etilgan «Everton» darvozabonining eng ochilgan davri Xeyzel fojiasi tufayli ingliz klublariga xalqaro musobaqalarda qatnashish ta’qiqlangan paytga to‘g‘ri keldi. Biroq Sautxoll hozir o‘z muxlislariga «Tvitter»dagi nufuzli tanqidchi sifatida tanilmoqda.
O‘ng qanot himoyachisi - Stiven Karr
Ochig‘ini aytganda, himoya chizig‘i - muammoli pozisiya. Uyda xotirjam o‘tirib olib, jamoangizning o‘ng qanot himoyasidagi Stiv Uotson yoki Aaron Xyuzning ustunliklari xususida mulohaza yuritsangiz, muammolar yetarli ekanligini tushunib yetasiz. Ayniqsa, hamrohingiz FFT vakili bo‘lsa. Bu futbolchi 10 yil «Tottenxem» safida to‘p surib, «taqachilar»ning saviyali jamoaga aylanishiga munosib hissa qo‘shdi va 2004 yilda «Nyukasl»ga o‘tib ketdi. Shu sababli YECHLdan yiroq bo‘ldi.
Markaziy himoyachi - Garet Sautgeyt
Angliya terma jamoasining amaldagi bosh murabbiyi - ochiq yuzli, odobli va xushmuomala inson. Diqqat-e’tibor bilan quloq solsangiz, «Kristal Pelas», «Aston Villa», «Midlsbro» jamoalarining sobiq himoyachisi UEFA Kubogi doirasidagi 32ta uchrashuv haqida yoqimli fikrlarini eshitasiz. Sautgeytning ixcham uslubi Yevropa futboliga juda mos tushgandi, ammo YECHLda maydonga tushish nasib etmadi.
Markaziy himoyachi - Pol MakGrat
PFA tasnifi bo‘yicha APLning 1992|1993 yillar mavsumidagi birinchi raqamli futbolchisi tizzasidagi surunkali xastalik tufayli shu qadar uzoq vaqt mashg‘ulotlarda qatnasha olmadiki, Aleks Fergyuson unga 100 000 funtlik nafaqa paketini hadya etdi. Biroq Irlandiya terma jamoasining a’zosi «MYU»ga emas, balki «Aston Villa»ga yo‘l oldi, uzoqroq to‘p surish uchun ichkilik illatidan voz kechdi. Lekin «MYU» bilan YECHLda to‘p surish imkoniyatini ham yo‘qqa chiqardi.
Chap qanot himoyachisi - Leyton Beyns
Biz ham avval ishonmagandik, faqat endi bildik: Beyns nufuzli turnirning saralash bosqichida maydonga tushish ham nasib etmagan ekan. Vaholanki, «Everton» yangi asrning dastlabki yillarida APL yetakchilari safida yurgandi. Himoyada ham, hujumda ham liganing barqaror o‘yinchilaridan biri bo‘lgan Bazzada Devid Moyes ortidan «MYU»ga yo‘l olish va YECHLda o‘ynash imkoniyati bor edi. Biroq u sobiq ustozining taklifini rad etdi.
Hujumkor yarim himoyachi - Mett Le Tissye
Mashg‘ulotlarga borib kelish chog‘ida kolbasa va tuxum tanavvuliga odatlanib qolgan iqtidorli pleymeyker o‘zining 16 yillik faoliyatini nomdor klublarning chorlovlarini rad etgan holda «Sautgempton»da o‘tkazdi. «Oilamiz futbolga mahliyo bo‘lib qolgandi. Biz har hafta APLning eng sara lavhalari va Mettning ajoyib gollarini tomosha qilardik», - degandi Xavi 2016 yilda FFT vakiliga. Tengi yo‘q sardorni YECHLdan ko‘ra bolalikdagi Le Tiss ko‘proq qiziqtirgan bo‘lsa, ne ajab.
Qanot yarim himoyachisi - Darren Robert Anderton
Anderton 18 yillik faoliyatida «Portsmut», «Tottenxem» va Angliya terma jamoasi liboslarida 600dan ortiq uchrashuvlarda maydonga tushdi. Fergyusonning taklifini qabul qilganida, YECHLda albatta ishtirok etgan bo‘lardi. Yakunda qanot yarim himoyachisi qit’a miqyosidagi musobaqalarda bir daqiqa ham ko‘rinish bermadi.
Yarim himoyachi-hujumchi - Klint Dempsi
APL tarixida noyob iqtidorlar yetarli bo‘lgan, lekin ularning ko‘pchiligi amerikalik kasbdoshlaridek samarali to‘p sura olishmagan. Dempsi «Fulxem» va «Tottenxem»dagi 275ta o‘yinda 75ta gol urgan, YELda finalgacha ko‘tarilgan, ammo «taqachilar»ning YECHLdagi ishtirokidan chetda qolgandi.
Hujumchi - Paolo Di Kanio
Darhaqiqat, na «Sheffild Uensdey», «Vest Xem» va «Charlton» va na «Seltik», «Lasio», «Milan» yoki «Yuventus»da Paologa eng nufuzli musobaqada to‘p surish nasib etdi. Italiyalik afsona 1993 yilda UEFA Kubogining «Borussiya Dortmund»ga qarshi ikkala final bahsida «Yuventus» zaxirasidan maydonga tushib sovrindor bo‘lgan, 1995 yilda «Milan» safida UEFA Superkubogi sohibiga aylangan, lekin YECHL unga ham armon bo‘lib qolgandi.
Hujumchi - Yan Rayt
«Arsenal»dagi zafarli 1997|1998 yillar mavsumi yakunida «Vest Xem»ga sotib yuborilgan afsonaga shundan keyin birorta xalqaro turnirda maydonga tushish nasib etmadi, 1994 yilda qo‘lga kiritilgan UEFA Kubogi Raytning oxirgi sovrini bo‘lib qoldi.
Hujumchi - Les Ferdinand
Risarlik unvoniga sazovor bo‘lgan ser Les APLdagi faoliyatida hujumchilikning turli bosqichlarini bosib o‘tdi. «KPR»dagi chaqmoqsifat o‘smir «Nyukasl» va «Tottenxem»da halokatli taran, «Vest Xem», «Lester» va «Bolton»da keksayib qolgan faxriy rollarini ijro etdi. APL to‘purarlari ro‘yxatida 9, o‘rindan joy olgan hujumchi 1 marta «hakkalar» safida UEFA Kubogida ishtirok etdi.
Zaxira: Devid Jeyms
APL tarixidagi 4-futbolchi uchun anchayin nomunosib pozisiya. Jamo faqat Katta Nev uchun zaxira bo‘lishga loyiq o‘yinchi edi. Uning UEFA Kubogi va kubok egalari Kubogi turnirlarida «Liverpul», «Aston Villa» hamda «Portsmut» tarkiblarida namoyish etgan betakror o‘yinlari Uelvin-Garden-Sitining mashhur shaxslaridan biriga aylantirdi.
Zaxira: Sten Kollimor
Bu futbol afsonasi ham «Aston Villa» va «Liverpul» klublari sharafini UEFA Kubogi va kubok egalari Kubogi turnirlarida munosib himoya qildi. Lekin YECHL muxlislarini ajoyib tomoshadan bahramand eta olmadi.
Zaxira: Trevor Sinkler
Sinkler «Man.Siti» va «Vest Xem» tarkiblarida YEFA Kubogi turnirlarida maydonga tushgan. Biroq JCH bellashuvlari uning xalqaro tajribasi qay darajada ekanligini isbotlagandi.
NamDU talabasi